Hech bir muzeyda uchramaydigan eksponatlar Oʻzbekistondagi megaloyiha ekspozitsiyasidan oʻrin oladi
Toshkent tarixiga qiziqasizmi? Endi siz bugungi poytaxtning bronza davridan to ilk oʻrta asrlargacha boʻlgan voqeliklarini bir joyda koʻrishingiz mumkin. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasi yangi topilmalar va xaritalar bilan boyimoqda.
Bugun Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzey ekspozitsiyasi boʻyicha muhokama boʻlib oʻtdi. Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari boʻlimiga bagʻishgangan muhokamada tarix fanlari doktori Jannat Ismoilova boshchiligidagi guruh aʼzolari, markaz xodimlari va tegishli tashkilotlar, loyiha mualliflari ishtirok etishdi.
Oʻzbekistondagi megaloyiha muzeyining mazmunan boy va mantiqan uygʻun tarzda tashkil etilishi uchun olimlar, tarixchilar va mutaxassislar tomonidan ilmiy tahlillarga tayangan holda xaritalar tuzilgan. Jumladan, Chochning bronza va ilk temir davrlariga oid yodgorliklari, ularning landshaftdagi joylashuvi, “Burgulik madaniyati”ga oid obʼektlar va maʼlumotlar vizual tarzda aks ettirilgan. Antik davr — Qovunchi madaniyatiga oid shahar va qishloqlar, shuningdek, ilk oʻrta asrlardagi qabristonlar, dafn udumlari, ostodonlar bilan bogʻliq maʼlumotlar ham xaritalarda oʻz ifodasini topgan.
– Bugungi kunda biz Toshkent vohasi va qadimgi Choch tarixiga bagʻishlangan katta loyiha ustida ishlayapmiz. Bu yoʻnalishda koʻplab ishlar amalga oshirildi. Arxeologik ekspeditsiyalar tashkil etib, qazishmalar olib bordik. Shu asosda topilgan noyob ashyolarni yigʻib, muzeyga taqdim etish uchun tayyor holga keltirdik.
Bu ashyolar avval mavjud muzeylarda uchramagan, yaʼni yangi topilmalar. Ular xalq qoʻlidan olingan, shuningdek, arxeologik tadqiqotlar jarayonida aniqlangan. Biz uchun muhim jihat — bu ashyolarning ilmiy qadri bilan birga, ular orqali tomoshabinga tarixiy voqelikni yaqinlashtirish, jonlantirish imkoniyati borligidir. Bu — bizning ishimizdagi eng masʼuliyatli va gʻururli tomonlardan biri, — deydi tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent Dilmurod Normurodov.
Muzey ekspozitsiyasiga keluvchi mehmonlarga tushunarli va qiziqarli boʻlishi uchun har bir obʼekt haqida qisqa, ilmiy asoslangan matnlar tayyorlangan. Bu nafaqat ekspozitsiyaga maʼlumot berish, balki tomoshabinda tarixiy voqelik haqida yaxlit tasavvur uygʻotishga xizmat qiladi.
Yigʻilishda shuningdek, bir qator yirik loyihalar — Qadimgi Baqtriyaga oid materiallar, Mugʻ togʻi boʻyicha medialoyiha, Tuproqqalʼaning 3D modellashtirilishi, Xorazmning qadimgi yozma manbalari boʻyicha ekspozitsiyalar va ularga doir videoroliklar tayyorlanib, tanlov asosida kinostudiyalarga topshirilgani ham maʼlum qilindi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
