Sivilizatsiyalar karvonini devorda tassavur eting

 

 

    Islom sivilizatsiyasi markazida “Sivilitsiyalar, shaxslar va kashfiyotlar devori” loyihasi boʻyicha faol ishlar olib borilmoqda

 

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tarkibida yaratilayotgan muzey ekspozitsiyasining eng muhim va markaziy qismlaridan biri — “Sivilizatsiyalar, shaxslar va kashfiyotlar devori” hisoblanadi. U mazkur markazning asosiy gʻoyasi — inson tafakkuri, ilm-fan, maʼnaviy meros va madaniy yutuqlarni turli sivilizatsiyalar taraqqiyoti misolida namoyon etishda oʻta muhim ahamiyat kasb etadi.

 

    Mazkur devor katta hududda joylashtiriladi, unda yurtimiz va xalqimiz asrlar davomida yaratgan boy merosi — ilmiy kashfiyotlar, maʼnaviy boyliklar, turli badiiy asarlar, qoʻlyozmalar, artefaktlar va moddiy madaniyat namunalari jamlanadi. Ushbu loyiha nafaqat shakl jihatidan, balki mazmun va manba jihatidan ham juda katta tayyorgarlikni talab qiladi.



 

    Loyiha Rossiyaning “Planet 9” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Mazkur kompaniya bu yoʻnalishda katta tajribaga ega boʻlib, dunyodagi qator yirik ekspozitsiya va interaktiv muzeylarni yaratishda ishtirok etgan.  Qisqa vaqt mobaynida devorning umumiy konsepsiyasi, asosiy mazmun va kontenti, shuningdek, vizual dizayn loyihasi ishlab chiqildi.

 

    Bugun Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va “Planet 9”  kompaniyasi bilan onlayn muloqot boʻlib oʻtdi. Unda kompaniya vakillari,  markaz bosh ilmiy xodimi Zohidulla Munavvarov, “Vaqt devori” ekspozitsiyasi masʼuli Obid Tangirov va boshqa masʼullar ishtirok etishdi. 

 

    Loyiha doirasidagi asosiy vazifalar, yuzaga kelayotgan muammolar va ularni bartaraf etish boʻyicha amaliy yechimlarni muhokama qildik. Qisqa vaqt ichida katta miqdordagi ilmiy va vizual axborotni muvofiqlashtirish, ularni bir-biriga uygʻun, mazmunan bogʻliq va jozibali shaklda taqdim etish bu loyihaning asosiy vazifalaridan biri. 

 


    “Planeta 9” kompaniyasining Moskvadagi markaziy ofisida loyiha ustida 10 nafardan ziyod dizaynerlar va mutaxassislar faoliyat yuritmoqda. Ularning yetakchi dizaynerlaridan biri yaqin kunlarda Toshkentga tashrif buyurishi kutilyapti, ishlarni yuzma-yuz formatda davom ettirish niyatidamiz, - dedi Zohidulla Munavvarov.

 

    Hozirga qadar Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari, Birinchi Renessans va Ikkinchi Renessans boʻlimlariga tegishli kontentlar toʻliq yakunlangani aytildi. Bu jarayonda Oʻzbekistonning yetakchi olimlari, shuningdek, xalqaro ekspertlar ham jalb etilgan. Bu esa taqdim etiladigan maʼlumotlarning ilmiy asoslangan va nufuzli darajada tayyorlanganligini taʼminlaydi.