Islom merosining bebaho xazinasi namunalari Oʻzbekistonga tarixiy qaytishi arafasida Londonda namoyish etildi

 

Londonda muhim madaniy voqea boʻlib oʻtdi: Buyuk Britaniyada ilk bor Oʻzbekiston tarixi bilan bogʻliq, Islom sivilizatsiyasining oltin davrlariga oid noyob Qurʼon qoʻlyozmalari va tarixiy artefaktlardan iborat kolleksiya namoyish etildi. Ushbu muqaddas yodgorliklar yillar davomida xususiy kolleksiyalar va muzeylarda saqlangan, endilikda ular oʻz diyori – Oʻzbekistonga qaytmoqda.

 

Dunyoning mashhur Sotheby’s va Christie’s auksion uylari mezbonligida tashkil etilgan ushbu koʻrgazmalar 2017 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasida ilgari surilgan tashabbus – Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazini yaratish boʻyicha keng koʻlamli loyihaning bir qismidir. Soʻnggi yillarda milliy va xalqaro mutaxassislar tomonidan yoʻqolgan madaniy merosni izlash va aniqlash boʻyicha keng tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

 

Londondagi ikki koʻrgazmada ilk bor xalqaro jamoatchilik eʼtiboriga havola etilgan eksponatlar orasida dunyoning yetakchi olimlari, ekspertlari, masʼul mutaxassislar, mashhur muzey va kutubxonalar vakillari  va kolleksionerlari ishtirok etdi.

 

– Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ushbu madaniy-maʼrifiy mega platforma – Islom sivilizatsiyasi markazi tashabbusini ilgari surish barobarida shaxsan uning amalga oshirilishiga boshchilik qilmoqda. Tarixiy va maʼnaviy durdonalarni  Vatanga qaytarish boʻyicha davlatimiz  rahbarining toʻgʻridan-toʻgʻri topshirigʻi asosida  ushbu keng qamrovli loyiha amalga oshirilmoqda. Bu faqat tarixiy artefaktlarning  qaytishi emas – bu xotiraning, milliy oʻzlikning va Oʻzbekistonning islom merosini asrashdagi betakror rolini tan olishning timsolidir, – deya taʼkidladi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov koʻrgazma ochilish marosimida.

 

Namoyish qilingan nodir artefaktlar orasida IX-XIII asrlarga oid  Qurʼon qoʻlyozmalari sahifalari, miniatyuralar, nafis zargarlik buyumlari, maishiy buyumlar, matolar va sanʼat asarlari bor. Ular Oʻzbekistonni jahondagi muhim intellektual markazlardan biri sifatida koʻrsatadi.

 

– Ushbu koʻrgazmalar – Oʻzbekiston Prezidenti shaxsiy tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan muhim madaniy hodisa boʻlib, yosh  avlodni ilhomlantirishga qaratilgan. Oʻz merosini qaytarishga yoʻnaltirilgan bunday amaliy qadriyatlar madaniy uygʻonish uchun mustahkam zamin boʻlib xizmat qiladi, – dedi Buyuk Britaniyadagi "Al-Furqon" fondi direktori Sali Shahsivari.

Koʻrgazmalarda taqdim etilgan eksponatlarning koʻpchiligi 2025 yilda Sotheby’s va Christie’s auksionlarida Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati doirasida xarid qilingan.

 

Sotheby’s savdo uyining Sharq merosi boʻyicha vakili  Benedikt Karter shunday dedi:

– Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik qilish biz uchun katta sharafdir. Markaziy Osiyo tarixida alohida ahamiyatga ega boʻlgan yodgorliklarning Vatanga qaytishiga koʻmaklashganimizdan mamnunmiz.

 

Toshkentning markazida 10 gektardan ortiq hududda barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi mintaqadagi eng yirik madaniyat va maʼrifat institutlaridan biriga aylanmoqda. Uning ekspozitsiya maydoni 8000 kvadrat metrdan oshadi. Markaz tarkibiga quyidagi besh mavzuli galereya kiradi:

"Qurʼon zali"

"Islomgacha boʻlgan meros"

"Renessansning birinchi va ikkinchi davrlari"

“Yangi Oʻzbekiston”.

 

Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmonov quyidagilarni taʼkidladi:

– Bugun Oʻzbekiston oʻz tarixiy merosini tiklash va asrab-avaylash borasida ulkan saʼy-harakatlar qilmoqda. Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi kabi tashabbuslar bu yoʻldagi muhim qadam boʻlib, tez orada u bilim va dinlararo muloqot mayogʻi sifatida oʻz eshiklarini ochadi. Bu bizning tarixiy oʻzligimizni anglash va uni ochiq tarannum etishga intilishimizning ifodasidir.

 

Londondagi ushbu koʻrgazmalar nafaqat muhim madaniy voqea, balki tarixiy adolatning tiklanishi ifodasi boʻldi. Namoyish etilgan eksponatlar Oʻzbekistonning islom olami intellektual markazi sifatidagi oʻrni va bugungi Yangi Oʻzbekistonning madaniy-tarixiy merosni asrash, oʻrganish va targʻib qilish yoʻlidagi navbatdagi yutuqlarini amalda isbot etdi.