Akbar Hakimov: Kuvaytda O‘zbekistonning ham qimmat eksponatlari borligi katta voqelik

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya Kuvaytdagi hamkorlik safarida davomida O‘zbekistonning Kuvaytdagi elchisi Ayubxon Yunusov bilan birga Kuvayt shahridagi Toriq Rajab muzeyida bo‘lib qaytgani haqida xabar bergandik.

Kuvayt davlati poytaxti al-Kuvayt shahrida joylashgan Toriq Rajab muzeyi 30 000 dan ortiq qadimiy va zamonaviy buyumlardan iborat shaxsiy kolleksiyani o‘z ichiga oladi. 1980-yilda faoliyatini boshlagan muzeyga kuvaytlik tadbirkor Toriq Sayyid Rajab tomonidan asos solingan.

Muzey ekspozitsiyasida islom olamining turli davrlari va jug‘rofiyasiga mansub bo‘lgan mislsiz xattotlik namunalari, yuksak san’at darajasidagi kalligrafiya durdonalarini uchratish mumkin. Xususan, muzey eksponatlaridan o‘rin olgan yurtimizga xos zargarlik buyumlari esa yanada hayratlanarli topilma bo‘ldi, deyish mumkin.

Kuvayt muzeydagi zargarlik buyumlari

“Albatta islom olamining nodir eksponatlari topilgan ushbu muzeyda O‘zbekistonning ham qimmat eksponatlari borligi katta voqelik” dedi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, san’atshunos Akbar Hakimov.

– Bu zargarlik buyumlari Yaqin Sharq (arab) mamlakatlarga xos badiiy va texnologik uslubidagi ko‘krak va bo‘yinga taqiladigan zeb-ziynatlardan iboratdir. Mahobatli va yirik shakllar (anorgul va davrasimon qismlar)ning turkman va qoraqalpoq zargarlik buyumlariga o‘xshash joylari bor, lekin umuman olganda, ular arab zargarlik maktabining o‘ziga xos uslubida yaratilgan.

Afsuski, muzeyda saqlanayotgan buyumlarning butun ko‘rinishi yo‘q, shuning uchun ham qadimiy va san’atshunoslar uchun yangilik. Markazda ko‘krak bo‘yinga o‘xshagan ikkita yirik madohildan iborat buyum arab zargarlik san’atiga xos.

Tilladan yoki kumushdan yasalgan belbog‘ va tumorlarning uslubiga qarab (naqshlarni mayinligi va marjonni ishlatilishi) Markaziy Osiyo zargarligiga yaqinligini ko‘rishimiz mumkin.

Ayollar osma zargarlik buyumida – markazda “tumor” yoki “xaykel” deb nomlanadigan buyum bo‘lsa, uning ikki tomonida hajmi har xil, lekin tarkibiy tuzilishi bir xil bo‘lgan “zebigardon” yeki “zebisina” degan Buxoro zargarligiga xos ko‘krak uchun yasalgan buyumlar bor. 

Eksponatdagi zargarlik buyumlari orasida an’anaviy Buxoro maktabiga xos “sirg‘alar” va turkman zargarlik san’atiga xos “bilakuzuk” - turkmancha “bilezik” deb nomlanadigan buyum joylashgan. “Tillaqoshlar” esa Buxoro, Samarqand, Toshkent, Qo‘qon, Marg‘ilon markazlarida ishlab chiqarilgan tillaqoshlarga juda ham o‘xshaydi va ularni o‘zbek zargarlik maktabi mahsuloti, deb aytishimiz mumkin.

O‘zbekiston hududida ushbu buyumlarning mavjudligiga hech qanday shubha yo‘q. Ular juda yuqori mahorat bilan ishlangani Buxoroning saroy san’ati uchun xizmat qilgan zargarlarga taalluqliligiga dalolat qiladi. Bu buyumlar mulyaj sifatida buyurtma asosida bajarilsa, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidagi “O‘zbek xonliklari davri” ko‘rgazma zallarining ekspozitsiyasini yanada boyitardi.

Buxoro zargarligi – qadimiy va betakror san’at namunasi

O‘zbek xalq amaliy-bezak san’ati turlari ichida zeb-ziynat san’ati bo‘lmish zargarlik san’ati alohida ahamiyat kasb etadi. Zargarlik san’ati o‘zbek xalqining moddiy va ma’naviy hayoti, kundalik turmush tarzi, marosimlari, urf-odatlari, an’analari, qadriyatlari, badiiy didini aks ettiradi. Taqinchoqlarning xilma-xil turlari ma’lum bo‘lib, ular ko‘rk, bezak, himoya, xaloskorlik sifatlarini o‘zida mujassamlashtirgan buyum hisoblanadi. Taqinchoqlardagi shakllar, naqsh bezaklari, ramziy belgilar kishilarning e’tiqodi, atrof-muhit olam haqidagi qarashlari, tabiat va moddiy olam bilan uzviy bog‘liqlikni o‘zida mujassamlashtiradi.

Buxorodagi XVI asrga oid, zargarlik buyumlari bilan savdo qilish uchun mo‘ljallangan Toqi Zargaron (forscha – zargarlar gumbazi) savdo markazi faoliyat yuritgan.

1872 yilda Buxoroda hind zargarlaridan Shangura va Kurdali, Abdullajonlar ham faoliyat yuritganlar. Buxoroda yashagan dog‘istonliklarni ham alohida tilga olish joiz. Ularning yuksak kasbiy mahoratining ko‘rsatkichi shundaki, ko‘pchiligi Arkdagi saroy ustaxonasida eng yaxshi mahalliy hunarmandlar bilan birga ishlagan. 1270 yil sanasi bitilgan kamarand yasagan Usto Xo‘ja Shodiy, 1946 yilda Buxoroda ishlagan, muzeyda uning ijodiga mansub kamarbandi saqlanayotgan usta Alixo‘ja Kanayev, Arkdagi saroy ustaxonasida ishlagan Usto Nag‘diy (kamarlari muzey fondlarida ham keltirilgan), Dog‘istonning Lakskiy tumani, Unchukat qishlog‘ida tug‘ilgan, Buxoroda zargar bo‘lib ishlagan, Buxoro, Kogon, Chorjouda Usto Obid-zargar, keyinchalik Lazgi-boshi nomi bilan mashhur bo‘lgan Obid Janayev (1879-1920), Kavkaz zargarlarining boshlig‘i Abid-zargar, amir buyrug‘i bilan Buxoroda ishlagan Hoji Abakar, Buxoroda amir buyrug‘i bilan ishlagan va sirlangan buyumlar yasagan Alixon Mungiyev, Usmon Pashayev, Badaviy va boshqalar shular jumlasidandir.

Mazkur taqinchoqlar turli maktablarga mansub, jumladan, turkman, hind, afg‘on taqinchoqlari uchraydi. Buni Buxoro yirik savdo chorrahasi bo‘lganligi bilan izohlash mumkin.

Ko‘krak taqinchoqlari bevosita bo‘yinga zanjirga ulangan ilgak yordamida orqa tomondan taqiladi va asosiy bezagi ko‘krak qismini bezatib turadi. Bular qatoriga “Tumor”, “Bozband”, “Haykel”, “Zebigardon”, “Nozigardon”, “Tapishi dil”, “Jevak” va boshqalar misol bo‘ladi. Nozigardon markaziy turunj, uning 2 yonidan 2 tadan 4 ta murabba (kvadrat) shaklli, 1 tadan uchburchak shaklli yaproqchalarning o‘zaro 5-6 qatorli zanjirlar bilan bir maromda ma’lum oraliqda birikishidan hosil bo‘ladi. Yaproqchalarning yon tomonlariga baliq va b. shaklli shokilalar osiladi. Turunj va yaproqchalar bir tomonlama minokori (emal) usulida ishlanib, o‘simliksimon naqshlar bilan bezatiladi, ba’zan toshlar qadaladi. Markaziy turunjga bir-biriga qarab turgan qanotlarini yozayotgan ikki qush shakli o‘rnatiladi

Buxoro hududlarida “Bibishak” deb nomlanuvchi chakka va peshona taqinchoqlari urf bo‘lgan. Uch qismdan iborat taqinchoqning yuqori qismi aylana, tomchi yoki romb shaklida bo‘lgan va yuzasi feruza va marjonlar bilan bezatilgan. O‘rtadagi asosiy bezak qismi esa shartli ravishda oy ko‘rinishini eslatuvchi shaklga ega bo‘lib, old tomoni turli toshlar bilan ziynatlangan. Quyi qismda esa, uzun zanjirlar ostiga toshlar osilib bezatilgan. Taqinchoqdagi har bir qism bir-biri bilan zanjirlar va toshlar yordamida ulanib mustahkamlangan. 

Buxoroda peshona bezagi “Bolo abro‘” deb nomlanadi. Uning umumiy ko‘rinishi qosh shaklini eslatadi, biroq “Tilla qosh”ga nisbatan bezagi kam va baland ko‘rinishga ega bo‘lmagan. Markazida zanjirga ulangan ilmoq bo‘lib, bosh qiyim yoki ro‘molga ilib qo‘yish uchun mo‘ljallangan. Taqinchoqning quyi qismlarida esa mayda metall yaproqchalar toshlar bilan oldinma-ketin osib qo‘yilgan.

– Muzey bizda katta tassurot qoldirdi, – deydi markaz direktori Firdavs Abduxoliqov. – Ayniqsa, eksponatlar orasida Buxorodan keltirilgan zargarlik buyumlari, qadimiy liboslar, qurol-yarog‘lar, hunarmandchilik ashyolari, matolar, shisha idishlar bizni lol qoldirdi. Toriq Rajab muzeyining eksponatlarini Markaz ekspozitsiyasida namoyish etishga arziydi. Bu oddiy holat emas katta voqelik bo‘ladi nazarimda. Mazkur muzeyda O‘zbekiston madaniy merosiga oid qimmatli eksponatlar, Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” asarining XIV asrda ko‘chirilgan nusxalari, Buxoro amiri va uning qarindoshlariga tegishli taqinchoqlar, Shayboniylar davriga oid miniatyuralar va ko‘plab eksponatlar mavjud. Ushbu nodir artifaktlar san’atshunoslarda ham, markazga tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otadi.

Quvaytdagi uchrashuvlarda muzey direktori Ziyad Rajabga Katta Langar Qur’oni faksimile nusxasi, xattot Habibullo Solih tomonidan papirusga tushirilgan Muhammad (s.a.v) muhri aks etgan maktub nusxasi ham taqdim qilindi.