1650 asardan iborat reyestr, elektron xarita va 11 ta film — buyuk muhaddis merosi qayta kashf etilmoqda
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan diniy-maʼrifiy yoʻnalishdagi maxsus loyihalarga bagʻishlangan ishchi yigʻilish boʻlib oʻtdi. Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Davronbek Maqsudov boshchiligida oʻtgan yigʻilishda markaz xodimlari, loyiha rahbarlari hamda tegishli masʼullar ishtirok etdi.
Muhokama jarayonida Imom Buxoriy innovatsion muzeyida namoyish etiladigan 26 ta loyiha holati tahlil qilindi. Ulardan 21 tasi bugungi kunda yakunlangan boʻlib, dastlabki tadqiqotlar, maʼlumotlar bazalari taqdim etilgan. Loyihalar boʻyicha ayrim kamchiliklar muhokama qilindi va tegishli tavsiyalar berildi. Shuningdek, Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosiga oid 11 ta film, “Buyuk fenomen” loyihasida allomaning toʻliq umrini aks ettiruvchi rolik, Imom Buxoriy majmuasi haqida film ishlanish jarayonlari haqida maʼlumot berildi.
Imom Buxoriy ilmiy safarlari elektron xaritasi kartograflar bilan birga ishlanayotgani va Imom Buxoriy asarlarining dunyo fondlarida saqlanayotgan reyestri tuzilishi va undan 1650 ta asar oʻrin olishi kutilmoqda.
— Biz bugungi muhokamada ilmiy-maʼrifiy 25 ta muhim loyihaning holatini koʻrib chiqdik. Ularning asosiy qismi Imom Buxoriy majmuasi ochilishi munosabati bilan tayyorlanayotgan materiallardir. Bu ishlarning koʻp qismi yakunlangan, ayrimlari esa texnik bosqichda — nashr, montaj, maket tayyorlash, etiketkalarni bir necha tilda tayyorlash kabi jarayonlar davom etyapti. Xususan, Islom sivilizatsiyasi markazi rahbarining xorijiy mamlakatlardagi tajribalaridan kelib chiqib, eksponatlar yoki maʼlumotnomalarni nafaqat ingliz va arab, balki Indoneziya va Malayziya kabi davlatlar tillarida ham taqdim etish rejalashtirilmoqda. Bu markazimizning xalqaro miqyosdagi ilmiy-ekspozitsion faoliyatini kuchaytiradi, — dedi Markaz nashrlar boʻlimi boshligʻi Shoazim Minovarov.
Shuningdek, Turkiya fondlarida saqlanayotgan 650 ta qoʻlyozmalar toʻplamini tuzish, Imom Dorimiy ilmiy merosi medialoyihasi hamda 70 ga yaqin asarlarning ilmiy izohiy akademik tarjimalari ustida olib borilayotgan ishlar va qay bosqichda ekanligi aytib oʻtildi.
— Bugungi muhokamada nafaqat loyihalarning tahlili, balki ularning taqdimi, vizual ifodasi, jamoatchilik uchun qanchalik tushunarli va taʼsirchan boʻlishi kerakligi haqida ham gap bordi. Har bir tadqiqot matni faqat qogʻozda qolib ketmasligi, balki u videoroliklar, hujjatli filmlar, xaritalar va multimedia vositalari orqali keng auditoriyaga yetkazilishi zarur, — dedi Markaz katta ilmiy xodimi Abdushukur Murodov.
Tadbir soʻngida loyihalarning amalga oshirish jarayonida sifatni oshirish, ularni zamonaviy formatlarda taqdim etish hamda muhaddislik maktablari xaritalari, nodir qoʻlyozmalarning faksimile nusxalarini yaratish kabi masalalar yuzasidan ham fikr va mulohazalar bildirildi. Muhokama soʻngida Imom Buxoriy nomi bn ataladigan muassasalarni roʻyxatini tuzish ham muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
