Oʻzbekistonning oltin yodgorligi
Samarqand — nomini eshitsak, koʻz oʻngimizda qadimiy tarix, muazzam meʼmoriy obidalar va ming yillik ilm-fan anʼanalari gavdalanadi. Bu shahar haqida dunyoning eng mashhur sayohatchilari, tarixchilari va yozuvchilari asarlar bitgan. Ayniqsa, shaharning markazida joylashgan Registon maydoni — Samarqandning yuragi, Markaziy Osiyoning faxri, jahon madaniyatining bebaho merosidir.
Registon — bu shunchaki tarixiy bino yoki maydon emas. Bu — minglab odamlarning hayoti, mehnati, orzusi va ishonchi jam boʻlgan muqaddas maskan. Bu yerda bir paytlar eng bilimdon ulamolar dars bergan, talabalar yillab tahsil olgan, savdogarlar karvon tortgan, shoirlar ilhom topgan, oddiy xalq esa duoga qoʻl ochgan.
Ushbu maydon — ming yillik tarixni oʻzida saqlagan oʻchmas kitob kabi. Undagi har bir koshin, har bir naqsh, har bir gumbaz — oʻtmishdagi meʼmorlarning sanʼatga boʻlgan mehrini, oʻz ishiga yondashuvini koʻrsatadi. Registon meʼmorchiligi, bezak sanʼati va qurilishdagi aniqlik darajasi bilan bugungi kunda ham dunyo mutaxassislarini hayratda qoldirmoqda.
Yana bir jihat bor: Registon maydoni nafaqat tarixiy yodgorlik, balki xalqimizning ruhiy-maʼnaviy boyligini, ilm-fanga boʻlgan qadimiy intilishlarini, estetik didini aks ettiradi. Bu yerda turib, oʻtmishni koʻrish, oʻz ildizingni his qilish, gʻurur bilan “mening ajdodlarim mana shunday buyuk obidalarni yaratgan” deyish mumkin.
Bugun biz Registonni qadrlaymiz, asraymiz, uni dunyoga koʻrsatmoqdamiz. Chunki u — bizning tariximiz, madaniyatimiz, oʻzligimiz. Va bu tarix qanday yaratilganini, u qanday bosqichlardan oʻtganini tushunish — har bir oʻzbek uchun zarur.
Ulugʻbek madrasasi — Registonning ilk yulduzi
Registon maydonidagi eng qadimgi inshoot — bu Ulugʻbek madrasasi. Uni Mirzo Ulugʻbek 1417–1420-yillarda bunyod ettirgan. Ulugʻbek — Amir Temurning nabirasi, buyuk astronom va davlat arbobi boʻlgan. U faqat hukmdor emas, balki oʻz zamonasining olimi sifatida tarixda qolgan. Uning orzusi — Samarqandni faqat siyosiy markaz emas, balki ilm-fan, ayniqsa, matematika va astronomiya markaziga aylantirish edi.
Ulugʻbek madrasasi shu niyat bilan qurilgan. Bu joyda eng mashhur olimlar, masalan, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, Gʻiyosiddin Koshiy kabi allomalar dars bergan. Aynan shu madrasa oʻz davrining “universiteti” boʻlgan desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Unda nafaqat diniy ilmlar, balki zamonaviy fanlar — geometriya, falakiyot, mantiq, falsafa ham oʻrgatilgan.
Meʼmorchilik nuqtai nazaridan qaraganda, madrasa katta peshtoq, ikki qavatli hujralar, ichki hovli va masjiddan iborat. Uzoq yillardan beri turibdi, lekin hanuzgacha oʻz jozibasini yoʻqotmagan. Peshtoqdagi koshin naqshlarida matematik formulalar, yulduzlar tizimi va arab yozuvi bilan yozilgan oyatlar mavjud. Bu bezaklar — sanʼat bilan ilm-fan uygʻunligining yorqin namunasi.
Sherdor madrasasi — sanʼat va ramzlar uygʻunligi
Oradan ikki asrdan koʻproq vaqt oʻtgach, XVII asrda Buxoro xonligining mashhur amaldori Yalangtush Bahodir Registon maydoniga hayot qaytarishga qaror qiladi. Uning buyurtmasi bilan Sherdor madrasasi 1619–1636 yillar oraligʻida quriladi.
Bu madrasa Ulugʻbek madrasasining roʻparasida, unga simmetrik tarzda qurilgan. Asosiy bezak elementlari — peshtoqda tasvirlangan ikkita sher va quyosh obrazi. Bu tasvirlar islom sanʼatida juda kam qoʻllaniladi, chunki hayvon tasvirlari diniy meʼmorchilikda odatda man etilgan. Ammo bu yerda ular ramziy maʼnoga ega: sher — kuch va jasorat, quyosh — nur va hayot, insonga oʻxshash figura — ilm izlovchi degan fikrlarni ifodalaydi.
Madrasaning ichki tuzilishi ham ancha murakkab: katta hovli, darsxonalar, hujralar va masjid mavjud. Sherdor madrasasi — faqat oʻquv yurti emas, balki sanʼat maktabi ham boʻlgan. Undagi naqshlar, koshinkorlik, bezaklar oʻz davrining eng ilgʻor texnikasi bilan ishlangan.
Tillakori madrasasi
Yalangtush Bahodir oʻz niyatini toʻxtatmaydi. U Registonni uchinchi madrasa bilan toʻldirishga qaror qiladi. Natijada, 1646–1660-yillarda Tillakori madrasasi quriladi. Bu madrasa faqat dars beriladigan joy emas, balki jome masjid sifatida ham foydalanilgan.
Tillakori nomi — “tilla bilan qoplangan” degan maʼnoni anglatadi. Bu nom tasodifiy emas. Madrasaning asosiy masjidi ichkarisidan haqiqiy tillalar bilan bezatilgan. Gumbaz ostidagi naqshlar va devorlardagi yozuvlar oltin suvi bilan qoplangan, bu esa unga alohida fayz bagʻishlaydi.
Bu madrasa ham ichki hovli, oʻquv xonalaridan iborat. Ayniqsa, masjid qismi Qurʼon oʻqish va diniy marosimlar uchun muhim markaz boʻlgan. Tillakori madrasasining meʼmorchilik qimmati shundaki, u diniy va maʼrifiy maqsadlarni birlashtirgan yagona bino hisoblanadi.
Registon majmuasining meʼmoriy uygʻunligi
Registon maydoni — faqat uchta alohida inshoot emas. Ular birga boʻlib muazzam, simmetrik va gʻoyaviy uygʻunlik hosil qiladi. Har bir madrasa oʻz davrining timsoli:
- Ulugʻbek madrasasi — ilm-fan va tafakkur,
- Sherdor madrasasi — jasorat va falsafa,
- Tillakori madrasasi — maʼnaviyat va goʻzallik.
Har bir binoda markaziy peshtoq, koshinkorlik, gumbaz, nafis girih naqshlar, arab yozuvi bilan bezaklar mavjud. Bu elementlar orasida ohangdorlik, muvozanat va estetik uygʻunlik mavjud. Qurilish texnikasi oʻz davrining eng ilgʻor yondashuvlari bilan olib borilgan: ganchkorlik, koshinkorlik, marmar oʻymakorligi, gumbazli yoritish tizimlari — bularning barchasi oʻziga xos maktabni tashkil etadi.
Registonning bugungi ahamiyati
Registon maydoni bugungi kunda faqat tarixiy obida emas, balki tirik madaniyat markazi hisoblanadi. 2001-yilda u YuNESKOning Butunjahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritildi. Har yili minglab sayyohlar bu yerga tashrif buyurib, Registon orqali Oʻzbekiston tarixiga, Sharq sivilizatsiyasiga nazar tashlaydi.
Soʻnggi yillarda Registonda xalqaro anjumanlar, festivallar, konsertlar oʻtkazilmoqda. Jumladan, “ShHT sammiti” (2022), “Sharq taronalari” festivali kabi tadbirlar aynan shu maydonda oʻtkazilgani uning xalqaro obroʻsini yana-da oshirdi.
Registon — bu oʻtmishni eslatadigan muzey emas, u hozir ham yashayotgan, har kuni biz bilan gaplashadigan, bizni oʻzligimizni unutmaslikka chorlaydigan makon. Uning har bir toshi, har bir gumbazi, har bir harfiga hayot singgan. Uni tushunish — oʻz tarixingni, milliyligingni, maʼnaviyligingni anglash demakdir.
Shu maʼnoda, Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida Registon maydoni maketini yaratish rejasi uning tarixiy va maʼnaviy qimmatini yanada yaqinroq his etishga imkon beradi. Maket orqali tashrif buyuruvchilar nafaqat bu betakror meʼmoriy ansamblning tashqi koʻrinishi, balki uning ortidagi tarix, gʻoya va qadriyatlar bilan ham tanishish imkoniga ega boʻladi. Ushbu tashabbus ekspozitsiyani yanada mazmunli qilib, tashrif buyuruvchilarda milliy merosga boʻlgan qiziqish va faxr tuygʻusini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Husan Tursunov
P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
