Oʻzbekiston ilk bor sivilizatsiyalar va kashfiyotlarni raqamli xaritalarda namoyon etadi
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyida yaratilayotgan “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” loyihasi bugungi kunda markazning eng muhim ilmiy ahamiyatga ega ekspozitsion yoʻnalishlaridan biri.
Ushbu devor uzunligi taxminan 260 metr boʻlib, 8 metr balandlikka ega. Buyuk tarixiy-madaniy jarayonlarni zamonaviy muzey texnologiyalari asosida namoyon etish maqsadida mazkur devor ikki asosiy qismga boʻlingan:
yuqori qism – tasviriy sanʼat va bogʻlanma syujetlar asosidagi bareleflardan iborat;
pastki qismda xronologik maʼlumotlar, ilmiy kashfiyotlar va madaniy yutuqlarni qamrab olgan maʼlumotlar boʻladi.
Markaz ilmiy xodimlari va Toshkent kartografiya fabrikasi vakillari bilan boʻlgan uchrashuvda qayd etilishicha, ushbu devorning maʼlumotlar qismida keng qamrovli elektron xaritalar tizimini joriy etish rejalashtirilgan. Bu xaritalar nafaqat sivilizatsiyalar tarixini, balki turli davrlardagi ilmiy-maʼrifiy kashfiyotlarning amalga oshirilgan hududlari, siyosiy va geografik shart-sharoitlarini koʻrsatish imkonini beradi.
Xususan, Islomdan avvalgi davr, Birinchi Renessans, Ikkinchi Renessans va Yangi Oʻzbekiston - Uchinchi Renessans poydevori boʻlimi kontekstidagi maʼlumotlar maxsus tayyorlanadi.
Toshkent kartografiya fabrikasi vakillari Baxtiyor Yuldashev, Anna Tixonina hamda Markaz bosh ilmiy xodimi Zohidulla Munavvarov, markaz katta ilmiy xodimi Ravshan Xudayberganov etgan muhokamalar yakunida Islom sivilizatsiyasi markazi tashabbusi bilan mamlakatdagi yetakchi kartografik muassasalar, xususan, Toshkent kartografiya fabrikasi va OTMlar, tadqiqot markazlari mutaxassislari ishtirokida maxsus ishchi guruh tashkil etildi. Ushbu guruhning asosiy vazifasi – ekspozitsiyada namoyon etiladigan tarixiy xaritalarni aniq ilmiy manbalar asosida qayta tiklash, ularni zamonaviy texnologiyalar vositasida elektron formatga moslashtirish va interaktiv usulda namoyish etishdan iborat.
– Ishchi guruh mutaxassislari tomonidan tarixiy xaritalarni tanlash va tahrirlash ishlari boshlangan. Masalan, Xorazmdagi Maʼmun akademiyasi kabi tarixiy maskanlar, ular faoliyat koʻrsatgan davr, geosiyosiy sharoit va bu jarayonlarning umumjahon sivilizatsiyasidagi oʻrni kabi maʼlumotlar xaritalar orqali jonli va nazariy asoslangan tarzda taqdim etiladi. Shuningdek, bu xaritalar monitorlar orqali interaktiv shaklda taqdim etilishi rejalashtirilmoqda. Tashrif buyuruvchilar sensorli ekranlar yordamida ularni tadqiq qilishi, maʼlumotlarni kattalashtirib koʻrishi va tarixiy voqealar geografiyasini aniq tasavvur qilishi mumkin boʻladi, – deydi markaz bosh ilmiy xodimi Zohidulla Munavvarov.
Yigʻilishda taʼkidlanganidek, xaritalar qoʻlyozmalar, geografik risolalar va tarixiy asarlarga tayangan holda tayyorlanadi. Ayni paytda birinchi bosqichda 30-40 ta ustuvor mavzudagi xaritalar konsepsiyasi shakllantirilmoqda.
Eʼtiborli jihati, bu loyiha oʻz mazmun-mohiyatiga koʻra, tarixiy bilimlarni jamoatchilikka zamonaviy va taʼsirchan shaklda yetkazish, muzey pedagogikasiga innovatsion yondashuvlarni joriy etish, shuningdek, xaritashunoslik sohasida yangi tadqiqotlar uchun zamin yaratishga qaratilgan.
Shundan kelib chiqib, Islom sivilizatsiyasi markazi ushbu faoliyati bilan milliy, ilmiy-maʼrifiy merosni xalqaro miqyosda namoyon etishga qaratilgan muhim ilmiy-amaliy markazga aylanmoqda.
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
