Kuvaytdagi noyob yoqut toshlar Oʻzbekistonga olib kelinadi
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi Kuvaytdagi “Islom meroslari uyi” (House of Islamic Antiquities) va “Toriq Rajab muzeyi”ga ilmiy-ijodiy safar qildi.
“Islom meroslari uyi”da boʻlib oʻtgan uchrashuvda muzey koʻrgazmalari koordinatori Dr. Hadiyl Xalil Rashad bilan muzokaralar oʻtkazildi. Suhbat davomida joriy yil mart oyidagi tashrif chogʻida kelishilgan masalalar muhokama qilindi. Jumladan, 2025 yilda Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishi arafasida tashkil etiladigan “Oʻzbekiston madaniy merosi – butun insoniyat merosi” xalqaro global koʻrgazmasi doirasida Boburiylar davriga oid noyob yoqut toshlarni namoyish etish masalalari kelishib olindi.
Koʻrgazma eksponatlari uchun jahon muzey standartlariga javob beradigan maxsus vitrinalar tayyorlanayotgani taʼkidlandi. Bu jarayonda Italiyaning Goppion hamda Germaniyaning Glasbau Hahn kabi nufuzli kompaniyalar ishtirok etmoqda.
Uchrashuvda shuningdek, qoʻlga kiritilayotgan artefaktlarni transportirovka, qadoqlash va vaqtinchalik saqlash tartiblari, Markaz binosida xorijiy eksponatlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar muhokama qilindi. Muzokaralar yakunida Kuvayt tomoni noyob yoqut toshlarni Oʻzbekistonga olib kelish bilan bogʻliq ishlarini toʻliq oʻz zimmasiga olishini maʼlum qildi.
Kunning ikkinchi yarmida markaz delegatsiyasi “Toriq Rajab muzeyi” direktori Ziyad Rajab va uning singlisi Nur Rajab bilan uchrashdi. Suhbat chogʻida Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishiga oid tayyorgarlik ishlari, muzeyda saqlanayotgan Oʻzbekiston tarixiga oid artefaktlar toʻgʻrisidagi kitob-albom tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Ziyad Rajab xalqaro koʻrgazma uchun eksponatlar tanlab qoʻyilganini va yaqin kunlarda rasmiy taqdim etilishini bildirdi.
Kuvaytga safar natijalariga koʻra, mamlakatdagi 2 ta muzey va 1 ta xususiy kolleksiya Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishi arafasida tashkil etiladigan global xalqaro koʻrgazmada faol ishtirok etadi. Kuvayt tomonidan Oʻzbekistonga boradigan barcha eksponatlarning sugʻurta, qadoqlash va tashish ishlari muvofiqlashtirilishi kelishib olindi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
