Qadimiy qoʻlyozma Bodleandan markaz ekspozitsiyasi tomon yoʻl oldi
Soʻfiy muhabbat va ruhiy kamolot mavzusini oʻzida mujassam etgan Husayn Gozurgohiyning “Majolis ul-ushshoq” asari — ilohiy ishqning adabiy timsoli sifatida, Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan oʻrin egallashi kutilmoqda. XV asrning maʼnaviy-maʼrifiy hayoti, Buxoro va Hirotdagi tasavvufiy muhit haqida hikoya qiluvchi ushbu asar, Sharq irfoni va maʼnaviyatining yuksak namunasi sifatida bugungi kunda ham yuksak baholanadi.
Husayn Gozurgohiyning “Majolis ul-ushshoq” asari adabiyotda sufiylik, ruhiy muhabbat va ishqiy irfon mavzusini bayon etuvchi noyob asardir. XV asr oxirida, Temuriylar sulolasining soʻnggi bosqichida yaratilgan bu asar Xurosondagi Hirot adabiy muhitining yuksak maromi, uning tasavvufiy va ishqiy tafakkuri bilan bogʻliq.
Asar 1502–1503 yillarda yozilgan boʻlib, unda 70 dan ortiq mashhur sufiy, shoir va hukmdorlarning sarguzashtlari bayon qilinadi. Muallif ushbu shaxslarning ruhiy dunyosi, qalb kechinmalari, ilohiy muhabbatga intilishi orqali qalb pokligi va sufiy ҷarashlar haqida fikr yuritadi. Unda Jaloliddin Rumiy, Bahouddin Naqshband, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Faxriddin Iroqiy kabi buyuk zotlarning irfoniy muhabbati shoirona tarzda tasvirlangan.
Asar tarixiy va adabiy jihatdan juda katta ahamiyatga ega. Shu jihatdan, uning eng mashhur va noyob qoʻlyozma nusxalaridan biri 1552 yilda Buxoroda koʻchirilgan boʻlib, bugungi kunda Buyuk Britaniyadagi Oksford universiteti huzuridagi Bodlean kutubxonasida saqlanmoqda (MS. Ouseley Add. 24). Mazkur nusxa nafaqat asarning qadimiyligini, balki uning Buxoro ilmiy muhitida qanchalik eʼzozlanganini ham koʻrsatadi. Ilmiy jamoatchilik ushbu qoʻlyozmani Markaziy Osiyodagi tasavvufiy merosning yorqin namunasi, sufiylik adabiyotining estetik va ruhiy qimmatiga doir muhim manba sifatida baholaydi. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining "Oʻzbekistonning 100 qadimiy qoʻlyozmasi" medialoyihasidan ushbu qoʻlyozma ham joy olgan.
Gozurgohiy asarida dunyoviy muhabbat ilohiy muhabbatga yetaklovchi vosita sifatida talqin qilinadi. “Majolis ul-ushshoq” nusxalari oʻz davrida va undan keyingi asrlarda ham keng tarqalgan, turli mamlakatlarda illyustratsiyalangan nusxalari bilan adabiy va sanʼatiy madaniyatga hissa qoʻshgan.
Asardagi sheʼriy iqtiboslar — Iroqiy, Gʻazzoliy, Navoiy va Jomiy kabi shoirlar sheʼrlari bilan boyitilgan — uni nafaqat biografik yodnoma, balki yuksak soʻfiy poetik matnga aylantiradi. Bu ham asarning doimiy qiziqishga sazovor boʻlishiga sababchi boʻlmoqda.
Hozirda Bodlean kutubxonasida saqlanayotgan qoʻlyozma “Majolis ul-ushshoq” asarining tarixiy hayoti, uning Oʻrta asr Buxorosida qanday qadrlanganini anglashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu nusxa orqali nafaqat asar matni, balki oʻsha davrdagi saroy muhiti, ruhiy anʼanalar va ishqiy madaniyat ham yuksak sanʼat orqali bizning kunlargacha yetib kelgan. U Sharq tasavvuf merosi va soʻfiy adabiyotini oʻrganishda oʻta muhim va noyob manbalardan biri hisoblanadi.
Durdona Rasulova
P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini ko‘rsatgan holda foydalanish mumkin.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
