Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi uchun noyob mulyajlar tayyorlanmoqda




    Samarqanddagi Goʻri Amir, Shohi Zinda, Tillakori kabi meʼmoriy yodgorliklar bezaklarining aynan nusxalari, shuningdek, sirli sopol laganlar kabi noyob ashyolar Ikkinchi renessans: Temuriylar davri ekspozitsiyasidan oʻrin egallaydi.

 

    Temuriylar tarixi davlat muzeyida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidagi ekspozitsiyalarning loyiha rahbarlari, olimlar, mutaxassislar, maket va mulyaj tayyorlovchi ustalar, musiqa asboblari va xarita yasaydigan hunarmandlar ishtirokida bir qancha masalalar muhokama qilindi. Unda Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasi uchun tayyorlanayotgan maket, mulyaj va 3D modellar hamda ularning aniq oʻlchamlari boʻyicha fikr almashildi. 


   
    Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sanʼatshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, arxitektura fanlari boʻyicha falsafa doktori Akmal Oʻlmasovning taʼkidlashicha, ekspozitsiya uchun nafaqat mahalliy, balki xorijiy muzeylarda saqlanayotgan noyob ashyolarning mulyajlari tayyorlanmoqda.

 


- Koʻpgina eksponatlar esa xalqaro auksionlardan olib kelingan. Biz jamoamiz bilan Ikkinchi Renessans davriga oid bir qancha tarixiy yodgorliklar maketlarini ishlab chiqyapmiz” - deydi A.Oʻlmasov.

 

    Yigʻilish davomida har bir eksponatning oʻlchami, shakli va sifati haqida olimlar bilan fikr almashildi. Bu jarayon yaratilayotgan mulyajlar va maketlarning ilmiy aniqligi va estetik qiymatini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega boʻladi.