Markazda navbatdagi ishchi guruh yigʻilishi boʻlib oʻtdi

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida ishchi guruhning navbatdagi yigʻilishi oʻtkazildi. Unda Markazning boʻlim masʼullari, ilmiy xodimlar va loyiha koordinatorlari ishtirok etib, amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalarni muhokama qildilar.

 

Yigʻilishda Markaz ekspozitsiyasini boyitish va uni ilmiy asosda takomillashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Har bir boʻlim uchun koʻzda tutilgan maketlar, mulyajlar, hujjatli filmlar va boshqa koʻrgazmali vositalarning mazmuni, sifati hamda joylashuvi yuzasidan takliflar bildirildi.

 

Shuningdek, ikkinchi toifa loyihalarni amalga oshirish boʻyicha belgilangan ishlar ham koʻrib chiqildi. Loyiha koordinatorlari ushbu yoʻnalishdagi reja-jadval va uni sifatli bajarish mexanizmlari haqida axborot berdilar.

 

Markaz direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Gulnora Gʻaniyeva yigʻilishda soʻzga chiqib, quyidagilarni taʼkidladi:

 

Oldimizda katta ishlar turibdi. Bu esa bizdan ikki karra masʼuliyat va eʼtibor talab qiladi. Ishchi guruhning samarali faoliyati har bir boʻlim oʻz vazifasini masʼuliyat bilan bajarib, materiallarni ilmiy asosda, aniq va tushunarli shaklda tayyorlashiga bogʻliq. Har birimiz bunga jiddiy yondashishimiz kerak.


Yigʻilish yakunida ekspozitsiyani yanada mukammallashtirish, uni zamonaviy, ilmiy asoslangan va interaktiv shaklda taqdim etish boʻyicha qoʻshimcha vazifalar belgilandi. Ishchi guruh aʼzolari va loyiha koordinatorlari ushbu jarayonlarni izchil davom ettirishga kelishib oldilar.