"Shayx qoʻrqqanidan Qurʼonga chang soldi..."
Amir Temur zamonasida mashhur mutasavvif olim Abu Said Abulxayrning bir ruboiysi juda shuhrat qozongan, hatto bu ruboiyning gʻayrioddiy xususiyatlari haqida gap-soʻzlar tildan-tilga koʻchib yurardi. Hatto odamlar kasal boʻlib qolishsa, shu ruboiyni oʻqib oʻzlariga dam solishar, uni tumor ilib taqib yurisharkan. Bu ruboiyning sharhi xususida keyinchalik Xoja Ahrori Valiy oʻzining “Havroiya” nomli qasidasini ham bitgan edi. Mana oʻsha ruboiy:
Havro ba nazorai nigoram saf zad,
Yak xoli siyah bar on ruxon mutraf zad,
Rizvon ba ajab bimondu kaf bar kaf zad
Abdol zi biym chang bar mushaf zad.
(Maʼnosi: hurlar nigorimni tomosha qilish uchun saf tortishdi. Bir qora xol ularning yuzlariga parda tortdi. Jannat ham hayratda qolib, kaftini kaftiga urdi. Qariya qoʻrqqanidan Qurʼonga chang soldi.)
Bu ruboiydan oʻz vaqtida Amir Temur ham xabardor boʻlgan.
Oʻsha paytlarda Ozarboyjon boshqaruvi Amir Temurning ikkinchi oʻgʻli Mironshoh Mirzoga topshirilgan. Biroq, Mironshohning ichkilikka mukkasidan ketishi davlat ishlariga taʼsir koʻrsata boshladi. Uning gʻalati qiliqlari haqidagi gap-soʻzlar Samarqandga ham yetib keldi. Sohibqironga Mironshohning ichkilikka berilishiga uch kishining sababchi ekani yetkazildi. Amir Temur uchovining ham boshini olib keltirishni amr qildi. Mulozimlar ulardan ikki nafarini tutib qatl qilishdi. Ammo uchinchisi – Xoja Abdulqodir Marogʻiy oʻzini devonalikka solib darbadarlikni ixtiyor qildi.
Sohibqiron Iroqqa yurish qilganida, Xojaning shu atrofda yurganini xabar qilishdi. Nihoyatni uni qoʻlga olib, podshoh huzuriga olib kelishdi. Xoja Abdulqodir oʻz vaqtida goʻzal ovozi, musiqadan puxta xabardorligi, shuningdek, Qurʼon qiroati bilan ham shuhrat qozongan boʻlib uning goʻzal ovozi bor edi.
Podshohning huzuriga olib kelishlari bilan u qoʻrqqanidan nima qilarini bilmay, Qurʼon oyatlarini tilovat qilishga tushdi. Bu holatni koʻrgan sohibqiron kulib yubordi va oʻsha mashhur ruboiyning oxirgi misrasini aytdi?
Abdol zi biym chang bar mushaf zad,
(Yaʼni, qariya qoʻrqqanidan Qurʼonga chang soldi.)
Garchi falsafiy maʼnoga ega boʻlgan bu ruboiyda ushbu misra boshqacha maʼnoga ega boʻlsa-da, Amir Temur uni zakiylik bilan oʻz oʻrnida ishlatgan, buni Navoiy “yilda bir, asrda bir yuz beradigan hodisa” sifatida baholagan edi.
Rustam Jabborov
P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
