Aybsiz aybdor ayollar

 


    Oʻtgan asrning 30-yillarida avj olgan “Katta qirgʻin” minglab begunoh insonlar hayotini yoʻq qildi. 1937-1939 yillardagi keng koʻlamli siyosiy qatagʻon davomida soxta ayblovlar bilan davlat va jamiyat arboblari, xoʻjalik rahbarlari, milliy ziyolilar, yozuvchilar, shoirlar, olimlar, davlat arboblari va chet elda taʼlim olgan talabalar, hatto oddiy xalq vakillari ham nishonga olindi.


    “Xalq dushmani” va “vatan xoini” kabi tamgʻalar nafaqat erkaklarga, balki ularning ayollariga ham hech qanday dalil-isbotsiz qoʻyildi. Aksar hollarda erkaklar qamalganidan soʻng, ularning turmush oʻrtoqlari ham ayblanib, jazoga tortilgan. 1937-yil 15-avgustda SSSR Ichki ishlar xalq komissarligi (NKVD) tomonidan chiqarilgan “Vatan xoinlarining ayollari va farzandlarini qatagʻon qilish tartibi toʻgʻrisida”gi buyruq esa bu zoʻravonlik va adolatsizlikka “huquqiy” tus berdi. Unga koʻra, “xalq dushmanlari” deb topilgan shaxslarning oilalari – ayollari, farzandlari va yaqin qarindoshlari qamoqqa olinishi, surgun qilinishi yoki bolalar uylariga joʻnatilishi lozim edi.


    Shu asosda 1938-1939 yillarda taxminan 18 ming ayol “vatan xoinining rafiqasi” sifatida lagerlarga yuborilgan. Ayniqsa, Qozogʻistonning Qaragʻanda viloyatida joylashgan A.L.J.I.R (Akmolinskiy lager jyon izmennikov rodinы) maxsus tashkil etilgan lagerda 1938-1946 yillar davomida 6,5 mingdan ortiq ayol jazoni oʻtagan. Bu ayollar asosan sobiq rahbarlar, ziyolilar, davlat arboblarining rafiqalari boʻlgan. Ularning koʻpchiligi hech qanday jinoyat sodir etmagan oddiy uy bekalari edi. Ular doʻq-poʻpisa, qiynoqlar va zoʻravonliklar ostida turmush oʻrtoqlariga qarshi koʻrsatma berishga majburlangan.

    Maʼlumotlarga koʻra, 1937-yil 15-avgustdan 1939-yil yanvarigacha boʻlgan muddatda ittifoq boʻyicha 25 mingdan ortiq bola ota-onasidan ajratilgan. Ularning 22 mingdan ziyodi bolalar uylari va bogʻchalarga joylashtirilgan, 15 yoshdan kattalar esa “ijtimoiy xavfli” deb topilib, axloq tuzatish koloniyalariga yoki NKVD lagerlariga yuborilgan. Qaragʻanda lageridagi mahbus ayollar jazo oʻtayotgan vaqtda 1500 dan ortiq farzand dunyoga kelgan. Bu bolalarning aksariyati zoʻravonlik natijasida tugʻilgan.


    Onadan ajratilgan, ildizsiz qoldirilgan bu bolalar sovet mafkurasiga singdirilib, ota-onasini ham, milliy oʻzligini ham unutishga majburlandi. Ularni mutlaqo boshqa mafkura ruhida tarbiyalab, “manqurt avlod” shakllantirilgan.


    Oʻzbekistonda ham minglab ayollar – ziyolilar, jamoat arboblari va boshqa guruh vakillarining rafiqalari aybsiz aybdorga chiqarilib, qatagʻonlarga uchradi. Ular xorlik, ruhiy va jismoniy azoblar ichida hayot kechirishga majbur boʻldi. Bolalar esa ota-onasiz holda yetimxonalar, koloniyalar va bolalar lagerlarida hayot kechirdi.


    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Qatagʻon: Tarix Haqiqatlari” nomli media loyiha aynan 1937-1939 yillardagi qatagʻonlarni qisqa metrajli hujjatli filmda aks ettirmoqda. 


    Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi direktori oʻrinbosari Murod Zikrullayev taʼkidlashicha,  “Katta qirgʻin” davrida minglab zabardast ziyolilarimiz, davlat arboblari, fan, madaniyat, adabiyot, sanʼat vakillari, oddiy xalq vakillari, ularning ayollari va yaqinlari nohaq qatagʻon qurboni boʻlgan. 


    “Qatagʻon bizning tariximizdagi eng fojiali sahifalardan biridir. Bunday voqealarga koʻz yumib boʻlmaydi, chunki bu xalqimizning ravnaqi va ozodligi yoʻlida kurashgan ajdodlarimiz ruhiga hurmatsizlik boʻladi. Aynan oʻsha davrda sovet mustabid tuzumi oʻz hokimiyatini mustahkamlash uchun Qatagʻon siyosatni amalga oshirgan. Barcha ittifoq respublikalarida keng koʻlamda qatagʻonlar boshlangan. Bu katta qirgʻin – umuman siyosiy qatagʻon, tarixchilar tomonidan xalqlarga qarshi amalga oshirilgan genotsid deb baholanmoqda. Biz mazkur loyiha orqali qatagʻon siyosati hech qanday millat tanlamaganini isbotlaymiz.”  ― dedi Murod Zikrullayev Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan oʻrin olishi kutilayotgan “Qatagʻon: tarix haqiqatlari” media loyihasi haqida gapirar ekan. 
 



Shahnoza Rahmonova
P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.