Mir Arab madrasasi haqida 10 ta fakt




    1. Qurilishi 1530–1536-yillarda amalga oshirilgan


    Mir Arab madrasasi XVI asr boshlarida, yaʼni 1530–1536 yillar oraligʻida qurilgan. Ushbu inshootni barpo etish tashabbusi Buxoro xoni Ubaydullaxon II tomonidan ilgari surilgan. U hukmronlik yillarida (1533–1540) oʻzining piri – mashhur Naqshbandiy shayxi Sayyid Abdulloh al-Yamaniy (Mir Arab)ga boʻlgan hurmati yuksak boʻlgani sababli, aynan uning nomiga madrasa qurdirgan.

 

    2. Madrasaga nom bergan shaxs – Mir Arab (Sayyid Abdulloh al-Yamaniy)


    Madrasaning nomi bejiz tanlanmagan. Mir Arab asli Yamandan boʻlib, 22 yoshida Samarqandga kelgan va Xoja Ahror Valiyning shogirdi boʻlgan. U Naqshbandiya tariqatini Buxoroda faol targʻib qilgan. Shuningdek, Sabron, Vobkent, Shofirkon kabi joylarda obodonchilik ishlari olib borgan. Dindorligi, taqvosi va xalq uchun qilgan xizmatlari uni el orasida hurmatli zotga aylantirgan.

 

    3. Qurilish yakunini kuyovi Shayx Zakariyo nihoyasiga yetkazgan


    1536 yil boshlarida Mir Arab vafot etadi. Qurilishi davom etayotgan madrasani yakunlash vazifasi uning kuyovi Shayx Zakariyoga topshiriladi. U oʻziga ishonib topshirilgan ushbu masʼuliyatli vazifani sharaf bilan ado etib, inshootni toʻliq yakunlaydi.

 

    4. Sovet davrida yopilib, 1945 yilda yana faoliyat boshlagan


    1920 yillar oxirlaridan boshlab shoʻro davlati diniy oʻquv yurtlarini yopishga kirishgan. Mir Arab madrasasi ham bu siyosatdan chetda qolmagan. Biroq, 1945 yilda – Ikkinchi jahon urushi tugashiga yaqin bir vaqtda SSSR hukumati musulmonlar uchun bitta rasmiy diniy oʻquv yurti ochishga ruxsat beradi. Shu tariqa, Mir Arab madrasasi yana oʻz faoliyatini tiklaydi va uzoq yillar mobaynida Oʻrta Osiyodagi yagona rasmiy islomiy taʼlim maskani boʻlib qoladi.

 

    5. Oʻzbekiston musulmonlari uchun yirik diniy ilm markazi


    Madrasada Oʻrta Osiyo, Qozogʻiston, Kavkaz, Rossiya va boshqa hududlardan musulmon talabalar tahsil olgan. Bu yerda Qurʼon ilmi, tafsir, fiqh, hadis, aqoida, tarix va boshqa diniy fanlar chuqur oʻrgatilgan. Bugungi kunda ham madrasa Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufida faoliyat yuritmoqda.

 

 

    6. Oʻquv tizimi zamonaviy va anʼanaviy fanlar uygʻunligiga asoslangan


    Madrasaning oʻquv muddati 4 yil boʻlib, kunduzgi boʻlimga 15 yoshdan 35 yoshgacha boʻlgan oʻrta yoki toʻliqsiz oʻrta maʼlumotli shaxslar qabul qilinadi. Darslar asosan oʻzbek va arab tillarida olib boriladi. Shuningdek, arab, ingliz, rus va fors tillari ham oʻrgatiladi. Diniy fanlar bilan bir qatorda zamonaviy umumtaʼlim fanlari ham oʻrgatiladi.

 

    7. Meʼmoriy tuzilmasi – gʻoyat murakkab va badiiy


    Madrasaning umumiy oʻlchami 68,5 × 51,8 metr, hovlisi esa 35,4 × 31,3 metrni tashkil etadi. Peshtoqi baland boʻlib, asosiy darvozasi ortida 5 gumbazli miyonsaroy, ikki tomonda gumbazli darsxona va masjid mavjud. Madrasaning har bir tomoni boʻylab 114 ta ikki oshyonli hujralar joylashgan. Ichki hovli ayvonli va ochiq boʻlib, muvozanatli tuzilishga ega.

 

    8. Goʻrxona – tarixiy ziyoratgoh


    Madrasaning gʻarbiy burchagida joylashgan goʻrxonada Buxoro xoni Ubaydullaxon II ning xattam uslubida ishlangan yogʻoch sagʻanasi mavjud. Bu yerda, shuningdek, Mir Arab va uning qarindoshlari dafn etilgan. Goʻrxonaning ichki qismi ganch oʻymakorligi, muqarnaslar va rangbarang koshin bezaklari bilan bezatilgan boʻlib, oʻz davrining sanʼat namunalaridan hisoblanadi.

 

    9. Suv tizimi va poydevor mustahkamligi


    Afsonalarga koʻra, madrasa qurilishidan oldin yer chuqur qazilib, tagiga togʻ toshlari yotqizilgan. Suv toʻplanmasligi uchun yer ostida maxsus drenaj – tazarlar tizimi barpo etilgan. Bu tizim qor va yomgʻir suvlarini madrasa hududidan shahar tashqarisiga chiqarib yuborishga xizmat qilgan. Bu meʼmoriy yondashuv madrasa poydevorini barqaror saqlab turishga katta hissa qoʻshgan.

 

    10. Restavratsiyalar – tarixni asrash yoʻlida muhim bosqich


    1970 yillar oxiri va 1990 yillar davomida madrasa bir necha bor restavratsiya qilingan. Ayniqsa, Buxoroning 2500 yilligi (1997 yil) munosabati bilan madrasaning peshtogʻi, gumbazlari, koshinkor bezaklari, yozuvlari asliyatga yaqin holda qayta tiklangan. Bu restavratsiyalar madrasaning tarixiy koʻrinishini saqlab qolishda muhim rol oʻynagan.

 

    Mir Arab madrasasi – bu faqatgina oʻquv yurti emas, balki Oʻzbekiston va butun musulmon Sharqining diniy-maʼnaviy merosiga oid yuksak tarixiy yodgorlikdir. Uning qadriyatlari, meʼmorchiligi va ilmiy anʼanalari bugungi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Bu maskan nafaqat oʻtmish, balki kelajak avlodlar uchun ham bebaho maʼnaviy maktabdir.

 

Husan Tursunov

P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.