Oʻzbekistonning xorijdagi elchilari Global koʻrgazmani yuqori saviyada oʻtkazishga koʻmaklashishadi

 

 

    Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida Islom sivilizatsiyasi markazi rahbariyati, vazirlik xodimlari va mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari ishtirokida onlayn muloqot boʻlib oʻtdi.

 

    Muloqotda Markazning joriy yilda kutilayotgan rasmiy ochilish marosimiga tayyorgarlik holati muhokama qilindi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xalqaro miqyosdagi ilmiy-maʼrifiy maskan sifatida Oʻzbekistonning maʼnaviy va intellektual merosini jahonga keng targʻib etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

    Tadbirda taʼkidlanganidek, Islom sivilizatsiyasi markazida “Oʻzbekiston madaniy merosi – butun insoniyat mulki” mavzusida global koʻrgazma oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Koʻrgazmada xorijdagi 43 ta nufuzli muzey va kutubxonalar ishtirok etadi. Tashqi ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi va elchixonalar koʻmagida xorijiy fondlardan qariyb 1000 ta eksponat – noyob qoʻlyozmalar, tarixiy hujjatlar va asarlar roʻyxati shakllantirildi.

 

 

    Markaz tomonidan xorijda saqlanayotgan 200 ga yaqin qoʻlyozmaning faksimile nusxasini chop etish, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi allomalarga oid asarlar hamda tarixiy Qurʼon nusxalarini koʻrgazmada namoyish qilish belgilangan. Shuningdek, 61 ta muhim eksponatning mulyaji tayyorlanishi koʻzda tutilgan boʻlib, ularning xavfsiz tashilishi, saqlanishi va namoyishi boʻyicha zarur kafolatlar, sugʻurta va vitrina maʼlumotlari tayyorlab qoʻyilgan.

 

    Mazkur global koʻrgazma Yangi Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi va ilmiy-maʼrifiy salohiyatini yanada mustahkamlashda muhim voqelik boʻlishi taʼkidlandi.



 

    Tadbirda ishtirok etgan tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari Bahromjon Aʼloyev Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasining ochilish marosimi va Global koʻrgazmani yuqori saviyada oʻtkazishda vazirlik xodimlari hamda xorijdagi elchixonalarimiz vakillari imkon darajasida yordam berishga tayyorligini bildirdi.

 

    Muloqot yakunida Tashqi ishlar vazirligi va elchixonalardan mazkur yoʻnalishdagi ishlarni jadallashtirish, madaniy diplomatiyani kuchaytirishga qaratilgan vazifalar belgilab olindi.

 

Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati