Boburiy shahzodaning surati Oʻzbekistonga qaytmoqda
Zargʻaldoq rangdagi chiziqli salla va tilla jozibakor naqshlar bilan bezatilgan joma kiygan, oʻng qoʻlida talvar (hind qilichi) va belbogʻi — patkasiga taqalgan katah (kinjal) bilan, chap qoʻlida rondash (qalqan) ushlab turgan, oʻng tomonga qarab turgan Shahzoda Doniyol portreti. Orqa fonda gul shoxchalari tasvirlangan. Rasm qogʻozga boʻyoqlar va tilla yordamida chizilgan. Bu asar taxminan 1600 yillarga oid boʻlib, Boburiylar yoki Dekkan maktabiga mansub. Rasm XVII asrda tayyorlangan Boburiylar albom sahifasiga joylashtirilgan boʻlib, unda ranglar va tilla bilan bezatilgan nastaliq xatidan foydalanilgan, albomning past qismida esa shaxsni “Abdullohxon Oʻzbek” deb xato nishonlovchi yozuv bor. Orqa tomonda ranglar tilla bilan bezatilgan va Muhammad Muxsin imzosi bilan tushirilgan forscha ruboiy yozilgan.
Shahzoda Doniyol haqida
Shahzoda Doniyol — Hindistonda hukmronlik qilgan Boburiylar sultoni Akbar (1556–1605)ning uchinchi oʻgʻli boʻlib, otasi tomonidan juda qadrlangan. U sheʼriyatga muhabbat qoʻygan va fors hamda hind tillarida sheʼrlar yozgan. Doniyol shijoatli sarkarda ham boʻlgan: 1597 yilda Allohobodga hokim qilib tayinlangan, 1599 yilda esa Dekkanga valiahd qilib yuborilgan va bir necha harbiy yurishlarga rahbarlik qilgan. Ammo afsuski, u 1605 yilda 32 yoshida ichkilikbozlik oqibatida vafot etgan. Uning oʻlimi ortidan yetti oy oʻtib otasi Akbar ham vafot etgan.
Surat haqida
Bu portret qayerda chizilgani borasida turli taxminlar bor. Doniyol avval Allohobodda, soʻng Dekkanda boʻlgan. Shahzoda Salim (keyinchalik Jahongir) taxminan 1600–1604 yillarda Allohobodda rasm maktabini tashkil etgan va u yerda Doniyol hokim boʻlib ishlagan. Bu davrda Boburiylar rassomlari faol harakatda boʻlishgan. Ushbu albom sahifasidagi kalligrafiya Muhammad Muxsinga tegishli ekani, Shahzoda Doniyolning bunday ijodkorlarga homiylik qilganidan dalolat beradi.
Doniyolning bir nechta portretlari maʼlum. U Akbarning oʻgʻli va kelajakda podshoh boʻlgan Jahongirning ukasi sifatida, Boburiylar rassomlari uchun diqqatga sazovor shaxs edi. Manoxar nomli mashhur rassom tomonidan chizilgan portret (1600–1605) Nyu-Yorkdagi Metropoliten muzeyidagi Kevorkyan albomida saqlanadi. Shuningdek, Baltimordagi Uolters sanʼat galereyasi (W.668, folio 28), Kanada Milliy galereyasida (23557), Oksforddagi Bodleyan kutubxonasida (Douce Or. a.1, fol. 29a) va Britaniya muzeyida (1920,0917, O.13.34) saqlanayotgan boshqa portretlar ham mavjud. Bu rasmlarda ham Shahzoda Doniyol oʻng tomonga qarab turgan holda tasvirlangan.
Boburiylar podshoh va amaldorlari portretlari odatda yuzma-yuz emas, balki profildan chizilgan boʻlib, saroylaridagi hayotni hujjatlashtirish va sanʼatni madh etish maqsadida shunday amalga oshirilgan. Bu kabi asarlar sanʼat tarixida muhim oʻrin tutadi va XVII asrda Boburiylar rassomxonalarining doimiy buyurtmalaridan biri boʻlgan.
Kalligrafiya haqida
Muhammad Muxsinning nozik nastaliq xatida yozilgan ruboiy bu albom sahifasi yuqori darajali homiy uchun tayyorlanganini koʻrsatadi. U homiy ehtimolan Shahzoda Doniyolning oʻzi boʻlishi mumkin.
Forscha ruboiy (orqa sahifada):
از من بر شه سخن که گوید
من خود چه کسم سخن که گوید
درد همه پیش شاه گفتند
من کیستم و ز من که گوید
Tarjimasi:
Meni podshohga soʻz qilgan odam kim ekan?
Men kimman oʻzi, u haqda soʻz aytilishi mumkinmi?
Hamma dardimni podshohga aytishibdi.
Men kimmanki, men haqimda gapirsinlar?
Ushbu satrlar mashhur shoir Abdurahmon Jomiy (vaf. 1492)ning “Haft Avrang” asarining oxirgi bobidan olingan. Boburiylar sulolasi oʻzini temuriylar avlodi deb bilgan va Jomiyga oʻta hurmat bilan qaragani uchun bu satrlarning ishlatilishi mantiqan tushunarli.
Muhammad Muxsin haqida
Usmonli tarixchisi Mustakimzoda Sulaymon Sadeddin Efandining mashhur "Tuhfai xattotin" asarida Muhammad Muxsin haqida maʼlumot keltirilgan. U Shayboniylar saroyida xizmat qilgan mashhur xattot Mahmud ibn Ishoq Shihobiy (vaf. 1583) shogirdi boʻlgan. U avval Buxorodagi Ubaydulloxon, keyinroq Balxda Shoh Husayn Shihobiy xizmatida boʻlgan.
Muhammad Muxsin Boburiylar saroyida, ayniqsa Shahzoda Doniyol huzurida homiylik izlagan. Ushbu kalligrafiya sahifasi ham ana shu munosabat bilan tayyorlangan boʻlib, kalligrafning minnatdorchiligini ifoda etgan va Shahzoda Doniyolning shaxsiy albomiga kiritilgan boʻlishi ehtimoldan xoli emas.
Ushbu surat Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimi munosabati bilan oʻtadigan global koʻrgazma uchun Buyuk Britaniyadan keltirilishi kutilmoqda.
Durdona Rasulova
P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
