Mir Ali Tabriziy — harf sanʼati dahosi

 

    Mir Ali Tabriziy tomonidan yaratilgan yozuv sanʼati — nafaqat oʻz davrining estetik inqilobi, balki bugungi kunga qadar yetib kelgan yuksak maʼnaviy merosdir. Oradan asrlar oʻtgan boʻlsa-da, uning nomi, uslubi va ayniqsa, goʻzallik bilan birga fikr chuqurligini ham mujassam etgan nastaʼliq xat turi hanuz hayot kechirmoqda. Bu yozuvlar bugungi kunda ham nafaqat oʻqiladi, balki tomosha qilinadi, oʻrganiladi va yuksak qadrlanadi.

 

    Britaniya muzeyi, Eron Milliy kutubxonasi, Rossiya Milliy kutubxonasi kabi dunyodagi eng nufuzli muzey va kutubxonalar Mir Ali Tabriziy qalamiga mansub qoʻlyozmalarni oʻzining eng nodir xazinalari sifatida ehtiyotkorlik bilan saqlamoqda. Bu asarlar asrlar osha yoʻqolib ketmagan, balki ehtirom bilan saqlanib, madaniy meros sifatida muntazam oʻrganib boriladigan beqiyos boylikka aylangan.

 

    Zero, Mir Ali Tabriziy bitgan har bir satr — sanʼatning jonli va taʼsirli ifodasidir. Uning harflari soʻzdan avval ruhga, koʻzdan avval qalbga singadi. Shu bois, Mir Ali Tabriziyning nomi muzeylarning ekspozitsiyalarida emas, balki inson tafakkuri va madaniy xotirasida tirik qolmoqda.


    Mir Ali Tabriziy yaratgan nastaʼliq xat turi — sanʼat, fikr va zavq uygʻunligining yuksak namunasidir. U “nasx” xatining qonuniy tartibini, “taʼliq”ning erkin va ravon oqimini olib, oʻziga xos uslubda — betakror va yuksak estetik talablarga javob beradigan yangi yozuv shaklini yaratdi. Bu oʻzgarish shunchaki kalligrafik texnika emas, balki madaniy dunyoqarashdagi ilgʻor burilish edi. Nastaʼliq orqali satrlar nafislashdi, soʻzlar orqali fikrlar yanada chiroyli va taʼsirli ifodalanadigan boʻldi.

 

    Kashfiyoti va ilm-fanga qoʻshgan hissasi

 

    Mir Ali Tabriziyning eng buyuk xizmati — bu husnixat sanʼatida mutlaqo yangi, mukammal va estetik jihatdan chiroyli xat turi — nastaʼliqni yaratishi bilan bogʻliq. U “nasx” va “taʼliq” deb atalgan ikki tur xatning eng yaxshi jihatlarini tahlil qilib, ularni uygʻunlashtirdi. Bu sintez natijasida vujudga kelgan yozuv — oʻz davri uchun haqiqiy inqilob boʻldi.

 

    Nastaʼliq xat turi nafaqat chiroyli va nozik shaklga ega, balki unda ritm, tiniqlik va tabiiy bogʻlanish saqlangan. Har bir harf boshqasi bilan uygʻun tarzda bogʻlanadi, satrlar oʻrtasida muvozanat saqlanadi. Bu esa uni ham oʻqish, ham yozishni osonlashtirgan va ayni paytda uni yuksak husn bilan bezalgan yozuvga aylantirgan.

 

    Mir Ali ushbu uslubni yaratish bilan cheklanib qolmadi. U harflarning shakli, muvozanati va bogʻlanishi haqida maxsus sheʼriy risola ham yozdi. Bu qoʻllanma keyinchalik Xuroson va Movarounnahrdagi xattotlar uchun asosiy manba sifatida xizmat qildi.

 

    Vaqt oʻtishi bilan nastaʼliq butun Sharqda — Eron, Movarounnahr, Ozarbayjon, Hindiston va Usmonli Turkiyasida keng tarqaldi. U faqat qoʻlyozmalarda emas, balki devonlar, sheʼriy toʻplamlar, ilmiy asarlar, farmonlar va shaxsiy maktublarda asosiy yozuv turiga aylandi. U soʻzni nafosat bilan ifoda etishning yangi pogʻonasini belgiladi.

 

    Koʻchirgan qoʻlyozmalari

 

    Mir Ali Tabriziy nafaqat yangi yozuv uslubining muallifi, balki shu uslubda beqiyos asarlar koʻchirgan mohir xattot ham edi. Uning qoʻlidan chiqqan qoʻlyozmalar nafaqat nafis xat bilan, balki oʻz davrining maʼnaviy yutuqlarini saqlagani bilan ham qimmatlidir.

 

    U koʻchirgan asarlar orasida Saʼdiyning “Kulliyot” va “Boʻston”, Kirmoniyning “Humoy va Humoyun”, “Kamolnoma”, “Ravzat al-anvor”, Nizomiy va Amir Xusrav Dehlaviyning “Xamsa”lari bor. Bu asarlar fors-toҷik adabiyotining durdonalari boʻlib, Mir Ali ularni oʻzining betakror nastaʼliq xat uslubida koʻchirib, adabiy va maʼnaviy jihatdan abadiylashtirgan.

 

    Ayrim qoʻlyozmalar Britaniya muzeyida, boshqalari Eron Milliy kutubxonasi va Sankt-Peterburgdagi Rossiya Milliy kutubxonasida saqlanmoqda. Masalan, 1396 yilda koʻchirilgan “Humoy va Humoyun” dostoni yoki “Xamsa”lar bugun ham muhaqqiqlar uchun muhim manba sanaladi. Ular Mir Ali qalamining jivirlagan ovozini asrlar osha eshittiradi.

 

    Bu xatlar estetik qimmatdan tashqari, ilmiy, madaniy va maʼrifiy ahamiyatga ega. U bitgan har bir satr — oʻsha davrning ruhi, qalbi va didi bilan sugʻorilgan. Shunday ekan, Mir Ali Tabriziyning qoʻlyozmalari butun Sharq tamaddunining muhim madaniy hujjati hisoblanadi.

 

       Nastaʼliq xatining tarqalishi va taʼsiri

 

    Mir Ali yaratgan nastaʼliq xat turi XV asrning ikkinchi yarmidan boshlab Sharqdagi yozuv anʼanalarini mutlaqo yangiladi. Qisqa fursat ichida bu xat oʻzining estetik goʻzalligi, muvozanati va harflar oʻrtasidagi bogʻlanishlari bilan qalblarni zabt etdi. Bu uslub kalligrafiya bilan cheklanib qolmadi — u adabiyot, hujjatshunoslik, ilm va maʼrifat sohalarida ham keng qoʻllanila boshladi.

 

    Sheʼriyat nastaʼliq uchun eng muqaddas maydonga aylandi. Zero, bu xat turi sheʼriy tuygʻular, obrazlar va maʼnolarni nafosat bilan ifoda etishda tengsiz edi. Saʼdiy, Hofiz, Kamoliddin Behzod kabi buyuklar asarlari aynan nastaʼliq xatida hayot kechirdi.

 

    Keyinchalik, nastaʼliq faqat nodir asarlarda emas, balki kundalik yozishmalarda, davlat farmonlarida, shaxsiy maktublarda ham ishlatila boshlandi. Bu uning hayotga yaqinlashganini, xalq qalbiga kirib borganini koʻrsatadi.

 

    Nastaʼliq orqali nafaqat soʻz, balki ruh, tuygʻu va zavq ham ifoda topdi. U qalamni sanʼatga, qogʻozni esa sahnaga aylantirdi.


    Mir Ali Tabriziy yaratgan nastaʼliq xat turi — shunchaki yozuv emas. Bu — Sharq dunyoqarashining, zavqining, fikrlash uslubining, tarixiy xotirasining bitik shaklidir. U harflar orqali xalqlarni bogʻladi, madaniyatlarni uygʻunlashtirdi va maʼnaviy hayot bagʻishladi.

 

    Mir Ali nafaqat xattotlik sanʼatini yangi pogʻonaga koʻtargan ustoz, balki butun bir madaniy muhitni shakllantirgan intellektual shaxs edi. Uning nastaʼliqni yaratishi — bir inson amalga oshirgan uslubiy oʻzgarish emas, balki Sharq sivilizatsiyasida fikr va soʻzni ifoda etishning yangi dunyoqarashini yuzaga keltirgan voqelikdir.

 

    Bugun ham uning uslubi kalligrafiya, dizayn, muzey ishlari va madaniy merosni tiklash sohalarida faol qoʻllanilmoqda. Bu esa Mir Ali Tabriziy qalamidagi hayotchanlik va uning kashfiyotidagi hayotiy ahamiyatni tasdiqlaydi.


    Shunday ekan, Mir Ali Tabriziyni nafaqat oʻtmish xattotlaridan biri, balki harf va fikrni uygʻunlashtirgan maʼnaviyat meʼmori sifatida yod etishimiz zarur.


Husan Tursunov

P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.