Akademik Azamat Ziyo: Tarixni koʻrish emas, anglash muhim!

  

  Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyini boyitish borasida ishchi guruhlar, olimlar tomonidan amalga oshirilayotgan ilmiy innovatsion loyihalarga bir qator takliflar berdi.

 

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida navbatdagi ilmiy-amaliy muhokama boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo ishtirokida oʻtkazilgan muhokamada Markazda yaratilayotgan ekspozitsiyalar, xususan, Ikkinchi Renessans davri, Temuriylar sulolasi hamda boshqa muhim tarixiy bosqichlarga oid eksponatlar mazmuni tahlil qilindi.

 

    Maqsad – tarixiy merosni chuqur ilmiy asosda yoritish, Islom sivilizatsiyasining Oʻzbekistondagi taraqqiyot bosqichlarini ochib berish, uning jahon tamadduniga qoʻshgan ulkan hissasini keng jamoatchilikka yetkazish, shuningdek, ekspozitsiyalar mazmunini ilmiy va maʼrifiy jihatdan boyitishdir.


    Muhokama davomida  ekspozitsiyalarning ilmiy-tarixiy asoslarini yanada boyitishga qaratilgan bir qator taklif va tavsiyalar bildirildi. Jumladan:

 

    Temuriy ayollar merosi: Temuriylar davrida ijtimoiy hayotda faol ishtirok etgan ayollar, ularning ilm-fan, meʼmorchilik, adabiyot va xayriya faoliyatidagi oʻrni haqida maxsus boʻlim ajratish taklif qilindi. Bu yondashuv Temuriylar zamonasidagi ayollar faolligini yoritish imkonini beradi.

 

    Temur taxti eksponati: Amir Temurning hokimiyat ramzi sifatida tarixiy manbalarda qayd etilgan taxtining ilmiy asosda rekonstruksiya qilingan nusxasini yaratish, ekspozitsiyada esa ushbu timsol orqali Temuriylar davlat tuzilmasi, markaziy boshqaruv, diplomatik siyosat va davlat ramzlari haqida keng axborot berish rejalashtirildi.

 

    “Temur tuzuklari”ning yetti tilda nashri: Buyuk sarkarda tomonidan yozilgan mashhur “Temur tuzuklari” asarini oʻzbek, ingliz, arab, fors, rus, fransuz va xitoy tillarida nashr etib, Markaz kutubxonasi hamda ekspozitsiya zallarida elektron va bosma koʻrinishda keng ommaga taqdim etish masalasi muhokama qilindi.

 

    Shuningdek, Oʻz FA Tarix instituti olimlari bilan birgalikda ekspozitsiyalarni ilmiy jihatdan takomillashtirish ekspozitsiyalarni ishlab chiqishda tarixiy manbalarga asoslanish bilan birga zamonaviy texnologiyalar, raqamli tasvirlar, animatsiyalar va interaktiv yondashuvlardan foydalanish orqali ularni yoshlar, talabalar hamda keng jamoatchilik uchun yanada tushunarli va jozibador shaklda taqdim etish zarurligi taʼkidlandi.