“Buyuk oʻtmish merosi – maʼrifatli kelajak poydevori” IX Xalqaro kongressga qizgʻin tayyorgarlik koʻrilmoqda
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Imom Buxoriy majmuasining ochilishi munosabati bilan joriy yilda oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan “Buyuk oʻtmish merosi – maʼrifatli kelajak poydevori” mavzusidagi IX Xalqaro kongressga qizgʻin tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Ushbu nufuzli ilmiy anjuman dunyo miqyosidagi tarixchi, sharqshunos, islomshunos, manbashunos va madaniy meros boʻyicha mutaxassislarni birlashtiradi. Kongress doirasida yalpi majlislar, mavzuli seksiya yigʻilishlari, ilmiy loyihalar muhokamasi hamda soʻnggi ilmiy topilmalarning taqdimoti oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Maxsus ekspertlar tomonidan yuzlab maʼruzalar taqdim etiladi, tarixiy manbalarga yangi yondashuvlar muhokama qilinadi.
Maʼlumot uchun, anjuman doirasida anʼanaga muvofiq, “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” kitob-albomining 81-90-jildlari taqdimoti ham boʻlib oʻtadi. Ushbu turkumda jahon muzey va kutubxonalarida saqlanayotgan, Oʻzbekiston tarixiy merosiga oid nodir asar va artefaktlar ilmiy tavsiflangan.
IX Xalqaro kongress nafaqat ilmiy doiralarda, balki jamoatchilik orasida ham katta qiziqish uygʻotmoqda. Chunki bu anjuman Oʻzbekistonning islom sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan hissasini yanada yorqinroq namoyon etish, xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, yangi ilmiy kashfiyotlar va tadqiqotlar uchun yangi maydon yaratishi bilan ahamiyatlidir.
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
