Lutfiy adabiy merosi targʻib qilinadi
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan tayyorlanayotgan ekspozitsiyalar orasida Lutfiy adabiy merosiga bagʻishlangan maxsus medialoyiha alohida oʻrin tutadi.
Lutfiy — XV asr oʻzbek adabiyotining yirik namoyondalaridan biri, klassik gʻazal va masnaviy janrlarida yuksak namunalar yaratgan shoir. Uning badiiy uslubi, lirik teranligi va maʼnaviy dunyoqarashi oʻzbek adabiy merosida munosib oʻrin egallaydi.
Olim E. Ahmadxoʻjayevning aniqlashi boʻyicha, Lutfiy qalamiga mansub mavjud sheʼrlarning umumiy miqdori 2774 bayt yoki 5548 misradan ortiq. Ularning katta qismi (2086 bayti) gʻazal janrida yozilgan. Mavlono Lutfiy XVI–XX asrlar mobaynida koʻchirilgan turkiy devonining 33 ta qoʻlyozma nusxasi yetib kelgan boʻlib, ular Toshkent, Dushanbe, Istanbul, Tehron, London, Parij, Sankt-Peterburg kutubxonalari va qoʻlyozma fondlarida saqlanadi. Shuningdek, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti, Qoʻlyozmalar instituti fondlarida Lutfiy devonining oʻnlab nodir nusxalari saqlanadi.
Medialoyiha doirasida Lutfiy hayoti va ijodi zamonaviy vizual yechimlar, multimedia va interaktiv formatlar orqali keng auditoriyaga taqdim etiladi. Bu nafaqat yoshlar, balki adabiyot va madaniyat ixlosmandlari uchun ham qadimiy merosni qayta kashf etish imkonini beradi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma