Vaqtni ortga burgan taxta

 

   Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan oʻrin oladigan miniatyurada Sohibqiron Amir Temur shaxmat oʻynab oʻtirgan holda aks ettiriladi.

 

   Islom sivilizatsiyasi markazidagi “Vaqt devori” ekspozitsiyasida Ikkinchi Renessans davri, xususan, Temuriylar Renessansiga oid maʼnaviy va madaniy yuksalish jarayonlarini aks ettiruvchi vizual manzaralar ustida ish olib borilmoqda.

 

    Yigʻilish doirasida Amir Temur, Shohruh Mirzo, Ulugʻbek Mirzo va Husayn Boyqaro davridagi maʼnaviy yuksalishni sanʼat vositalari orqali ifoda etish mumkinligi muhokama qilindi. Ayniqsa, rangtasvir orqali tarixiy obrazlarni jonlantirish masalasi ilmiy va kreativ mulohazalarga boy kechdi.

 

   Yigʻilishda katta qiziqish uygʻotgan masalalardan biri — miniatyurada Sohibqiron Amir Temurni shaxmat oʻynab oʻtirgan holda qanday aks ettirish loyihasi boʻldi.

   Mutaxassislar bu sahna orqali nafaqat Temur shaxsiy did va intellektual qobiliyatlarini, balki oʻsha davr madaniyati va aqliy oʻyinlar darajasini namoyon etish imkoni borligini qayd etishdi.

     Taʼkidlanishicha, Amir Temur shaxmat oʻynashni juda yaxshi koʻrgan va bu oʻyin uning intellektual salohiyatining ifodasi sifatida muhim oʻrin tutgan. Shu munosabat bilan rangtasvir asarida aynan Temur davriga xos boʻlgan shaxmat taxtasi va oʻyin uslubini tasvirlash zarurligi belgilab olindi.

 

  Maʼlumotlarga koʻra, Temuriylar davrida qoʻllanilgan shaxmat taxtasi hozirgi 64 katakli shaxmatdan farqli ravishda 112 ta katakdan iborat boʻlgan. Unda vazir, dabboba (jang aravasi), shutur (tuya), zurofa (jirafa) kabi qoʻshimcha figuralar mavjud boʻlgan. Shaxmat donalari odatdagidek ikki emas, uch qatorda joylashtirilgan. Oʻyinning umumiy maqsadi — raqib shohini mot qilish — anʼanaviy shaklda saqlangan boʻlsa-da, uning uslubi va estetikasi oʻziga xos boʻlgan.

 

   Islom sivilizatsiyasi markazidagi ushbu ekspozitsiya orqali tomoshabinlar nafaqat Temuriylar davridagi intellektual hayot haqida maʼlumot oladilar, balki u zamon maʼnaviy rivojlanishning yuqori darajada boʻlganini ham his etishlari mumkin boʻladi.