OʻzISM vakillari Malayziyada boʻlib oʻtgan xalqaro seminarda qatnashdi
Joriy yilning 30 iyun - 1 iyul kunlari Malayziyaning Islom sivilizatsiyasi institutida Oʻzbekiston tomoni bilan hamkorlikda "Donishmandlik koʻprigi: Musulmon olamining ilm, falsafa va silsilaga qoʻshgan hissasi" nomli beshinchi ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tadbirning rasmiy ochilish marosimida Malayziya Milliy universiteti prorektori Faysal Muhammad, Malayziyaning Islom sivilizatsiyasi instituti direktori Fariza Sham va Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Oʻzbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbariyati, Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy va Imom Moturidiy ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov oʻz chiqishida ishtirokchilarga mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil maʼlumot berdi. U yosh tadqiqotchilarni ilm orqali jamiyatda bagʻrikenglik va birdamlik gʻoyalarini keng targʻib qilishga va bu boradagi ikki tomonlama olimlar va tadqiqotlar almashinuvlarini kengaytirishga chaqirdi.
Oʻzbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Oʻzbekiston hududida yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlarimizning nafaqat islom olami, balki dunyo ilm-fani va sivilizatsiyasi ravnaqiga qoʻshgan beqiyos hissasi haqida toʻxtaldi. Ulugʻ ajdodlarimizning boy ilmiy merosini birgalikda oʻrganish va oʻzligimizni, tariximizni yosh avlodlarga yetkazish davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Yangi Oʻzbekiston va Uchinchi Renessansni qurish yoʻlidagi muhim qadam ekanligini alohida taʼkidlandi.
Ikki kun davom etgan ushbu seminar "Siyosiy fanlar, siyosiy falsafa va axloqiy boshqaruv" va "Matematika, astronomiya va tibbiy innovatsiyalardagi inqilobiy yangiliklar" kabi sessiyalarni oʻz ichiga oldi. Unda 50 ga yaqin islom dunyosi olimlari oʻzlarining 27 ta tadqiqotlari bilan ishtirok etdi.
Taʼkidlash joizki, buyuk islom sivilizatsiyasi olimlari boy ilmiy merosini oʻrganishga qaratilgan ushbu qoʻshma tadqiqot platformasi 2020 yilda tashkil etilgan boʻlib, uning toʻrtinchi seminari 2024 yilda Toshkent shahrida oʻtkazilgan.
Oʻzbekiston Prezidentining joriy yil fevral oyidagi Malayziyaga rasmiy tashrifidan soʻng mazkur yoʻnalishdagi hamkorlik yanada jadallashdi.
Fariza Sham, Malayziyaning Islom hadlari (sivilizatsiyasi) instituti direktori:
– Anʼanamizga sodiq qolgan holda beshinchi marotaba Islom sivilizatsiyasi ulamolari seminarini yangi "Donishmandlik koʻprigi: Musulmon olamining ilm, falsafa va silsilaga qoʻshgan hissasi" mavzusida oʻtkazdik.
Bundan besh yil avval Oʻzbekiston tomoni bilan oʻzaro anglashuv memorandumini imzolash orqali boshlangan hamkorligimiz bugun doimiy muloqot va tadqiqot platformasiga aylanib ulgurdi.
Hozirda Islom hadhari instituti Oʻzbekistondagi bir qancha nufuzli institutlar yaqin hamkorlikda ishlab kelmoqda.
Oʻzbekiston elchixonasi koʻmagi bilan tashkil etilgan ushbu seminar musulmon olimlari, oʻqituvchilari va tadqiqotchilari uchun ilm-fan, texnologiya, din, psixologiya, jamiyat, fiqh, hadis va tafsir kabi turli sohalarda musulmon allomalarining buyuk ilmiy merosini oʻrganish va qayta koʻrib chiqish uchun muhim platforma boʻlishi bilan juda ahamiyatlidir.
Islom sivilizatsiyasining oltin davridagi musulmon olimlari ilm rivojiga katta taʼsir koʻrsatdi va bu hissalarni zamonaviy sharoitda yana bir bor oʻrganish biz uchun juda muhimdir.
Umid qilamizki, mumtoz islom qoʻlyozmalarida qayd etilgan nazariyalar, tamoyillar va bilimlar bugungi avlod tomonidan qaytadan kashf etiladi va chuqur oʻrganiladi. Bu bizning intellektual merosimizni asrab-avaylash va uning musulmon ummatiga foyda keltirishda davom etishiga yordam beradi.
Seminar natijalari ikki mamlakat institutlari oʻrtasida oʻzaro manfaatli tadqiqot ishlarini yaratilishiga, kitoblar va maqolalar chop etilishiga, shuningdek Malayziya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi xodimlar va talabalar almashinuvi dasturlari orqali akademik aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
