“Bu muzey emas, bu ilmiy markaz, haqiqiy tarixdir!”
“Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzey ekspozitsiyada namoyon boʻladigan Oqsaroy majmuasining maketi, uning saqlanib qolgan peshtogʻi va bezaklarida hamon ulugʻ tarix nafasini his etish mumkin” – deydi Arxitektura fanlari doktori, professor Abdumannop Ziyayev ayni paytda Markaz tomonidan olib borilayotgan ishlarga toʻxtalarkan.
Toshkentdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyida tarixchi olimlar, meʼmorlar va dizaynerlar ishtirokida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzey ekspozitsiyani boyitish bilan bogʻliq navbatdagi muhokama yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Muloqot chogʻida markazda amalga oshirilayotgan Ikkinchi Renessans ekspozitsiyasini yaratish jarayonlari, xususan, maketlarni aniq oʻlchamlarda joylashtirish, videomateriallardan foydalanish, tashqi va ichki dizayn uygʻunligini taʼminlash kabi muhim masalalar muhokama etildi.
Arxitektura fanlari doktori, professor Abdumannop Ziyayevning taʼkidlashicha, hozirgi bosqichda ekspozitsiya mazmunini shakllantirishdagi asosiy vazifa — tarixiy manzarani ilmiy asosda qayta tikilashdan iborat.
“Ekspozitsiyada namoyon boʻladigan Oqsaroy majmuasining maketi, uning saqlanib qolgan peshtogʻi va bezaklarida hamon ulugʻ tarix nafasini his etish mumkin, — deydi professor A.Ziyayev. — Bu inshoot texnik va tarixiy jihatdan beqiyos. Hozirda faqat bir qismi saqlangan boʻlsa-da, u sayyohlar eʼtiborini tortayotgani uning yuksak qiymatini koʻrsatadi. Amir Temur shaharsozlikda tipologik qonunlarga amal qilgan: masalan, qalʼa, darvoza kabilar oʻrnini aniq hisob-kitob asosida belgilagan. Bizning maqsad — ana shu yuksak meʼmoriy did va muhandislik mahoratni ekspozitsiyada ilmiy-amaliy asosda ifoda etishdir”.
Uchrashuvda taʼkidlanishicha, Islom sivilizatsiyasi markazida yaratilayotgan ekspozitsiyalar orqali nafaqat moddiy meros, balki shaharsozlik, muhandislik, irrigatsiya va meʼmorchilik anʼanalari ham zamonaviy texnologiyalar yordamida qayta jonlantirilmoqda. Har bir detal — puxta oʻylangan konsepsiya asosida shakllanmoqda.
Chet ellik dizaynerlar tomonidan taqdim etilayotgan texnik takliflar qoʻllab-quvvatlanayotgan boʻlsa-da, tarixiy merosni teran his qilish, ekspozitsiyaga milliy ruh bagʻishlashda mahalliy mutaxassislar hal qiluvchi oʻrinni egallamoqda. Ayni hamkorlik natijasida binolarning tashqi va ichki koʻrinishi oʻrtasida tabiiy uygʻunlik yaratilmoqda.
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
