Oʻzbekiston vakili Fransiyaning “Sanʼat va adabiyot” ordeni bilan taqdirlandi

   Kecha Fransiya Madaniyat vazirligida Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi raisi Gayane Umerovaga “Sanʼat va adabiyot” (Ordre des Arts et des Lettres)  ordeni kavaleri nishonini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

  Fransiya madaniyat vaziri Rashida Dati taqdirlash marosimidagi nutqida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Oʻzbekistonda madaniyat sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil davlat siyosatini eʼtirof etish borobarida, bu Fransiya bilan strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilayotganini taʼkidladi.

   “Ushbu yuksak mukofot Oʻzbekistonning xalqaro madaniy aloqalarni mustahkamlash va sanʼat sohasida global muloqotni rivojlantirishga qoʻshgan saʼy-harakatlari va hissasining eʼtirofidir. Hukumat, Prezident maʼmuriyati va Fransiya Tashqi ishlar vazirligi, diplomatik korpus vakillari, madaniyat arboblari va xalqaro hamkorlar ishtirokida Oʻzbekiston vakilining ushbu orden bilan taqdirlangani Yangi Oʻzbekiston madaniy diplomatiyasi samaradorligining yorqin dalilidir”, - dedi vazir Rashida Dati.

   Eslatib oʻtamiz, Gayane Umerova Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kengashi aʼzosi hisoblanadi.

   Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi madaniyat va sanʼat sohasidagi hamkorlik bir qator muhim tashabbuslar – Luvrda oʻzbek merosiga oid keng koʻlamli koʻrgazmadan tortib, xalqaro madaniy anjumanlarda faol ishtirok etishgacha boʻlgan ishlar tufayli yangi bosqichga koʻtarildi.

   Shu nuqtai nazardan, davlatimiz rahbari tashabbuslarini amalga oshirishda ustuvor loyihalarni amalga oshirayotgan Oʻzbekiston madaniyati va sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasi muhim oʻrin tutmoqda.

   “Sanʼat va adabiyot” ordeni kavaleri nishoni Fransiyada, shuningdek, butun dunyoda sanʼat va adabiyotning gullab-yashnashiga qoʻshgan xizmatlarini taqdirlash uchun har yili dunyo boʻylab 60ga yaqin kishiga beriladi.

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi jamoasi Gayane Umerovani ushbu yuksak eʼtirof bilan chin dildan muborakbod etadi.