Ekspozitsiya emas – interaktiv tarix makoni
“Oʻtmishga nafaqat qarash, balki uni toʻliq his etish imkoni”. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida yaratilayotgan muzey ekspozitsiyasini boyitishda ana shu tamoyilga amal qilinmoqda. Maqsad – har bir mehmon tarixni nafaqat koʻrish, balki eshitish, oʻqish, his etish orqali anglasin.
“Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyining islomdan avvalgi davr ekspozitsiyasida maxsus axborot qurilmalari joylashtirilmoqda. Bu yerda nafaqat gid-ekskursovodlar uchun tayyor matnlar, balki har bir sektorda individual maʼlumot uzatish texnologiyalari ham ishlaydi. Ayrim eksponatlarni hatto hidlab koʻrish mumkin boʻladi” — deydi markazning yetakchi ilmiy xodimi, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Anvar Matniyozov.
Shu tarzda yaratilayotgan ekspozitsiya xalqaro muzeylar darajasidagi interaktiv yondashuvni namoyon etadi. Har bir zalning oʻziga xos muhiti bor va ular bir-birini takrorlamaydi.
“Bizning vazifamiz – xorijlik turistlar xotirasida qoladigan, oʻzgacha tajriba boʻladigan tarixiy makon yaratish. Buning ustida jiddiy ishlayapmiz. Hozirda dizayn ishlari yakunlanish arafasida. Turli mamlakatlardan kelayotgan noyob artefaktlar bilan ekspozitsiya toʻliq taʼminlanadi. Rahbariyatimiz ham bu borada katta yordam bermoqda” — deydi A.Matniyozov.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
