Zamonga sigʻmagan zakovat: Ali Qushchi fenomeni
Tarixda shunday shaxsiyatlar boʻladiki, ularning ilmiy merosi muayyan bir zamon yoki makon doirasida qolmaydi — balki u insoniyat tafakkurining umumiy taraqqiyotiga xizmat qiladi. Ali ibn Muhammad Qushchi ana shunday mutafakkirlar sirasiga kiradi. Uning astronomiya va matematika sohalaridagi kashfiyotlari, nazariy tahlillari va amaliy metodikalari oʻz davrida fanni yangi bosqichga olib chiqdi, bugun esa tarix, manbashunoslik va xalqaro ilm-fan munosabatlari nuqtai nazaridan oʻrganishga loyiq ilmiy meros sifatida baholanmoqda.
Samarqandda yetishib chiqqan, Ulugʻbek maktabida shakllangan va Istanbulda oʻz ilmiy salohiyatini toʻliq namoyon qilgan Ali Qushchi oʻz asarlari, tarjimalari va oʻquv jarayonlari orqali Sharq va Gʻarb fanini bogʻlagan salohiyatli koʻprikka aylandi. Uning ilmiy xizmati bugungi global ilm-fan tizimida ham oʻz taʼsirini saqlab qolmoqda.
Ilmiy meros: nazariy bilimdan amaliyotgacha
Ali Qushchining ilm-fandagi eng katta yutuqlaridan biri — nazariy bilimlarni keng doirada amaliy ishlarga yoʻnaltira bilganidir. U astronomiya, arifmetika, geometriya, algebra va trigonometriya sohalarida 30 ga yaqin asar yozgan. Bu asarlar faqat bir maktab yoki davlat uchun emas, balki butun Islom olami hamda keyinchalik Yevropadagi fan namoyondalari uchun manbaga aylandi.
“Risola al-Muhammadiya fi-l-hisob”
Uning eng mashhur matematik asarlaridan biri hisoblangan ushbu risolada arifmetik hisoblashlar, geometrik tushunchalar, manfiy va musbat sonlar, oltmishlik va oʻnlik tizimlar, algebra va trigonometriyaga oid asosiy masalalar bayon etilgan. Qiziq jihati shundaki, Ali Qushchi “musbat” va “manfiy” sonlar atamalarini zamonaviy tushunchada birinchi boʻlib joriy qilgan. Bu atamalar hozirgacha aynan uning maʼnosini saqlagan holda qoʻllaniladi.
“Risolai qusur” (Kasrlar haqida risola)
Bu asarda u irratsional sonlar, xususan, oʻnlik kasrlar orqali kvadrat ildiz chiqarish usullarini bayon etdi. Ushbu risola oʻz davri uchun fan va amaliy hisob-kitob sohasida ilgʻor yoʻnalish boʻldi.
Ulugʻbek “Zij”iga sharh va tarjima
Ali Qushchi ustozi Ulugʻbek tomonidan tuzilgan “Zij” — astronomik jadvallar va kuzatuvlar toʻplamiga sharh yozdi. Bu ishda u Jamshid al-Koshiy va Qozizoda Rumiy ishlarini davom ettirdi va Istanbulda bu ilmiy merosni turkiy tilga tarjima qilib keng tarqatdi. Bu asar Yevropaga yetib borib, koʻplab astronomlar uchun ilhom manbaiga aylandi.
Xalqaro ilm-fanga taʼsiri: Sharqdan Yevropaga ilmiy koʻprik
Agar ilm-fan tarixini uzluksiz rivojlanayotgan jarayon sifatida tasavvur qilsak, Ali Qushchi bu jarayonda ustuvor rol oʻynagan kalit shaxslardan biridir. U oʻz faoliyati bilan ilmning chegarasini kengaytirdi — geografik, madaniy va siyosiy chegaralarni emas, balki fikr va uslub chegaralarini.
U yaratgan asarlar, xususan Ulugʻbekning “Zij”iga yozgan sharhlari orqali nafaqat Usmonli saltanati davridagi madrasalarda, balki Yevropa ilmiy maktablarida ham astronomiyaga boʻlgan qiziqish va metodik yondashuv shakllandi. Ayniqsa, XVI asrda Kopernik va undan keyingi Gʻarbiy Yevropa astronomlari kashfiyotlarida Sharq manbalarining, xususan Samarqand ilmiy maktabining, oʻrni alohida koʻzga tashlanadi. Bu jarayonda Ali Qushchining tarjimalari va ilmiy izohlarini inobatga olmasdan toʻliq manzara hosil qilib boʻlmaydi.
Shuningdek, Ali Qushchi Usmonli imperiyasida ilm-fan siyosatini shakllantirishda ham faol ishtirok etdi. Ayo Sofiya madrasa tizimi orqali u turli yurtlardan kelgan talabalarni oʻqitdi, oʻzining zamonaviy bilimlari va muhandislik yechimlari orqali Istanbul ilmiy muhitini jonlantirdi. Bugungi kunda ham u Usmonli matematik-avlodlarining ilk asoschilaridan biri sifatida eʼtirof etiladi.
Ali Qushchi nafaqat oʻz asarlari bilan, balki shogirdlari orqali ham ilm-fanni davom ettirdi. U tarbiyalagan mutaxassislar keyinchalik koʻplab mintaqaviy ilmiy maktablarning poydevorini yaratgan. Uning taʼsiri zamonaviy ilmiy fikr va metodologiyaning rivojiga ham turtki bergan.
Ali Qushchi — bu tarix sahifalaridagi oddiy nom emas, balki butun boshli ilmiy maktab, tafakkur tizimi va maʼnaviy qatlamni anglatadi. U oʻz ilmiy izlanishlari, tarjimalari va taʼlim-tarbiyaviy faoliyati orqali bir necha asr davomida fan taraqqiyotiga xizmat qilgan. Aynan u tufayli Ulugʻbek merosi Yevropaga yetib bordi, matematik terminlar fanga mustahkam kirib keldi va aql bilan eʼtiqod uygʻunlashgan fan anʼanasi shakllandi.
Shunday ekan, Ali Qushchining merosi — bu nafaqat tarixiy faxr, balki hozirgi va kelajak avlodlar uchun intellektual va axloqiy yoʻlchi yulduzdir. Uning izidan borish — bu raqamlar ortidagi maʼnoni koʻra bilish, ilm orqali jamiyatni, insonni va hayotni yuksaltirish demakdir.
Shu tarzda Ali Qushchi nomi nafaqat oʻtmishdagi buyuk ilmiy maktablar bilan bogʻliq, balki bugungi kunda ham intellektual meros sifatida katta ahamiyat kasb etmoqda. Uning faoliyati, asarlari va ilmga bagʻishlangan hayoti nafaqat tarixchilar yoki manbashunoslar uchun, balki har qanday ilmga tashna inson uchun ibrat manbaidir.
Hozirgi kunda Oʻzbekistonda Islom ilm-fan anʼanalarini qayta jonlantirish, uni global ilmiy muhitga integratsiya qilish borasida keng koʻlamli islohotlar olib borilmoqda. Xususan, Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi – nafaqat tarixiy yodgorliklarni, balki islomiy ilm-fanning buyuk allomalari merosini zamonaviy formatda oʻrganish va namoyish etish uchun muhim platforma boʻlib xizmat qilmoqda.
Husan TURSUNOV
P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
