“Vaqt devori”da Temuriylar tafakkur dunyosiga sayohat
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzey ekspozitsiyasining Ikkinchi Renessans boʻlimida nafaqat buyuk hukmdorlar haqidagi tarixiy haqiqatlar, balki oʻsha davrdagi ilmiy yangiliklar, madaniyat va maʼrifat rivojiga bagʻishlangan tafakkur dunyosiga sayohat qilasiz.
Boshqa boʻlimlarda boʻlgani kabi mazkur boʻlimda ham asosiy eʼtibor — Amir Temur va temuriylar davridagi ilmiy kashfiyotlar, mutafakkirlar hamda ularning maʼnaviy merosiga qaratiladi. “Vaqt devori”ning soʻnggi qismida aynan temuriylar davri kutubxonalari alohida yoritiladi.
Boʻlim 5 qismga ajratilgan. Yaʼni Amir Temur, Shohrux Mirzo, Ulugʻbek Mirzo, Husayn Boyqaro hamda Bobur Mirzo kutubxonalaridagi ilm va maʼrifat bilan bogʻliq boy meros koʻrgazmaga qoʻyilgan. Har bir qismda oʻsha shaxsning kutubxonasi, yozma manbalari, tarixiy eksponatlari, bino maketlari va adabiy muhiti yoritiladi.
Ekspozitsiya Amir Temur zalidan boshlanadi. “Temur tuzuklari” — bu zaldagi markaziy eksponatlardan biri. Ulardan turli davrlarda koʻchirilgan nusxalar va iqtiboslar namoyish etiladi. Temurning tashqi siyosati, Yevropada unga boʻlgan munosabat haqidagi tarixiy asarlar, oʻsha davr sanʼati, madaniyati va ilm-fani ham oʻrin oladi. Katta LED ekranda esa Amir Temurning ulamolar bilan shaxmat oʻynayotgan tasviri namoyon boʻladi.
Shohrux Mirzo davri — uning shajarasi, farzandlari, bunyod etgan binolari va ijodiy merosi orqali yoritiladi. Zalda Gavharshodbegim madrasasi peshtoqidagi naqshlar jonlanadi.
Ulugʻbek Mirzo boʻlimi — astronomiyaga bagʻishlangan. Zal koʻk rangda tasvirlangan boʻlib, Ulugʻbek observatoriyasi maketi, foydalangan astronomik asboblari, burjlar tasviri va osmon jismlari bilan bezatilgan shift qismi tomoshabinni goʻyo osmon bagʻriga olib kiradi. Ulugʻbek asarlaridan olingan faksimilelar ham namoyon qilinadi.
Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy davri — bu boʻlimda ularning Hirotdagi adabiy muhiti, badiiy merosi, kitoblar, qoʻlyozmalar orqali ochib berilgan. Husayn Boyqaroga oid noyob eksponatlar ham namoyish etiladi.
Bobur Mirzo boʻlimida esa uning hayoti, avlodlari, Boburiylar sulolasi davriga oid asarlar va qimmatli eksponatlar oʻrin olgan.
Boʻlimning soʻngida esa temuriy malika va xonimlar uchun maxsus qism ajratilgan. U yerda Saroymulkxonim, Gavharshodbegim, Zebunniso va Gulbadanbegim kabi donishmand ayollar hayoti va faoliyati haqida maʼlumotlar taqdim etiladi. Ular temuriylar sulolasida ilm, madaniyat va davlatchilikda oʻz oʻrniga ega boʻlgan qahramonlar sifatida namoyon etiladi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
