Ibn Sinoning jarrohlik stoli, Ulugʻbek rasadxonasining maketi, Beruniyning globusi — ISMda bolalar uchun interaktiv koʻrgazma
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida oʻtkazilgan navbatdagi ilmiy kengash yigʻilishida markaz ekspozitsiyasini shakllantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ilmiy va innovatsion ishlar yuzasidan taqdimotlar boʻlib oʻtdi. Yigʻilish doirasida nafaqat mahalliy mutaxassislar, balki bir qator xalqaro hamkor tashkilotlar vakillari ham ishtirok etdi.
Xususan, Buyuk Britaniyaning nufuzli “1001 ixtiro” tashkiloti rahbari Salim Ahmad yigʻilishda ishtirok etib, bolalar va oʻsmirlar uchun tashkil etilayotgan interaktiv koʻrgazma loyihasi haqida maʼlumot berdi. Uning taʼkidlashicha, mazkur koʻrgazma zamonaviy taʼlim talablariga javob beradigan, bolalarda tarixiy merosga qiziqish uygʻotadigan va ilm-fanga intiluvchanlikni kuchaytirishga qaratilgan maxsus loyiha sifatida shakllantirilmoqda.
— Biz bolalar uchun Islomdan avvalgi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlariga oid eng qiziq faktlarni saralab, koʻrgazmani interaktiv va oʻquv materiallar bilan boyityapmiz. Har bir eksponat, har bir material bolalarni oʻylashga, sezishga, harakat qilishga undashi kerak. Masalan, Ibn Sinoning interaktiv jarrohlik stoli, Ulugʻbek rasadxonasining maketi, Beruniyning globusi kabi vizual va amaliy vositalarni joriy qilyapmiz,” — dedi Salim Ahmad.
Koʻrgazmada interaktiv ekranlar, tajriba zonasi, musiqa va animatsiyali elementlar, maxsus tayyorlangan oʻyinlar va vizual effektlar orqali bolalar nafaqat tarixiy bilimlarni egallaydi, balki amaliy mashgʻulotlar orqali ularni his qiladi. Masalan, bolalar fizika qonunlariga asosan yuklarni tarozida oʻlchay oladi, taʼlimiy jonlantirilgan personajlar bilan muloqot qilishi mumkin boʻladi.
Bunda oʻzbek mutafakkirlari va olimlarining merosiga ham alohida oʻrin berilgan. Loyihadan oʻrin oladigan tarixiy siymolar Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi bilan hamkorlikda rasmiy tasdiqlangan vizual materiallar asosida ishlab chiqilayapti.
Taʼkidlash joizki, Islom sivilizatsiyasi markazidagi mazkur koʻrgazma nafaqat ilk tajriba, balki taʼlimning yangi bosqichiga qoʻyilayotgan katta qadam sifatida baholanmoqda. Ushbu loyiha kelgusida bolalarda milliy oʻzlik, tarixiy meros va fanga qiziqishni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
