Ekspozitsiya orqali muloqot: Ilm, dizayn va texnologiya birlashgan nuqta

   

    Bugun Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Kengaytirilgan ilmiy kengashning navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilish doirasida markazda amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot va ekspozitsion faoliyatning dolzarb yoʻnalishlari muhokama qilindi.


    Xususan, Islomdan avvalgi davrga bagʻishlangan ekspozitsiya boʻlimi doirasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan Tarix fanlari doktori, professor Jannat Ismoilova atroflicha maʼlumot berdi. Unda taʼkidlanganidek, mazkur boʻlimni shakllantirishda “Outdoor Factory” kompaniyasi bilan hamkorlikda zamonaviy 3D dizayn yechimlari ishlab chiqilgan boʻlib, bugungi kunda loyihaning 90 foizi yakunlangan. Qolgan qismlar ish jarayonida takomillashtirilishi koʻzda tutilgan. 

 

— Bu ekspozitsiya shunchaki eksponatlar toʻplami emas, balki oʻtmishga bogʻlovchi maʼnaviy koʻprik. Biz Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyasini na faqat eksponatlar orqali, balki zamonaviy multimediaviy yechimlar bilan ham yoritmoqdamiz. Endi eng muhim bosqich — bu kontent bilan toʻldirish: videoroliklar, animatsiyalar, hujjatli filmlar va interaktiv matnlar. Bu materiallar ekspozitsiya mazmuniga chuqur maʼno bagʻishlaydi. Biz har bir elementni tarixiy aniqlik, estetik did va ilmiy asos bilan shakllantiryapmiz, — deydi professor Jannat Ismoilova.

   
    Ekspozitsiyaning 70–80 foizi eksponatlar bilan taʼminlangan va ularning joylashtirilishi amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari – LED ekranlar, tach-panellar, multimediaviy majmualarni mazmunli kontent bilan toʻldirish ustuvor vazifalardan biri sifatida qayd etildi. Ayni paytda hujjatli filmlar, videoroliklar va animatsiyali materiallar tayyorlanmoqda.

 

    Shuningdek, ekspozitsiyalarda taqdim etiladigan eksponatlarga oid qisqa annotatsiyalar va tushuntiruvchi matnlar ustida ham ish olib borilmoqda. Kengash aʼzolari tomonidan bu jarayonni jadallashtirish, mavjud muammolarni bartaraf etish va ilmiy asoslangan, mazmunli ekspozitsiyani shakllantirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.

 

 

    Yigʻilishda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi olimlari, nufuzli tarixchilar, dizayner va rassomlar, shuningdek, texnik mutaxassislar ishtirok etdi. Ular tomonidan ekspozitsiyani yuqori estetik va maʼnaviy darajada yaratish boʻyicha faol mulohazalar bildirildi.

 

    Islom sivilizatsiyasi markazi jamoasi ushbu muhim madaniy-maʼrifiy loyihani yuksak sifatda va qisqa muddatlarda amalga oshirishga bel bogʻlagan.

 

Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati