Markazda navbatdagi muhokama: loyihalar ijrosida yana bir qadam
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Ilmiy kengash aʼzolari muzey ekspozitsiyasidan oʻrin olgan Birinchi Renessans davriga oid loyihalarning amaliy ijrosi, jumladan, kontentlarning joylashuv dizaynini muhokama qilishdi.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida boʻlib oʻtayotgan navbatdagi ilmiy kengash yigʻilishida Birinchi Renessans davri ekspozitsiyasining birinchi toifaga kiritilgan loyihalar kontentlari hamda ularning joylashuvi dizayni haqida atroflicha maʼlumot berildi. Birinchi Renessans davriga oid ilmiy kengash aʼzolari va olimlar tomonidan kontentlar taqdim qilinib, Italiyaning Magister art kompaniyasi tomonidan ularning joylashuv dizayni ishlab chiqildi. Xususan, Birinchi Renessans davri ekspozitsiyasi 7 kapsuladan iborat boʻlib, ular Movarounnahrga islom dinining kirib kelishi, tarqalishi, fiqh, tariqat, ilmiga hissa qoʻshgan allomalar, Bagʻdoddagi “Bayt ul-hikma”da faoliyat koʻrsatgan ajdodlarimiz hamda Xorazm Maʼmun akademiyasiga oid yoʻnalishlarda boʻladi. Bundan tashqari ekspozitsiya davrga oid bino maketlari, qoʻlyozma asarlarning faksimile nusxalari hamda innovatsion media loyihalar bilan yanada boyitiladi.
Ekspozitsiya uchun yana bir yangilik shuki, Behzod Hojimetov tomonidan Ahmad Yassaviy hamda Mahmud az-Zamaxshariyga bagʻishlab 2 ta yangi miniatyura chizilib, ilmiy kengash muhokamasiga qoʻyildi.
Taqdimot soʻngida Xorazm Maʼmun akademiyasi raisi Ikrom Abdullayev tomonidan “Maʼmun akademiyasi” binosining taxminiy koʻrinishi boʻyicha immersiv shou yaratilishi taklifi berildi. Kengash aʼzolari bu taklifni amalga oshirishga kelishishdi.
Shuningdek, Buyuk Britaniyaning “Sothby’s” va “Christe’s” auksion uylaridan qoʻlga kiritilgan yurtimiz tarixiga oid amaliy sanʼat namunalari hamda artefaktlarning asosiy qismi Birinchi Renessans davriga oid ekanligi ochiqlandi. Endilikda muzey ekspozitsiyasida ushbu artefaktlar uchun alohida joylar ajratishga kelishib olindi.
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
