“114 Qurʼon” loyihasida yuzlab nodir manbalar oʻrganilmoqda

 

 

    Fransiya, Turkiya va Avstriyadan nufuzli mutaxassislar Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlikda “114 Qurʼon” loyihasini amalga oshirmoqda. Loyiha doirasida Oʻzbekistonga tegishli yanada koʻproq Qurʼon qoʻlyozmalari tanlab olindi. Onlayn muloqotlar, hujjat almashinuvi va ilmiy muhokamalar orqali loyiha yangi bosqichga kirdi.


    Joriy haftada mazkur loyiha istiqbollari yuzasidan Avstriyaning Müller & Schindler kompaniyasi vitse-prezidenti Aleksandr Vilgelm hamda qurʼonshunos olimlar Fransua Derosh (Fransiya) va Emek Ushenmez (Turkiya) bilan onlayn tarzda uchrashuv oʻtkazildi.





    “Asosiy maqsadimiz — Qurʼonning turli tarixiy nusxalarini ilmiy tadqiq qilish, ularning yuqori sifatdagi faksimile nusxalarini olish va buni jahon jamoatchiligiga yetkazishdir,” deydi Islom sivilizatsiyasi markazi katta ilmiy xodimi Azimjon Gʻafurov.


    Fransua Derosh ayrim muzeylardan faksimile nusxalarini olishdagi baʼzi masalalar yechimi ustida ishlanayotganini bildirdi.





    Emek Ushenmes esa loyihaga katta havas bilan yondashmoqda:


    “Biz yanada koʻproq Oʻzbekistonga tegishli Qurʼonlar tanlab oldik. Belgilangan fursatgacha ulgurishga harakat qilamiz,” dedi turkiyalik olim.
 

    “114 Qurʼon” — islom merosi boʻyicha xalqaro hamkorlikning yorqin namunasi. Ushbu loyiha dunyodagi eng nodir yozma manbalarni ilmiy asosda tadqiq qilish va kelajak avlodga yetkazish maqsadida amalga oshirilmoqda.