Saudiya elchisi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Saudiya Arabistoni podshohligining Oʻzbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Yusuf ibn Solih al-Gahra al-Utaybiy janoblari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov martabali mehmon bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda Davlatimiz rahbari oʻtgan yillarda bu majmuaga bir necha bor tashrif buyurib, uni chiroyli va sifatli qurish, dunyo olimlari fikrini oʻrganib, mazmunini boyitish boʻyicha koʻrsatmalar berganini taʼkidladi. Shuningdek, Markaz qurilishi va uning ekspozitsiyasini yangi mazmun bilan boyitish ishlari bevosita Prezident Shavkat Mirziyoyevning doimiy diqqat eʼtiborida ekani hamda ushbu ilmiy-maʼrifiy maskanni Yangi Oʻzbekistonning eng yirik aql markaziga aylantirish boʻyicha belgilangan vazifalar va topshiriqlar haqida maʼlumotlar berildi.
Shuningdek, Markaz bunyod etilishi maqsadi va faoliyati haqida hikoya qiluvchi hujjatli film namoyishi ham Saudiya elchisida Davlatimiz rahbari gʻoyasi va tashabbusi bilan bunyod etilayotgan Oʻzbekistondagi megaloyihaning mahobati ham, mohiyati ham ulkan ekanligi haqida yanada keng tasavvur uygʻotdi.
Boʻlib oʻtgan uchrashuvda Saudiya elchisi Yusuf ibn Solih al-Gahra al-Utaybiy yurtimizda olib borilayotgan bunyodkorlik, diniy-maʼrifiy sohalar bilan bogʻliq koʻp qirrali hamkorlik istiqbollarini alohida qayd etdi. Bu borada yurtimizda bevosita Davlat rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan saʼy-harakatlarni yuqori baholadi. Elchi butun dunyoda globallashuv jarayonlari borayotgan va ziddiyatlarga toʻla bir paytda Oʻzbekistonning maʼrifatli islom gʻoyalarini keng targʻib etish, ajdodlar merosini oʻrganish hamda tadqiq qilish tashabbusini Saudiya Arabistoni tomoni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati bilan yaqindan tanishgan Yusuf ibn Solih al-Gahra al-Utaybiy janoblari samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirar ekan, shunday dedi:
— Ikki tomonlama aloqalarning tobora rivojlanib borayotganidan juda xursandman. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi Markazi hamda Imom Buxoriy innovatsion muzeyining tashkil qilinishi, uning kelgusidagi faoliyati haqidagi maʼlumotlar bilan tanishar ekanman, diniy-maʼrifiy sohadagi bunday islohotlardan mamnunman. Kelgusida tashrif buyuruvchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida yetuk mutaxassislarni jalb qilish va xodimlar uchun seminar-treninglar tashkil etish maqsadga muvofiq. Umid qilamanki, ushbu uchrashuv kelajakda hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlarning debochasi boʻladi.
Bundan tashqari, uchrashuvda markaz faoliyati bilan bogʻliq koʻplab hamkorlik istiqbollari muhokama etildi. Markaz muzeyi ekspozitsiyasini boyitish bilan bogʻliq muzeylar faoliyatini oʻrganish, ilmiy doira vakillari oʻrtasidagi muloqot maydonini kengaytirish shular jumlasidandir.
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
