Milliy arxivdan hech qayerda eʼlon qilinmagan hujjatlar topildi
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida yaratilayotgan yangi ekspozitsiyada televideniye tarixiga oid hech qayerda eʼlon qilinmagan maʼlumotlar birinchi marta jamoatchilikka taqdim etilishi kutilyapti.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Oʻzbekiston XX asrda” boʻlimi ekspozitsiyasi yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda tayyor kompozitsiyalar holati koʻrib chiqildi, ekspozitsiyadagi joylashuv masalalari muhokama qilindi. Ushbu jarayon doirasida tarixiy manbalar asosida ishlanayotgan kompozitsiyalarda katta ahamiyatga ega topilmalar aniqlanmoqda.
Filologiya fanlari doktori, dotsent Perxan Allambergenova rahbarligidagi ijodiy guruh tayyorlayotgan kompozitsiya “Oʻzbekiston televideniye vatani” deb nomlanadi. Loyiha muallifining taʼkidlashicha, mazkur kompozitsiya televideniyening tarixi bilan bogʻliq muhim maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi.
“Biz tarixdan bilamizki, Oʻzbekistonda, aynan, Toshkent shahrida birinchi televideniye yaratilgan, ixtiro qilingan va sinovdan oʻtgan. Bu Toshkent shahrida, Shayxontohur tumanida boʻlib oʻtgan. P. A. Grabovskiy va I. F. Belinskiy ixtirosi natijasida bugun butun dunyo televideniyedan foydalanib, mazkur ixtiro OAV sifatida oʻz oʻrnini topdi. Biz mana shu kompozitsiyamizda Grabovskiy ixtirosini koʻrsatib berishimiz kerak” – deydi Perxan Allambergenova.
Kompozitsiyani tayyorlash jarayonida muallif bir nechta arxiv va muzeylarga tashrif buyurganini maʼlum qildi.
“Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi muzeyi, Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa muzeyida qanday eksponatlar borligini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Kinofotofono hujjatlari milliy arxivini borib oʻrgandim. U yerda 5-6 ta maʼlumot topgan boʻlsam, eng qimmat maʼlumotlar Oʻzbekiston Milliy arxividan chiqdi. Ular orasida Grabovskiylar ixtirosiga tegishli boʻlgan bir necha arxiv hujjatlari bor. Hozir biz — oʻsha topilgan hujjatlarni raqami bilan taqdim etdik. Galdagi vazifamiz — ularni skanerlash va kerak boʻlsa, fotoalbom, ijtimoiy videorolik va portretlar yaratish uchun keyingi bosqichga oʻtkazish” – deydi P.Allambergenova.
Shuningdek, ushbu boʻlimda tayyorlanayotgan yana bir yirik kompozitsiya – jadidchilikning siyosiy qanotiga bagʻishlangan. Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Bahrom Irzayev mazkur ekspozitsiyaga tayyorlanayotgan ikkita kompozitsiya ustida ish olib borayotganini maʼlum qildi: bular “Yosh buxoroliklar harakati” va “Yosh xivaliklar harakati”.
Uning taʼkidlashicha, bu harakatlar jadidchilikning faqat maʼrifiy emas, balki siyosiy yoʻnalishini ham koʻrsatib beradi:
“Umuman olganda, bu jadidchilikning siyosiy qanoti boʻlib, oʻz davrida, 4 yil hukm surgan boʻlsa-da, bu — Buxoro xalq shoʻro jumhuriyati, Xorazm xalq shoʻro jumhuriyati va keyinchalik Oʻzbekiston vujudga kelishiga judayam koʻp hujjatlar, tarixiy voqeliklar borki, albatta, sobiq sovet davrida ularning xizmatini yoʻq qilish uchun bu tarix yopilgan edi. Bugun biz jadidchilik nafaqat maʼrifiy, balki bu sof siyosiy maqsaddagi harakat boʻlganini koʻrsatib bermoqchimiz. Yaʼni Turkiston haqida ularning oʻzlarining juda katta ishlari bor edi. Shular barchasi kompozitsiyamizda oʻz aksini topadi.
Juda koʻp yangi materiallar ketyapti – konstitutsiya, huquqiy hujjatlar, ularning oʻzaro yozishmalari. Ular koʻpchiligi nafaqat yoshlar uchun, balki tarixchilar uchun ham yangilik hisoblanadi. Ularning barchasi bizning kompozitsiyamizda oʻz aksini topadi” – deydi Bahrom Irzayev.
Oʻtmish oʻz soʻzini gapirmoqda — endilikda bu tarixiy haqiqatlar Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining kompozitsiyalaridan oʻrin oladi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
