Dunyodagi eng katta Qurʼon Temuriylar davrida koʻchirilgan

 

 

    Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda islom sivilizatsiyasiga oid boy ilmiy va maʼnaviy merosni tiklashga qaratilgan muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. Ana shunday loyihalardan biri — “114 Qurʼon qoʻlyozmasi” deb nomlangan keng qamrovli dastur boʻlib, unda tarixiy va madaniy jihatdan yurtimizga aloqador 114 ta noyob Qurʼon qoʻlyozmalari oʻrganiladi va keng jamoatchilikka taqdim etiladi.

 

    Bu loyihada alohida oʻrin tutadigan va jahon islom sanʼati tarixida benazir namuna sifatida tan olingan asar — Umar Aqtaʼ tomonidan XIV–XV asrlarda Amir Temur buyurtmasiga binoan yaratilgan ulkan qoʻlyozma Qurʼon nusxasidir. Bu shunchaki kalligrafiya emas — u sanʼat, iymon va inson irodasining yuksak birlashmasidir.


    Umar Aqtaʼ islom xattotchiligi tarixida noyob shaxsdir. Tarixiy manbalarga koʻra, u nogiron boʻlgan — oʻng qoʻli bilakdan pasti yoʻq edi, ammo u chap qoʻlida muhaqqaq uslubida, yaʼni rasmiy va keng kalligrafiyada Qurʼon bitgan. Uning xatlari joʻshqin, harflari keng, tartibi matematik aniqlikda, simmetriya va muvozanatga asoslangan. 
Bu holatning oʻzi uni nafaqat sanʼatkor sifatida, balki ruhiy jasorat, iymon va matonat namunasi sifatida tarixga kiritdi. Uning qoʻlidagi qalam Allohning kalomini qalblarga tushira oladigan darajada kuchli boʻlgan. 


    Rivoyatlarga koʻra, Amir Temur oʻz saroyi uchun shunday Qurʼon yaratilishini istaganki, u oʻqilganda odamlar hayratdan jim boʻlib qolsin. Dastlab, Umar Aqtaʼ unga uzuk koʻziga joylashadigan darajada kichik mushaf hadya qilgan. Ammo Sohibqiron bundan mamnun boʻlmagan va “Qurʼoni karimni bu qadar kichraytirish Allohning kalomiga munosib emas” deya fikr bildirgan.


    Shundan soʻng, Umar Aqtaʼ oʻsha zamon uchun mislsiz hajmga ega Qurʼon mushafini bitishga kirishgan. Bu ish nafaqat ruhiy, balki fizik jihatdan ham ulkan mehnat talab qilgan.


    Mazkur Qurʼonning har bir sahifasi 1,25 x 2,25 metr hajmga ega boʻlib, oʻta katta formatdagi mushaf hisoblanadi. Bunday ulkan sahifalarni oddiy odam koʻtara olmagan — ular maxsus aravalarda Temur saroyiga olib kirilgan. Shunga koʻra, baʼzi tadqiqotchilar ushbu mushafni “elephantine Qur’an” (fildek ulkan Qurʼon) deb atashgan.


    Nusxa muhaqqaq uslubida, yaʼni rasmiy va oʻqishga qulay xat bilan bitilgan. Qora siyoh, tilla va koʻk ranglar bilan bezatilgan. Baʼzi sahifalarda sanʼatiy xatolar ham koʻrinsa-da, ular ataylab qoldirilgan boʻlib, islomiy anʼanaga koʻra “Faqat Alloh mukammaldir” degan gʻoyani anglatadi.


   Shuningdek, mushafning harflari, oyatlar soni va satrlar orasida maxfiy simmetriya va arifmetik nisbatlar saqlangan. Ushbu yondoshuv Qurʼonni nafaqat oʻqiladigan, balki “tomosha qilinishi lozim boʻlgan” sanʼat asariga aylantiradi. 


    Ushbu qoʻlyozmaning toʻliq nusxasi saqlanmagan. Ammo uning bir qancha sahifalari dunyo muzeylarida, yirik kolleksiyalarda saqlanmoqda. Jumladan: 


     - Nasser D. Khalili Islamic Art Collection (London)
     - Metropolitan Museum (Nyu-York)
     - Freer–Sackler Gallery (Vashington)
     - Aga Khan Museum (Toronto)


   Nufuzli “Sotheby’s” savdo uyi tomonidan oʻtkazilgan auksionda ushbu noyob Qurʼon qoʻlyozmasining bir satri sotuvga qoʻyilgan edi. Ayni paytda esa yurtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi tomonidan uni Oʻzbekistonga olib kelish choralari koʻrilmoqda.


    Har bir parcha oʻzining noyob tarzida ishlangan, bezatilgan va xattotlikning yuksak namunasidir. Agar bu parchalarni jamlash imkoni boʻlsa, u holda dunyodagi eng katta va badiiy jihatdan mukammal Qurʼon mushaflaridan biri qayta tiklanishi mumkin boʻlar edi. Ammo, bu biroz murakkab va siyosiy jarayon.  


    Umar Aqtaʼ yozgan ulkan Qurʼon nafaqat islom sanʼatining, balki inson ruhiy yuksalishining ham timsoliga aylangan. Bu mushaf — qoʻlda bitilgan, lekin qalbda oʻqiydigan kitob. Uning harflarida ilhom, satrlarida simmetriya, sahifalarida esa Alloh kalomining ruhiy salobati mujassam. 

 

Surayyo RAVSHANOVA
 

P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.