Husayn Boyqaro kim edi?

 

 

    U Navoiyni saroydan haydaganmi?

    Husayniy taxallusi bilan sheʼrlar bitgan Xuroson  hukmdori, Temuriylar sulolasining vakili Sulton Husayn Boyqaro Amir Temurning evarasi boʻlib, 1438 yil iyulda Hirotda tugʻilgan. Boburning yozishicha, u “karimut-tarafayn”, yaʼni ham ona, ham ota tomonidan Sohibqironning avlodi boʻlgan.

 

    Yoshligida uzoq yillik quvgʻin va sargardonlik davrini boshdan kechirgan. Hirot hukmdori Abusaid Mirzo halokatidan soʻng, 1469 yil 24 mart kuni Husayn Mirzo Hirot taxtini egallagan.

 

    Husayn Boyqaro hukmronlik qilgan davrda Xuroson fuqarolari birmuncha osoyishta va farovon hayot kechirgan. Mamlakatda yirik suv inshootlari, maʼmuriy binolar, madrasa, masjid, karvonsaroy, rabotlar, koʻpriklar qurilgan. Uning davrida Hirot fan va madaniyat markaziga aylangan, bilimdon olimlar, soʻz ustalari, adiblar, shoirlar, musiqashunoslar, hunarmand-naqqoshlar va musavvirlar yetishib chiqqan.

 

    Navoiyning taʼkidlashicha, Husayn Boyqaro eski oʻzbek tilining  taqdiriga befarq boʻlmagan, uning rivoji uchun qator chora-tadbirlarni amalga oshirgan. Yozma turkiy tilni rivojlantirish, shu tilda ijod qilishga doir maxsus farmon chiqargan. Uning oʻzi “Husayniy” taxallusi bilan ijod etgan.

Qaysi jannat sabzasi xatti namudoricha bor?

Yo Masiho nutqi ul laʼli shakarboricha bor?

Nosiho, jannat umidi birla bormon koʻyidin

Kim, bu men mahzungʻa yuz firdavs gulzoricha bor.

   
    Navoiy
“Majolis un-nafois” asarida bir voqeani misol keltiradi. Kunlarning birida Navoiy huzuriga Qunduz yoki Hisor tarafdan Qabuliy taxallusli yosh shoir kelib, unga ming istihola bilan bir gʻazalini koʻrsatadi. Gʻazal shunday boshlanardi:

 

Naʼl kestim dardi afzun boʻldiyu kam boʻlmadi,

Dogʻ qoʻydum soʻzi kam boʻlgʻay debon, ham boʻlmadi.

   
    Yigit bu gʻazalni Husayn Boyqaroning adabiy majlisiga yubormoqchi ekanini aytib, shu sheʼrni tahrir qilib berishni iltimos qiladi. Hazrat Navoiyga “ham boʻlmadi” degan qofiya uncha manzur boʻlmaydi. Yosh shoir “har qancha urinsam ham bundan yaxshiroq qofiya topolmadim, ustoz mumkin boʻlsa, oʻzingiz xatolarini tuzatib bersangiz” deb taʼzim qiladi.

 

    Ulugʻ shoir gʻazalni tahrir qilib, uning ikkinchi baytini butunlay yangidan yozib beradi:

 

Sarv moyil boʻldikim, oʻpgay ayogʻing tufrogʻin,

Yoʻqsa har soat sabo tahrikidin xam boʻlmadi.

   

    Alqissa, Qabuliy bu sheʼrni qayta koʻchirib, mulozimlardan birining vositasida sultonning sheʼriy majlisiga kiritadi. Sheʼrni Husayn Boyqaro ham oʻqiydi va hazrat Navoiyga yuzlanadi:

– Gʻazalning ikkinchi bayti sal boshqacharoq, shu baytni boshqa birov unga yozib bermaganmikin?

 

    Bu soʻzdan hazrat Navoiy biroz noqulay ahvolga tushadi. Chunki, birgina soʻz bilan sultonning yosh shoirga boʻlgan eʼtiborini yoʻqqa chiqarish mumkin. Shu bois, Navoiy avvaliga jim turadi. Sulton yana shu masalada takror savol bergach, iqror boʻlishdan boshqa chora qolmaydi.

 

    Shundan soʻng, Husayn Boyqaro oʻsha yigitni saroyga olib kelishni, u bilan biroz hazil-mutoyiba qilmoqchi ekanini aytadi. Yigitchaning oyogʻini yerga tekkizmay, majlisga olib keladilar. Sulton unga alohida iltifot koʻrsatib, gʻazalini maqtaydi. Hazrat Navoiy “hozir bechora yigitni rosa mulzam qilishadi, men ham sharmanda boʻlaman” degan andishada yurak yutib turgandi. Ammo majlisning oxiriga qadar haligi bayt haqida soʻz ochilmaydi.

 

    Majlis tugab, faqat sultonning eng yaqin kishilari qolishadi. Shunda mulozimlardan biri “Onhazrat, Qabuliyning haligi bayti boʻyicha bir mutoyiba qilamiz, degan edingiz, yodingizdan koʻtarildimi?”, – deb savol beradi. “Yoʻq, yodimda chiqqani yoʻq, – deydi sulton. – Lekin yosh yigitni koʻpchilik oldida uyaltirib, izza qilgim kelmadi”.

 

    Shunda hazrat Navoiy taʼzim bilan Onhazrat, siz faqat oʻsha yosh shoirga emas, kaminaga ham benihoya ulugʻ marhamat koʻrsatdingiz”, – degan ekan.

 

   Shu misolning oʻziyoq Navoiyning yosh ijodkorlarga boʻlgan gʻamxoʻrligidan, shuningdek, Sulton Husayn Boyqaroning goʻzal xulq va odamiylik sohibi ekanligidan dalolat beradi.

 

    Albatta, uning bir muddat  ayshu ishratga berilgani, oʻz farzandlari bilan murosasizlikka borgani, hatto nabirasining oʻlimiga ham sababchi boʻlganidan koʻz yumib boʻlmaydi.  Beayb – Parvardigor, u ham hamma qatori xom sut emgan banda edi.

 

    Sobiq Ittifoq davrida yaratilgan film va spektakllardagidek shahzoda Moʻʼmin Mirzoning fitna natijasida oʻldirilishi Alisher Navoiy va Husayn Boyqaro oʻrtasida kuchli ziddiyatni keltirib chiqarmagan. Aksincha bu fojia ikki doʻstni yanada jipslashtirgan. Navoiy sultonga maktub yozib unga taskin bergan.

 

    Shahzoda Moʻmin Mirzo fojiasi va bu mashʼum qatlga Husayn Boyqaroning mastlik holatida muhr bosishi Temuriylar sulolasi inqirozini yanada tezlashtirganini hech kim inkor etmaydi. Hazrat Navoiy bu mashʼum fojiada sultonning aybi yoʻqligini yaxshi tushunardi. Moʻʼmin Mirzoning oʻlimi qanchalar qaygʻuli boʻlmasin, Navoiy bu noxushlikni taqdir taqozosi sifatida qabul qildi. Bizga tanish asarlarda boʻlgani kabi hazrat bu fojiada sultonni ayblab, uning pushaymonlikda ado boʻlayozgan qalbiga nashtar urmadi. Aksincha bu ish Haqning irodasi ekanini aytib, sultonga dalda berdi.

 

Navoiyning sultonga bitgan nomalaridan birida ushbu ruboiy tilga olingan:

      Gul ketdi esa, chaman muattar boʻlsin,

      Shamʼ oʻchdi esa, qamar munavvar boʻlsun,

      Shahzodagʻa gar ravza muyassar boʻldi,

     Sultongʻa jahon mulki musaxxar boʻlsun!

   
    Bundan tashqari Hazrat Navoiyning soʻnggi damlari ham aynan Husayn Boyqaroning yonida kechgani, hatto buyuk shoir oʻz doʻstini olis safardan qaytayotganida, xasta holiga qaramasdan kutib olishga chiqqani, shahar tashqarisida uni ehtirom ila qarshi olgani va shu yerda taqdir taqozosi bilan Haq omonatini topshirgani ishonchli manbalarda keltiriladi.

 

          Rustam Jabborov

P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.