Mahobatli rangtasvir asarlarini tayyorlash ishlari davom etmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan bunyod etilayotgan megaloyiha — O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi bugungi kunda yakuniy bosqichga yetdi.

Markazning qurilishini yakuniga yetkazish bilan birga uni o‘tmish, bugun va kelajakni o‘zida mujassam etgan kontentlar bilan boyitish, har jihatdan ma’nan boy ekspozitsiyalarni taqdim etishga bag‘ishlangan muhokamalar ham qizg‘in davom etmoqda. Asosiy maqsad esa Markaz ekspozitsiyasi uchun tanlab olingan va olinayotgan loyihalarning mazmunan boy va ommabop bo‘lishi, unga tashrif buyurgan barchada, xususan, yoshlar uchun ham milliy g‘urur, faxr tuyg‘usini uyg‘otishga erishishdir.

O‘zbekistondagi  Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tgan navbatdagi, ya’ni Markazning kirish foyesi uchun tayyorlanayotgan mahobatli rangtasvir asarlari  muhokamalarida ham ana shu maqsad ustuvorlik kasb etdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Xayriddin Sultonov ham ishtirok etib, kirish foyesi uchun tayyorlanayotgan mahobatli rangtasvir asarlariga oid takliflar taqdim qilindi. 

Taqdim etilgan mahobatli rangtasvir asarlarida Birinchi va Ikkinchi Renessans davri yutuqlari, buyuk kashfiyotlari, me’moriy yodgorliklari aks ettirilgan. Shuningdek, foye ravoqlarida suratlarga O‘zbekiston Respublikasi  Prezidentining 2025-yil 29-yanvardagi Markazga tashrifi davomida berilgan tavsiyalar asosidagi kiritilgan o‘zgartirishlar ham muhokama qilindi. 

“Ushbu ravoqlardagi suratlar nafaqat betakror tasviriy san’at namunalari, balki xalqimizning ko‘p asrlik tarixi, ajdodlarimizning jahon tamadduniga qo‘shgan mislsiz hissalarini aks ettiruvchi muhim tarixiy va badiiy asarlar bo‘lishi lozim,”  –  dedi Xayriddin Sultonov.

Shuningdek, tarixiy shaxslarning nafaqat mamlakatimiz, balki jahon ilmiy va madaniy taraqqiyotiga qo‘shgan hissasiga ham alohida urg‘u berish zarurligi ta’kidlandi. Shu bois, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov markazning kirish foyesi uchun tayyorlanayotgan mahobatli rangtasvir asarlarda Birinchi Renessans davridan XX asrgacha bo‘lgan yirik allomalarning siymosini aks ettirish rejalashtirilganini ma’lum qildi.  

Ayni paytda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Bahouddin Naqshband, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk shaxslarning portretlari tayyorlanmoqda.