Markazda ishlar jadal tus olgan

   


    Davlatimiz rahbari tashabbusi asosida barpo etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida navbatdagi ishchi guruh yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Ushbu muhim yigʻilishda markazning turli boʻlimlari uchun masʼul koordinatorlar, yirik ilmiy-ijodiy loyihalar rahbarlari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.



 

    Yigʻilishda Islom sivilizatsiyasi markazining asosiy yoʻnalishlaridan biri boʻlgan ekspozitsiyani tashkil etish masalalari muhokama markazida boʻldi. Jumladan, ekspozitsiyaga kiritilishi rejalashtirilgan nodir asarlar, tarixiy manbalar va ilmiy boyliklarni tanlash, ularni joylashtirish tartibi, ularning mazmunan uygʻunligi va tematik toʻliqligi yuzasidan fikr almashildi. Ekspozitsiyani zamonaviy texnologiyalar asosida jahon tajribasiga mos holda tashkil etish yuzasidan ham aniq takliflar ilgari surildi.



 

    Shuningdek, loyiha doirasida tuzilgan shartnomalar, hamkorlik memorandumlari va boshqa huquqiy hujjatlar yuzasidan muhokamalar boʻlib oʻtdi. Xususan, har bir shartnomaning ijrosi, tayyorlanayotgan materiallarning sifat koʻrsatkichlari, huquqiy va texnik jihatlari boʻyicha tahliliy yondashuvlar bildirildi.



 

    Yigʻilish davomida ekspozitsiyadagi asarlarni saqlash, taʼmirlash va restavratsiya qilish bilan bogʻliq masalalar ham koʻrib chiqildi. Mutaxassislarga aniq vazifalar yuklatilib, bajarilishi zarur boʻlgan ishlarning muddatlari belgilandi.





    Markaz direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Gulnora Gʻaniyeva yigʻilishda quyidagilarni taʼkidladi:
 

    Islom sivilizatsiyasi markazi — nafaqat yurtimiz, balki butun musulmon olami uchun muhim ilmiy-maʼnaviy majmua sifatida shakllanayotgan bir paytda, ushbu yigʻilish doirasida qabul qilingan qarorlar va belgilangan ustuvor yoʻnalishlar loyihaning sifatli va mazmunli amalga oshirilishiga xizmat qiladi.


Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati