Navoiyni asragan, Navoiyni anglagan el saodatga erishur
Taqdiri azal millat manglayiga hazrat Navoiydek ulugʻ zotni bitgani oʻzbek xalqining oʻtmishdagi, hozirgi va kelajakdagi har bir vakili uchun cheksiz gʻurur va iftixor timsoli boʻlib qolaveradi.
Navoiyning abadiyatga daxldor merosi, betakror asarlari, nafaqat oʻzbek, balki butun bashariyatning bebaho maʼnaviy xazinasiga aylangani rost. Bugungi kunda ul zoti sharifning umrboqiy asarlari dunyoning oʻnlab tillariga tarjima qilingan. Bu asarlardagi ezgulik, insonparvarlik, sadoqat, iymon-eʼtiqod tarannumi butun insoniyatni birlikka, hamjihatlikka daʼvat etib kelmoqda.
Gohida Navoiy asarlarini mutolaa qilish asnosida hazratning betimsol zakosi, idroki, uzoqni koʻra bilishini his etib, cheksiz hayrat girdobiga tushasiz. Nazarimizda, ul zot yuksak darajada taraqqiy etgan zamonamizning oʻziga xos jihatlarini, hatto muammolarni besh yarim asr ilgari teran nigoh bilan koʻra olgandek.
Misol tariqasida bugungi kunda global ahamiyat kasb etayotgan ekologik muammolarni olaylik. Insoniyatning tabiatga nisbatan ilmsiz va mehrsiz munosabati natijasida ekologik vaziyat tobora keskinlashib bormoqda.
“Sabʼai sayyor” dostonida shoh Bahrom ovga chiqib, oʻz navkarlari bilan jonzotlarga misli koʻrilmagan darajada qiron keltiradi. Qon daryo misol oqadi. Qonning haroratidan Yerning ustki qattiq qatlami ivib, uning ostidagi botqoqlik Bahrom va uning navkarlarini oʻz komiga tortadi.
Navoiy hazratlari olis oʻtmishdan turib, bugungi zamondoshlarni muqarrar bir xavf-xatardan ogoh etgandek goʻyo. Agar shu taxlit ketaversak, Shoh Bahrom va uning safdoshlari qismati butun insoniyatning boshiga tushmasmikin?
Urush, xunrezlik, adovat singari ofatlar zamon va makon chegaralarini tan olmaydi. Zamonlar oʻtishi bilan bu ofatlarning shakl-shamoyili oʻzgarar, ammo mazmun-mohiyati oʻzgarmay qolaveradi. Chunki, bani basharni halokatga, kulfatu-musibatlarga yetaklovchi omil yagona – NAFS. Zero, ulugʻ mutafakkir bejiz lutf qilmaganlar:
Besha sherin gar zabun etsang, shijoatdin emas,
Nafm itin qilsang zabun olamda yoʻq sendin shujoʼ.
Darhaqiqat, oʻrmondagi vahshiy sherni yengish, yer tishlatishdan koʻra, ichimizdagi nafs itini boʻysindirish haqiqiy mardlik, shijoat belgisidir. Inson oʻz nafsini tobeʼ qilolmas ekan, yer yuzida nizo, birodarkushlik, turli mojarolar avj olaveradi. Ayni paytda terrorizm, diniy ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik singari illatlar Odam avlodlarining murosasizligi, xudbinligi, ochkoʻzligi va harisligining, bir soʻz bilan aytganda, NAFSning achchiq mevalaridir, xolos.
Atrofga teranroq nazar solaylik. Har kuni oʻnlab begunoh insonlar maqsadsiz urush va nizolar, ziddiyatlar, harbiy harakatlarning qurboni boʻlayotir. Navoiy bobomizning asrlar osha yashab kelayotgan shoh satrlari uygʻoq ruhning yangroq faryodidek jaranglaydi:
Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanliq
Yor oʻlung bir-birimizgaki, erur yorligʻ ish.
Vaqt hamma narsadan ustun, U hech kimga boʻysunmasdir. Zamonlar, davru-davronlar oʻtaveradi. Lekin Alisher Navoiydek buyuk ajdodlarimiz yaratib qoldirgan bebaho maʼnaviy xazinalar asrlar suroniga bardosh berib, yanada sayqal topib, qadr-qimmati oshib boraveradi. Biz esa, Navoiy bobomizning nomi bilangina faxrlanib qolmasdan, ana shu xazinadan bahramand boʻlib yashamogʻimiz kerak. Navoiyni faqatgina bayramlarda, tavallud ayyomlarida emas, har kuni, har lahzada qalbimizda, ruhimizda, ongu-shuurimizda yashatmogʻimiz eng goʻzal va eng xayrli amallardandir.
Navoiyni asragan, Navoiyni anglagan el saodatning eng oliy martabalariga erishmogʻi muqarrar.
Rustam JABBOROV
P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
