Beruniy va ustozining olamshumul kashfiyoti

 

 

    Buyuk allomalar tarixini varaqlarkanmiz, ularning yuksalishi, shakllanishi va jahonga tanilishida ustoz-shogirdlik anʼanasi alohida oʻrin tutganiga guvoh boʻlamiz. Islom uygʻonish davrining eng yorqin siymolaridan biri — Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy koinot, geodeziya, matematik analiz, tarix va falsafa sohalarida oʻzining betakror asarlari bilan butun dunyo fanini boyitgan, oʻz davrining fenomenal shaxslaridan biridir. Biroq uning kamolotga erishishida muhim ilmiy va insoniy zamin yaratuvchi alloma sifatida Abu Nasr Mansur ibn Ali ibn al-Iroq nomi alohida ehtiromga loyiqdir.

 

    Abu Nasr al-Iroq, nafaqat Beruniyning ustozidir, balki uni chinakamiga tanigan, yuksak isteʼdodini qadrlagan, unga ilm-fanning eng murakkab sirlarini ochib bergan insondir. U Beruniyni faqat shogird emas, balki oʻziga tengdosh ilm ahli sifatida koʻrgan. Abu Nasr al-Iroq Beruniyning isteʼdodiga chuqur ishonib, unga bagʻishlab osmon sferasining nazariy masalalari, geodetik astronomiya va klassik “Zij”lar asosida 12 ta ilmiy risola yozgan. Bunday ilmiy va maʼnaviy hamkorlik musulmon Sharqidagi eng yorqin ustoz-shogirdlik maktablaridan biriga asos boʻlgan.

   Abu Nasr Mansur ibn Ali ibn al-IroqXI asr musulmon Sharqida matematik-geometrik tafakkurni chuqurlashtirgan, sferik trigonometrikani mukammallashtirgan, astronomik jadval va nazariyalarni rivojlantirgan yirik olimdir. U oʻzining ilmiy izlanishlari bilan nafaqat oʻz davrida, balki keyingi asrlar davomida ham ilm-fan olamiga katta taʼsir koʻrsatgan. Uning “Shoh Almagesti” nomli asari, sferik uchburchaklar uchun sinuslar teoremasini isbotlashi, ekvator va ekliptika oʻrtasidagi ogʻish burchagini aniqlashdagi yangicha yondashuvi — bularning barchasi uni oʻz davrining yetuk ilmiy lideri sifatida tanitadi.

 

 

      Ilmiy meros

 

    U yozgan asarlardan taxminan 30 tasi maʼlum boʻlib, ular hozirgi kunda ham Sharq va Gʻarb ilmiy doiralarida oʻrganilmoqda. Bu asarlar orasida sferik geometriya, astronomik jadval tuzish, sinuslar teoremasi, ekvator-ecliptika nisbatlari kabi nazariy va amaliy masalalarga bagʻishlangan risolalar alohida ajralib turadi.

 

       “Shoh Almagesti” – Sharq ilmida yangicha burilish

 

    Abu Nasr al-Iroqning eng mashhur asarlaridan biri — “al-Majistiy ash-Shohiy” yoki “Shoh Almagesti” deb nomlangan astronomik risoladir. Ushbu asar Xorazmshoh Ali ibn Maʼmunga bagʻishlab yozilgan boʻlib, oʻz mohiyatiga koʻra Ptolemeyning “Almagest” asarini zamon ruhiga moslab, ilmiy yangilashga qaratilgan.

 

    Bu asarda u IX asrda yashagan mashhur astronom Habash al-Hosib va X asr olimi Abu Jaʼfar al-Hazinning astronomik jadval va hisob-kitoblariga chuqur ilmiy tahlil asosida tuzatishlar kiritgan. Ayniqsa, u ekliptika bilan osmon ekvatori oʻrtasidagi ogʻish burchagini aniqlash boʻyicha ilgari hech kim qoʻllamagan yangi usulni taklif etgan. Bu usul keyinchalik Gʻarb va Sharq astronomik maktablarida keng qoʻllanilgan.

 

     Trigonometrik tafakkurning asoschisi

 

   Bugungi kunda matematikada sinf va fakultetlarda oʻrgatiladigan sferik trigonometrik teoremalarning asoschilaridan biri aynan Abu Nasr al-Iroqdir. U fazoda joylashgan (yaʼni sfera ustida yotgan) uchburchaklar uchun sinuslar teoremasini nazariy jihatdan isbotlagan birinchi olimlardan hisoblanadi. Bu esa, nafaqat astronomiya, balki geodeziya, kartografiya va zamonaviy kosmik hisob-kitoblarga asos boʻlgan.

 

   Uning bu yutuqlari haqida, nafaqat al-Beruniy, balki undan keyingi yirik mutafakkirlar — Nasiriddin at-Tusiy,  Ulugʻbek Mirzo hamda Gʻarbiy Yevropa olimlari tomonidan ham yuqori baholangan. Shuni alohida qayd etish joizki, sferik trigonometriya fani al-Iroqning saʼy-harakatlari natijasida alohida fan sifatida shakllangan.

 

    Abu Rayhon al-Beruniy: shogirdmi yoki davomchi?

 

    Abu Nasr al-Iroqning ilmiy siymosini toʻliq anglash uchun uning shogirdi Abu Rayhon al-Beruniy bilan boʻlgan murakkab, lekin samimiy munosabatlarini tushunish zarur. Beruniy al-Iroqni  ustoz, balki oʻziga hamfikr, ilmda sherik deb bilgan. U ustoziga hurmat bajo keltirib, oʻz asarlarining kirish qismida al-Iroqning nomini alohida zikr etgan.

 

    Al-Iroq esa Beruniyga bagʻishlab, 12 ta risola yozgan boʻlib, ularning har biri shogirdining ilmiy izlanishlariga zamin yaratishga qaratilgan:

 

  • Osmon sferasining nazariy masalalari,

 

  • Qadimgi “Zij”larning qayta ishlanishi,

 

  • Geometrik tenglamalarning talqini,

 

  • Geodeziya va yer yuzini oʻlchash metodlari haqida risolalar.

 

    Bu risolalar, bir tomondan, shogirdga berilgan nazariy metodik yoʻl-yoʻriqlar boʻlsa, boshqa tomondan, Sharqdagi ilmiy avlodlar uzviyligining timsolidir.

 

 

     Gʻarb faniga taʼsiri va XX asrdagi qayta kashfiyot

 

    Abu Nasr al-Iroqning asarlari va gʻoyalari oʻrta asrlarda Gʻarbga bevosita yetib bormagan boʻlsa-da, ularning taʼsiri Andalus orqali Yevropaga kirib kelgan. Ayniqsa, sferik trigonometriya va astronomik jadval tuzish metodlari Gʻarbiy olimlar uchun yangi yondashuvlar boʻldi.

 

    XX asrda u qayta kashf qilindi. Mashhur olimlar:

 

  • Paul Luckey (Germaniya),

 

  • Edward S. Kennedy (AQSh),

 

  • Julio Samsoʻ (Ispaniya),

 

  • Kurt Jansen (Gollandiya) 

 

kabi olimlar uning merosini tahlil qilib, asarlarining ilmiy salmogʻini yuqori baholadilar. Jumladan, 1910 yilda G. Zuter tomonidan Abu Nasrning “Geometriya boʻyicha savollarga javob” risolasi nemis tiliga tarjima qilinib nashr etilgan. Bu tarjima Yevropa ilm-fanida musulmon olimlarining oʻrnini qayta tiklash yoʻlida muhim qadamlardan biri boʻldi.

 

    Abu Nasr Mansur ibn Ali ibn al-Iroq – oʻz davrining ilm-fan ustuni, keyingi avlodlar uchun esa yoʻl koʻrsatuvchi yulduz boʻlib qolmoqda. Uning matematik izlanishlari, osmon sferasiga oid tahlillari va shogirdi Beruniy orqali ilmiy maktab yaratishdagi muvaffaqiyati uni jahon ilm-fani tarixining doimiy sahifalariga muhrladi.

 

    Bugungi kunda uning nomini qayta tiklash, asarlarini tadqiq qilish va ularni yosh avlodga yetkazish — faqat tarixiy ehtirom emas, balki ilmiy taraqqiyotga xizmat qiluvchi dolzarb masaladir.

 

    Islom olami tarixida minglab allomalar yashab, ilm-fan rivojiga mislsiz hissa qoʻshgan. Ularning ismlari faqat oʻtmish xotirasi emas, balki zamonaviy avlod uchun yoʻlchi yulduzdir. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bu kabi buyuk siymolarning hayoti, ilmiy qarashlari va kashfiyotlari jonli ekspozitsiyalar orqali namoyon boʻlmoqda. Markazning har bir burchagi – bu oʻtmish bilan zamon oʻrtasidagi koʻprik, har bir eksponat – bu tafakkurga taklif.

 

    Abu Rayhon Beruniy va uning ustozi Abu Nasr Mansur kabi allomalar – bu zamonaviy fanga asos solgan, hozirgi texnologiyalarni ilhomlantirgan insonlardir. Ularning astronomiyadagi nazariyalari, matematikaga kiritgan yangiliklari, falsafa va tabiatshunoslikdagi qarashlari bugungi kunda ham dolzarb. Islom sivilizatsiyasi markazi ana shu olimlarning bebaho merosini, ularning tafakkur doirasini, ilmiy jasoratini yosh avlodga zamonaviy tilda yetkazmoqda.

 

    Bu Markaz – muzey emas, vaqt oraligʻiga sayohat; bu joy – eksponatlar toʻplami emas, balki tafakkurning uygʻonishidir. Bu yerda kelajak oʻz ildizini taniydi, ilm oʻz tarixini anglaydi. Bu yerda oʻtmish faqat yashab oʻtilgan bosqich emas, balki bugungi rivojlanish uchun platformadir. Aynan shu yondashuv bilan Markaz – nafaqat madaniy merosni saqlash, balki uni zamonaviy avlod tafakkuriga koʻchirishda noyob bir markaziy maskan boʻlib xizmat qilmoqda.
 

Husan TURSUNOV

 

P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.