Rudakiy ilmiy merosi targʻib qilinadi

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasining "Birinchi Renessans: davrlar, shaxslar, ilmiy-ijodiy faoliyat va kashfiyotlar" yoʻnalishi doirasida mutafakkir — Abu Abdulloh Rudakiyga bagʻishlangan medialoyiha yaratish ustida ish olib borilmoqda.

 

    Buxoro hukmdori Nasr ibn Ahmad Somoniy (914–943) davrida  Rudakiyning shoirlik shuhrati Buxoro va umuman Sharqqa keng tarqaldi. Rudakiy asarlariga eʼtibor berilsa, uning astronomiya va qadimgi yunon falsafasini ham yaxshi tushunganligini koʻrish mumkin.

 

    Adabiy va tarixiy manbalarga koʻra, fors-tojik adabiyotining asoschisi Abu Abdullo Jaʼfar bin Muhammad Rudakiy merosi 700 mingdan 1 million 300 ming misragacha baholanadi. Baʼzilar esa undan yuzlab jild meros qolganligini aytishadi. Afsuski, bu buyuk shoirning ilmiy merosidan juda kam qismi bizgacha yetib kelgan.

 

    1956 yil Rudakiyning 1100 yilligi munosabati bilan uning parokanda sheʼrlari bir joyga toʻplanib, 1840 misrani tashkil etgandi. Keyin 1957 yili shoir sheʼrlari zabardast mutarjim va forsiy adabiyotshunos Munirxon Muinzoda tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilingan holda nashr etildi.

 

    Shundan keyin fors-tojik soʻz sanʼatining yirik tadqiqotchisi va tarjimoni Shoislom Shomuhamedov tarjimasida Rudakiy asarlari yana ikki marotaba nashr etildi.

 

    Rudakiy ruboiy janrining yozma adabiyotdagi kashshofi sanaladi. Chunki janrning barcha talablariga javob beradigan ilk ruboiylar aynan uning qalamiga mansubdir. U oʻz ruboiylarida ishq mavzusini keng va chuqur yoritib bergan.

 

    Qadimgi manbalarda Rudakiyning “Oftob davroni”, “Arois an-nafois” (“Nafis kurtaklar”) va “Sinbodnoma” dostonlari boʻlganligi haqida maʼlumotlar uchraydi.

 

    Rudakiyning qasidalaridan  "Mayning onasi", “Buxoro vasfi” va “Qarilikdan shikoyat” kabilar bizgacha yetib kelgan. Rudakiyning ijodida X asrning ijtimoiy hayoti oʻz aksini topgan. Uning hamma asarlarida xalqning orzu-umidlari, manfaatlari ifoda qilingan.