Tarixdagi ilk turkiy dunyo xaritasi va sivilizatsiyaga nazar

Bugun biz global xaritalar, sunʼiy yoʻldoshlar va raqamli navigatsiya yordamida butun dunyoni soniyalar ichida koʻzdan kechira olamiz. Ammo ming yil avval, insoniyat hali geografik bilishning ilk bosqichlarida boʻlgan bir paytda, turkiy alloma - Mahmud Koshgʻariy ilk bor xalqining tilini, hududini va madaniy chegaralarini ilmiy shaklda ifoda etdi. U nafaqat tilshunoslik tarixida, balki geografik tafakkurda ham tub burilish yasagan. Yangi Oʻzbekiston ana shu tarixiy xotirani zamonaviy tafakkur bilan uygʻunlashtirmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi bu borada nafaqat muzey yoki ekspozitsiya, balki ilmiy-pedagogik markaz, yangi avlodga milliy ong va qadriyatlarni singdiruvchi darcha boʻlib xizmat qiladi. Bu yondashuv bizni oʻz ildizlarimizga qaytaradi, lekin faqat oʻtmishda emas, balki kelajak sari bosh koʻtargan holda.

 

Mahmud Koshgʻariyning eng mashhur asari — “Devonu lugʻotit-turk” — oʻzbek, qirgʻiz, uygʻur, qoʻnli, oʻgʻuz va boshqa koʻplab turkiy qabilalarning til boyligini jamlagan nodir manbadir. Ammo bu asarning eng diqqatga sazovor jihatlaridan biri — unda tarixdagi ilk turkiy dunyo xaritasi ham mavjud boʻlib, u Koshgʻariyning turkiy xalqni faqat til emas, balki makon va tafakkur birliklari orqali birlashtirishga uringanini koʻrsatadi.

Bu xarita shunchaki yer-suv belgilari emas — u bir millatning tarixiy xotirasi, oʻziga boʻlgan ishonchi va madaniy dunyoqarashining ramzidir. Aynan shuning uchun, bugungi kunda bu xarita faqat ilmiy qiziqish emas, balki milliy oʻzlik va qadriyatlar sari yoʻl koʻrsatuvchi manba sifatida tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

 

“Devonu lugʻotit-turk”dagi geosiyosiy xarita

“Devonu lugʻotit-turk” asarida ilova qilingan xarita – oʻz davrida turkiy xalqlarning yashash hududlari, madaniy markazlari va dunyoqarashi haqida ilk bor ilmiy asosda shakllangan tasviriy manbadir. Ushbu xarita, shaklan doira koʻrinishida boʻlib, markazida Balasogʻun shahri joylashtirilgan. Bu tanlov bejiz emas, chunki xarita mazmuni markazga qarab tartiblangan boʻlib, u turkiy dunyoni manaviy-geosiyosiy markaz sifatida tasvirlashga intilgan.

Xaritada joylashuv yoʻnalishi gʻarbiy-geografik anʼanalar asosida emas, balki sharqqa qarab yoʻnaltirilgan. Bu esa Sharqdagi manaviy markazlarning ustuvorligiga urgʻu beradi. Ranglar orqali tabiiy manzaralarning farqlanishi, geografik obʼektlarning nisbiy joylashuvi, va ayniqsa ayrim mintaqalarning diniy-mifologik belgilar bilan ifodalanishi, xaritaning nafaqat ilmiy, balki madaniy-maʼnaviy maqsadlar uchun ham yaratilganini koʻrsatadi.

 

Xaritaning mazmuniy tuzilishi

Xaritada quyidagi asosiy geografik va siyosiy hududlar tasvirlangan:

Markaz – Balasogʻun (turkiy dunyoning markazi sifatida);

Sharqda – Xitoy va boshqa Uzoq Sharq hududlari;

Gʻarbda – Bagʻdod, Dajla va Furot daryolari;

Janubda – Hindiston, Seylon oroli (Serandib);

Shimolda – Qipchoq oʻlkasi va boshqa koʻchmanchi qabilalar.

 

Tabiiy obʼektlar – daryolar, dengizlar, choʻllar, togʻlar – alohida ranglar bilan belgilangan: masalan, koʻk rang suv manbalariga, qizil rang togʻ tizimalariga tegishli. Bu kartografik ifodaning zamoniga nisbatan ilgʻor jihatidir.

 

Xaritadagi gʻoya: til va hudud birligi

Ushbu xarita asarning asosiy mohiyati bilan uzviy bogʻliq – yaʼni, turkiy tillarni arab olimlariga oʻrgatish bilan birga, bu tillarning tarqalgan hududlarini ham tushunarli shaklda koʻrsatish. Bunda hududiy birlik orqali til, madaniyat va tarixiy xotiraning yagona makon sifatida anglanishiga xizmat qilinadi. Xarita, aslida, bir tilning emas, butun bir sivilizatsiyaning geografik manifestidir.

 

Shuningdek, xarita arab markazlarini markaziy emas, balki chekka hududlarda tasvirlash orqali turkiy dunyoning mustaqil va oʻziga xos madaniy makon sifatida ifodalanishiga sabab boʻlgan. Bu esa oʻz davrida geosiyosiy fikrlashda yangicha konsepsiyaga asos boʻlgan.

 

Kartografik qadriyat va zamonaviy tadqiqotlar

Mazkur xarita bugungi kunda dunyo kartografiya tarixida ilk muqaddas va mafkuraviy xarita sifatida eʼtirof etiladi. U nafaqat tarixiy geografiya, balki madaniyatshunoslik, tilshunoslik, antropologiya va siyosiy fikr evolyutsiyasi uchun ham noyob manbadir.

Bugungi kunda bu xarita asosan Istanbuldagi qoʻlyozma asosida oʻrganilgan boʻlib, Gʻarb olimlari tomonidan ham ilmiy jihatdan tahlil qilingan. Jumladan, undagi har bir geografik obʼektning zamonaviy nomlari bilan mosligi aniqlanmoqda va u orqali qadimgi turkiy dunyoning geografik tasavvuri ilmiy rekonstruksiya qilinmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barpo etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida yaratilayotgan ekspozitsiyada Mahmud Koshgʻariy kabi mutafakkirlarning ilmiy merosi, xususan ilk turkiy dunyo xaritasi kabi betakror kashfiyotlarga alohida eʼtibor qaratilayotgani yurtimizda ilm va tafakkurga boʻlgan chuqur ehtiromning amaliy ifodasidir. Zero, bu kabi tarixiy manbalar nafaqat oʻtmishimizni oydinlashtiradi, balki bugungi davrda milliy gʻurur va oʻzlikni shakllantirishda bebaho ahamiyat kasb etadi.

Mahmud Koshgʻariyning xaritasi turkiy dunyoning qadimiy geosiyosiy va madaniy tasavvurini mujassam etgan noyob manba sifatida qadrlanadi. Unda faqatgina hududlar emas, balki butun bir sivilizatsiyaning fikrlash tarzi, maʼnaviy markazlari va tarixiy ongining fazoviy talqini aks etgan. Ayniqsa, xarita markaziga Balasogʻunni, yaʼni oʻz davrining turkiy madaniyat yuragini joylashtirgani, xalq va til tushunchalarini geosiyosiy markazga aylantirishga boʻlgan intilishni koʻrsatadi.

 

Shu bois, Mahmud Koshgʻariy xaritasi — bu shunchaki qadimiy geografik hujjat emas, balki sivilizatsiyaviy mustaqillik, til va madaniyat asosida qurilgan oʻzlik konsepsiyasining ilk namunalaridandir. Uni bugungi avlodga yetkazish, qayta talqin qilish, ilmiy jamoatchilikka taqdim etish — bu tarixni tiklash emas, balki tafakkurni tiriltirish demakdir.

 

Husan Tursunov,

P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.