Milliy uygʻonishdan istiqlolgacha
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining “Oʻzbekiston XX asrda” ekspozitsiyasi mamlakatimizning XX asrdagi davlatchilik tarixi va jamiyat taraqqiyotining murakkab bosqichlarini ilmiy-nazariy asosda yoritishga qaratilgan. Ushbu boʻlim 200 kvadrat metr maydonni egallagan boʻlib, tarixiy voqealar "Diod" ekranlar orqali interaktiv tarzda namoyish etiladi.
Ekspozitsiyaning asosiy maqsadi — oʻtgan asrda mamlakatda yuz bergan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, jadid maʼrifatparvarlarining fidokorona faoliyati, sovet davridagi siyosiy vaziyat, ilm-fan, madaniyat va sanʼatdagi oʻzgarishlar hamda mustaqillikning dastlabki yillaridagi yutuqlarni tarixiy panorama sifatida bir butun holda namoyish etishdan iborat.
Boʻlim uch qismdan iborat:
1. “Turkistonda milliy taraqqiyparvarlik – jadidchilik harakati” qismi 1890–1939 yillar oraligʻini qamrab oladi. Unda ilmiy-innovatsion loyihalar orqali jadidlar harakati, yangi usul maktablari, matbuotga asos solinishi, yoshlarni xorijiy davlatlarda taʼlim olishlari uchun tashkil etilgan taʼlim jamiyatlari, teatr va muzeylarga asos solinishi hamda ularning dastlabki faoliyati yoritiladi. Shuningdek, 1920–1938 yillardagi siyosiy jarayonlar, tarixdagi ilk yutuqlar, Oʻzbekiston tarixida birinchi boʻlgan shaxslar faoliyati va qatagʻon siyosati boʻyicha maʼlumotlar taqdim etiladi.
2. “Oʻzbekiston shoʻrolar davrida” qismida 1940–1990 yillar oraligʻidagi voqealar aks ettirilgan. Unda Boboxonovlar sulolasi faoliyati, 1960–1980 yillardagi taraqqiyot, Sharof Rashidovning bunyodkorlik ishlari, ilm-fan, adabiyot va sanʼat sohalarining rivoji yoritiladi. Oʻzbekiston tarixidagi muhim “birinchilar”ga ham alohida eʼtibor qaratiladi.
3. “Oʻzbekiston mustaqilligining dastlabki davri” boʻlimi esa 1991–2016 yillar oraligʻini qamrab oladi. Bu qismda ham ilmiy-innovatsion loyihalar orqali Oʻzbekiston mustaqilligi eʼlon qilinishi, davlat ramzlarining va Konstitutsiyaning qabul qilinishi, tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, meʼmorchilik, ilm-fan, adabiyot, yuksak maʼnaviyat va sanʼat sohalaridagi taraqqiyot hamda Diniy qadriyatlarning tiklanishi keng yoritiladi.
Mazkur ekspozitsiya ustida 87 nafar olim, jumladan, 3 nafar xorijlik mutaxassis ish olib bormoqda.
“Oʻzbekiston XX asrda” ekspozitsiyasi tarixiy xotirani tiklash, milliy oʻzlikni anglash va yosh avlodga tarixdan saboq berish yoʻlida muhim qadamlardan biridir. Bir soʻz bilan aytganda, Islom sivilizatsiyasi markazidagi ushbu boʻlim oʻz davrining maʼrifiy va madaniy voqeliklarini atroflicha qamrab olgan.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
