Hikmatlar siri zamonaviy ekspozitsiyada

Xoʻja Ahmad Yassaviy maqbarasi

 

    Bugungi tez surʼatlarda oʻzgarayotgan, raqamli texnologiyalar hukmronlik qilayotgan davrda inson tafakkuri turli maʼlumotlar bilan toʻlib-toshmoqda. Ammo ana shu axborot koʻpaygani sari, qalblar boʻshab, ruhiy iztiroblar kuchayib borayotgani sir emas. Insoniyat turli gʻoyalarning girdobida maʼnaviy tayanch izlayapti. Aynan mana shunday muhitda, bizni ichki poklik, sabr, muhabbat, kamtarlik, halollik va haqiqat sari yetaklaydigan qadimiy manbalar yana qayta kashf qilinmoqda. Ulardan biri Prezident gʻoyasi va tashabbusi bilan bunyod etilayotgan Oʻzbekistondagi megaloyiha – Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan oʻrin olmoqda. 

 

    Tasavvuf adabiyotining poydevorlaridan sanalgan, xalqimiz qalbida asrlar davomida oʻchmas iz qoldirgan Ahmad Yassaviy hikmatlari har gal qayta-qayta yangidan kashf etiladigan qadimiy manbadir.

 

    Ahmad Yassaviy nafaqat oʻz davrining ulugʻ mutasavvifi, balki umuminsoniy qadriyatlarni soʻz bilan tarannum etgan qalb tabibidir. Uning hikmatlari, koʻp hollarda sheʼriy shaklda boʻlib, insonning nafsiy kurashidan tortib, jamiyatdagi adolat, mehr, ezgulik kabi qadriyatlargacha boʻlgan keng mavzularni qamrab oladi. Hikmatlar insonni dunyo tashvishlaridan emas, balki dunyoning tub mohiyatidan ogoh boʻlishga chorlaydi. Ularda turmushning nozik nuqtalari, ruhiy izlanishlar, ichki uygʻonish va haqiqatga yetishish yoʻllari oʻz ifodasini topgan.

 

    Bugun yoshlarimiz ilm-fan, texnologiya, global tafakkur sari intilayotgani tahsinga loyiq. Biroq bu yoʻlni toʻgʻri bosib oʻtish, uni komillik sari yoʻnaltirish uchun maʼnaviy kuch ham zarur. Aynan Yassaviy hikmatlari oʻsha kuchli maʼnaviy tayanch boʻla oladi. Chunki bu hikmatlar zamon oʻtgan sayin qadrsizlanmaydi, aksincha, insoniyat qarshisida yuzaga keladigan yangi muammolarga ham javob boʻla oladi.

 

    Ahmad Yassaviyning hikmatlariga zamonaviy koʻz bilan qarasak, unda biz nafaqat diniy-axloqiy saboqlarni, balki shaxsiy oʻsish, ijtimoiy masʼuliyat, ichki uygʻonish, va ongli hayot kechirish gʻoyalarini ham topamiz. Shunday ekan, Yassaviy hikmatlarini oʻrganish — bu tarixga nazar tashlash emas, balki kelajak sari qadamlashning bir shaklidir.

 

Hikmatlarning maʼnaviy mohiyati

 

    Ahmad Yassaviy oʻz hikmatlari orqali inson qalbini maʼnaviy uygʻotishga, uni ilohiy haqiqat sari yetaklashga harakat qilgan. Bu hikmatlar zamirida nafaqat tasavvufiy gʻoyalar, balki hayotiy tajriba, ruhiy tarbiya, axloqiy saboq ham mujassam. Har bir hikmat — bu dard, bu iztirob, bu uygʻonish. Quyida uning ayrim hikmatlari asosida ushbu ulugʻ mutasavvifning maʼnaviy merosini zamonaviy nigohda tahlil qilamiz.

 

Munofiqlikdan yiroq boʻlish: axloqiy hushyorlik

 

Ey birodar, munofiqqa boʻlma ulfat,

Kim ulfatdur, boshi uzra yuz ming kulfat.

 

    Bu hikmat insonga doʻst tanlashda hushyor boʻlish, qalbi va amali bir boʻlmagan, ikkiyuzlama insonlardan yiroq yurish zarurligini uqtiradi. Munofiqlik — jamiyatni ichdan yemiruvchi illatdir. Bugungi kunda ham Yassaviy ogohlantirayotganidek, ikkiyuzlamachilik, riyo, yolgʻonchilik jamiyatdagi ishonch poydevorini zaiflashtiradi. Doʻstlik faqat tashqi aloqaga emas, balki ruhiy uygʻunlikka asoslanmogʻi kerak.

 

Naqadar buyuk fazilat: nafsdan kechish va qanoat

 

"Nafsdan kechib, qanoatni pesha qilgan,

Har kim topsa, rozi boʻlib boʻyin sungan.

Yaxshilarga xizmat qilib, duo olgan,

Andoq oshiq, mahshar kuni ponomi yoʻq."

 

    Bu hikmat toʻrt qatorda butun bir hayot falsafasini oʻzida jamlagan. Birinchidan, Yassaviy nafsdan kechishni – yaʼni hirs, manmanlik, oʻch, hasad kabi illatlardan voz kechishni eng oliy ruhiy gʻalaba deb biladi. Qanoat esa bugungi shiddatli isteʼmol jamiyatida yoʻqolib borayotgan qadriyatlardan biri. Bugungi inson koʻproq egalik qilishni orzu qiladi, ammo kamroq rozi boʻladi. Shunday paytda bu hikmat bizni ichki tinchlik, sabr va rozi boʻlish madaniyatiga chorlaydi.

 

    Shuningdek, “yaxshilarga xizmat qilib, duo olish” — bu tasavvufda murshidga xizmat qilish ramzi boʻlishi bilan birga, hayotda nurli insonlarga ergashish, ularning duosiga sazovor boʻlishning ham ramzidir.

 

Ishq yoʻli – cheksiz bir makon

 

To tiriksan, ishq daftari ado boʻlmas.

 

    Bu satr tasavvufda eng muhim tushuncha — ishq haqidagi chuqur qarashni ochib beradi. Ishq bu yerda nafaqat insoniy sevgi, balki ilohiy muhabbat, Haqni sevish, Uning yaratgan zotlariga mehr bilan qarash deganidir. Yassaviy fikricha, inson yashar ekan, qalbi doimo ishq bilan toʻlib-toshmogʻi, bu muhabbat uni doimiy izlanish va poklanishga undamogʻi lozim.

 

    Bugungi kunda ruhiy halovatni, hayotga maʼno izlayotgan har bir inson bu satr orqali qalbiga yoʻl topadi. Ishq – bu harakat, bu ruhiy uygʻonish, bu hayotning eng yuqori darajasi.

 

Bilim va tafakkur – ibodatning bir koʻrinishi

 

Oʻqish, fikrlash ham ibodatdir!

 

    Bu hikmat Ahmad Yassaviyning bilim va tafakkurga boʻlgan chuqur eʼtiborini anglatadi. Unga koʻra, haqiqiy ibodat — bu nafaqat ruku va sajdalar, balki oʻrganish, fikrlash, haqiqatni izlashdir. Bu gʻoya bugungi zamon uchun nihoyatda dolzarb: bilim olish, tafakkur yuritish, fikrni tarbiya qilish – bu ham ruhiy poklanishning bir yoʻli ekanligini eslatadi.

 

    Yassaviy hikmatlaridagi chuqur ijtimoiy va maʼnaviy tafakkur bugungi avlod uchun hayotiy dasturilamal boʻla oladi. Zero, bu hikmatlarda maʼnaviy immunitet, insoniy barkamollik, haqiqat va muhabbat bilan yashash falsafasi mujassam. Hikmatlar bir qarashda sodda koʻrinsada, undagi maʼnolar qatlamlari har bir oʻquvchini oʻz holatiga qarab oʻzgacha oʻylantiradi, uygʻotadi, tarbiyalaydi.

 

    Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barpo etilayotgan oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida Ahmad Yassaviy hikmatlari alohida ahamiyat kasb etadi. Bu hikmatlar asrlar davomida xalqimizning axloqiy mezonlarini shakllantirib kelgan, bugun esa yangi avlod maʼnaviyatini yuksaltirishda muhim manba boʻlib xizmat qilmoqda.

 

    Ekspozitsiyada taqdim etilayotgan Yassaviy hikmatlari nafaqat tarixiy adabiy meros, balki insonni poklik, sabr, halollik va kamtarlikka chorlovchi maʼnaviy dastur sifatida talqin qilinmoqda. Bu hikmatlar bugungi yoshlar uchun ham ibrat maktabi, ruhiy yoʻlboshchi boʻlib xizmat qilishi shubhasiz.

 

 

Husan Tursunov,

 

P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.