Sharqning “Ikkinchi Renessans” davri xalqaro anjumanda eʼtirof etildi
Yurtimizdagi megaloyiha — davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barpo etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi doirasida tashkil etilgan “Ikkinchi Renessans” ekspozitsiyasida qamrab olingan mavzular xalqaro miqyosda ham tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Buning yaqqol misoli sifatida Germaniyaning Berlin shahrida boʻlib oʻtgan “Innovatsiya va sanʼat ustalari: turkiy xalqlarning jahon ilm-fani va madaniyatiga qoʻshgan hissasi” mavzusidagi xalqaro anjumanni keltirish mumkin.
Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Unda turkiy davlatlarning rasmiy vakillari, diplomatlar, olimlar, ekspertlar, diaspora faollari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Anjuman ishtirokchilari turkiy xalqlarning jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasi, buyuk allomalarning ilmiy merosi va madaniy durdonalarini oʻrganish masalalari haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.
Feliks Lyuning, Berlin Arxenxold observatoriyasi ilmiy xodimi:
– Men anjumanda buyuk astronom va daho alloma Mirzo Ulugʻbekning ilmiy merosi haqida maʼruza qildim. Uning astronomik oʻlchovlaridagi aniqlik jahon ilm-fani uchun beqiyos ahamiyatga ega. Afsuski, Mirzo Ulugʻbekning bu buyuk kashfiyotlari Yevropada yetarlicha eʼtirof etilmagan. Holbuki, bu meros nafaqat oʻsha davr, balki bugungi zamon ilm-fani uchun ham juda muhim.
Nilufar Toʻxboyeva, Toshkentdagi Turin politexnika universiteti oʻqituvchisi:
– Mazkur anjumanda men Amir Temur va Temuriylar davridagi meʼmorchilik sanʼati hamda uning rivojlanish bosqichlari haqida maʼruza qildim. Amir Temur davridagi meʼmorchilik va madaniyat durdonalarini Germaniya jamoatchiligiga tanishtirish bilan bir qatorda, bizgacha yetib kelmagan tarixiy obidalarni virtual ravishda tiklash boʻyicha amalga oshirayotgan loyihalarimni ham taqdim etdim.
Jumladan, Shahrisabzda joylashgan Oqsaroyning dastlabki koʻrinishi va Amir Temur maqbarasining rivojlanish bosqichlari haqida maʼlumot berdim. Bu orqali buyuk ajdodlarimizning buyuk salohiyati va qoldirgan ilmiy-maʼnaviy merosini jahonga tanitishga hissa qoʻshishga harakat qildim. Ayni paytda tarixiy obidalarni ilmiy asosda oʻrganish borasida germaniyalik hamkasblarimiz bilan qoʻshma izlanishlar olib borayapmiz.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida tashkil etilayotgan “Ikkinchi Renessans” ekspozitsiyasida “Temuriylar davri renessansi”ga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
