Islom dinining hujjati

 

    Islom falsafasi, ilohiyot va tasavvuf tarixi Abu Homid Muhammad ibn Muhammad at-Tusiy Gʻazzoliy (1058–1111) nomini alohida ehtirom bilan tilga oladi. Uning fikr va faoliyati, xususan, «Ihyou ulum id-din» («Diniy ilmlarni tiriltirish») asari islom maʼnaviyati va ruhiyatida chuqur iz qoldirgan. Mazkur asarning XIII asr oxirlariga oid nusxasi, hozirda Abu Rayhon Beruniy nomidagi qoʻlyozmalar institutida (inv. №6108) saqlanayotgani, uning ilmiy va madaniy ahamiyatini yanada oshiradi.

 

Gʻazzoliy hayoti va maʼnaviy yoʻli

 

    Abu Homid Gʻazzoliy Xurosonning Tus shahrida dunyoga kelgan. U Nishopurda ashʼariy ilohiyot maktabida tahsil olgan, Bagʻdoddagi Nizomiya madrasasida mudarris sifatida xizmat qilgan va Saljuqiylar vaziri Nizomulmulkning ilmiy-maʼrifiy siyosatida faol ishtirok etgan. Ismoiliylar tomonidan Nizomulmulk oʻldirilganidan soʻng Gʻazzoliy nafaqat shaharni, balki rasmiy ilm doirasini ham tark etadi. U haj safari bahonasida Bagʻdodni tashlab, Damashq, Makka va oxir-oqibat ona shahri Tusga qaytib, mustaqil ruhiy va ilmiy izlanishlarga oʻtadi.

 

 

“Ihyou ulum id-din” – tasavvuf va shariat uygʻunligi

 

    “Ihyou ulum id-din” asari Gʻazzoliyning islom ilmlari tizimiga yondoshishdagi teran fikrini namoyon qiladi. Unda islom shariati, axloq, qalb tarbiyasi, ibodat va ruhiy poklanish masalalari bir butun manzarada talqin etilgan. Gʻazzoliy, faqat zohiriy ilmlar bilan kifoyalanmasdan, islom taʼlimotini tasavvuf ila uygʻunlashtirgan. Uningcha, qalbni poklash va ruhiy kamolga yetish, shariat qoidalari bilan qiyoslanishi lozim boʻlgan yoʻldir. Shu bois u “tasavvuf shariatsiz botil, shariat tasavvufsiz quruq” degan gʻoyani ilgari suradi.

 

   Asarda berilgan duolar va zikrlar ruhiy tarbiyaning amaliy yoʻnalishlaridan biri sifatida bayon etilgan. Ular har bir moʻmin qalbida ilohiy muhabbat, iroda tarbiyasi va poklik tuygʻusini kuchaytirishga xizmat qiladi.

 

   Gʻazzoliy oʻz zamonasida falsafa va ilohiyot oʻrtasidagi qarama-qarshilikni ilmiy ravishda tahlil qilgan. U Abu Nasr Forobiy va Ibn Sinoning Aristotelga asoslangan taʼlimotlarini tanqid qilgan, xususan, koinotning abadiyligi, ruhning oʻlmasligi kabi gʻoyalarga qarshi “Tahofut ul-falosifa” asarini yozgan. Biroq u falsafani butunlay inkor etmagan — aql va mantiqni shariat asoslarini mustahkamlashdagi vosita sifatida koʻrgan. Shu bois uning ilmiy merosi faqat islom olamida emas, balki oʻrta asr Yevropasi fikriy hayotiga ham taʼsir koʻrsatgan.

 

Gʻazzoliy merosining taʼsiri va davomchilari

 

    Gʻazzoliyning “Kimyoi saodat” asari XIX asrda Sharqiy Turkistonda Muhammad Iso tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilingan. Yangi davrda Alouddin Mansur va Rashid Zohid kabi adabiy shaxslar bu asardan parchalarni xalq ommasiga yetkazganlar. Bugungi kunda ham uning asarlari islom maʼrifati va ruhiy hayotni oʻrganuvchi olimlar uchun asosiy manbalardan biri hisoblanadi.

 

   Abu Homid Gʻazzoliy – islomiy fikrning yetuk namoyandalaridan biri sifatida ilm, tasavvuf va falsafani bir zulfda bogʻlagan shaxsdir. Uning “Ihyou ulum id-din” asari nafaqat diniy adabiyot, balki insoniylik, axloq va ruhiy yuksalish mavzusidagi betakror merosdir. Gʻazzoliyning fikrlari bugun ham inson qalbini maʼrifat va ezgulikka chorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

   

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining "Oʻzbekistonning 100 qadimiy qoʻlyozmasi" medialoyihasidan ushbu qoʻlyozma ham joy olgan.

 

Durdona Rasulova

 

P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.