Buxorodan chiqqan tabobat yoʻlboshchisi faqat Ibn Sinomi?
Har bir yangilik, har bir kashfiyot tarixning chuqur ildizlariga borib taqaladi. Bugungi tibbiyot ilm-fanining zamonaviy yutuqlari zamirida ming yillik tajriba, tafakkur va ilmiy izlanishlar mujassam. Ayniqsa, Sharq uygʻonish davrida yashab ijod qilgan tabiblar, ulamo va olimlarning ilmiy merosi bugungi kunda ham oʻz dolzarbligini yoʻqotmagan. Ularning orasida Abu Mansur Hasan ibn Nuh al-Qumriy nomi alohida eʼtiborga loyiq.
Al-Qumriy oʻzining ilmiy salohiyati, amaliy tajribasi va keng qamrovli tibbiy bilimlari bilan nafaqat oʻz davrida, balki undan keyingi asrlarda ham eʼtirof etilgan siymolardan biridir. Uning asarlari, ayniqsa, “Kitob al-gʻina va-l-muna” va “Kitob at-tanvir fi-l-istilohot at-tibbiyya” nomli asarlari bugungi tibbiy fanlar uchun ham bebaho manba boʻlib xizmat qilmoqda. U nafaqat davolash usullari, balki tibbiy terminologiyani yaratish, parhezshunoslik va kasb axloqi borasida ham chuqur iz qoldirgan.
Al-Qumriy — amaliyotchi shifokor, nazariy olim, tibbiy terminologiyaning asoschilaridan biri va eng muhimi — buyuk Ibn Sinoning ustozlaridan biri sifatida tarixga kirgan. U oʻz faoliyatini faqat bemorlarni davolash bilan cheklanib qolmay, balki tibbiy bilimlarni tizimlashtirish, ularni avlodlarga yetkazish, ilmiy maktab yaratish yoʻlida izchil mehnat qilgan.
Bugun biz sogʻliqni saqlash, parhez, tashxis va davolash uslublarining rivojlanishini oʻrganarkanmiz, koʻp hollarda Gʻarb olimlariga murojaat qilamiz. Ammo unutmangki, yevropaliklar ilm-fan sari yoʻlga chiqqanlarida, Buxoroda al-Qumriy allaqachon zamonaviy tibbiyot asoslarini yozib boʻlgan edi.
Hayoti va ilmiy faoliyati
Abu Mansur al-Qumriy X asr boshlarida Buxoro shahrida dunyoga kelgan. Uning hayoti va faoliyati shu shahar bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, u Buxoro amirlarining saroy tabiblaridan biri sifatida tanilgan. Al-Qumriyning eng muhim tarixiy jihatlaridan biri shundaki, u yosh Abu Ali ibn Sino — keyinchalik jahon tibbiyotining sultoni sifatida tanilgan buyuk allomaga birinchi ustoz boʻlgan. Ibn Sino tibbiyotdagi dastlabki nazariy va amaliy saboqlarni aynan al-Qumriydan olganini tarixiy manbalar tasdiqlaydi. Bu esa al-Qumriyning ilmiy salohiyati va pedagogik mahoratining qanchalik yuksak boʻlganini koʻrsatadi.
Ilmiy merosi va asarlari
Tarixiy manbalarga koʻra, Abu Mansur al-Qumriy tabobatga oid sakkizta asar yozgan. Afsuski, ularning faqat ikkitasi bizgacha yetib kelgan. Shunday boʻlsa-da, ushbu ikki asarning oʻziyoq al-Qumriyning oʻz davri va undan keyingi avlodlar uchun naqadar muhim ilmiy meros qoldirganini yaqqol koʻrsatadi.
“Kitob al-gʻina va-l-muna” (“Mufassal va istalgan kitob”)
Bu asar inson tanasining barcha aʼzolarini davolashga bagʻishlangan boʻlib, oʻz zamonida keng tarqalgan va yuqori baholangan. Asarning 40 dan ortiq qoʻlyozma nusxalari Osiyo, Afrika va Yevropa kutubxonalarida saqlanmoqda. Bu esa al-Qumriy ilmiy qarashlarining xalqaro miqyosda tan olinganini anglatadi. Mazkur kitobda u oʻzidan oldin va oʻziga zamondosh boʻlgan 30 dan ortiq tabiblar haqida ham maʼlumotlar keltirgan. Bu esa uni nafaqat amaliy qoʻllanma, balki tarixiy manba sifatida ham qimmatliligini koʻrsatadi.
“Tibbiy istilohlarni yorituvchi kitob”
Ikkinchi asari — bu izohli tibbiy lugʻat boʻlib, unda 350 dan ortiq atama va ularning chuqur tahlillari keltirilgan. Bu asarda al-Qumriy oʻsha davrdagi parhez ovqatlar, ichimliklar, hatto maxsus tibbiy moslamalar haqida ham maʼlumot bergan. Qizigʻi shundaki, bu tushunchalar boshqa mashhur tibbiy manbalarda, jumladan, Ibn Sinoning “Tib qonunlari”asarida ham uchramaydi. Demak, al-Qumriyning bu asari noyob va oʻziga xos ilmiy manba hisoblanadi.
Mazkur lugʻat XVI asrda Bobur va uning oʻgʻli Humoyun davrida Hindistonda yashagan tabib — Ismoil ibn Muhammad Yusuf tomonidan fors tiliga tarjima qilingan. 1991 yilda esa ushbu asar rus tiliga tarjima qilinib, Toshkentda chop etilgan. Bugungi kunda ham xalq tabobatida bu asardan foydalanilmoqda.
Ilm-fan rivojiga qoʻshgan hissasi
Abu Mansur al-Qumriy faqat oʻzining asarlari orqali emas, balki oʻzidan keyingi ulugʻ allomalarni tarbiyalash orqali ham ilm-fanga beqiyos hissa qoʻshgan. Ayniqsa, Ibn Sinoning shakllanishidagi roli tahsinga loyiq. U nafaqat Ibn Sinoning ustozlaridan biri, balki tibbiyotdagi ilk bilimlariga poydevor qoʻygan murabbiy boʻlgan. Shuning uchun ham al-Qumriy nomi nafaqat tarix sahifalarida, balki har bir ilmparvar qalbida ehtirom bilan tilga olinadi.
Abu Mansur al-Qumriy — bu nom oddiy tabib emas, balki ilm-fan yoʻlida umrini baxshida qilgan, oʻzining asarlari, shogirdlari va ilmiy yondashuvi orqali butun islom olami, hatto undan tashqarida ham chuqur iz qoldirgan alloma nomidir.
Bugungi kunda Abu Mansur al-Qumriy kabi buyuk allomalarimizning boy ilmiy merosini keng jamoatchilikka yetkazish, ayniqsa tibbiyot sohasi bilan shugʻullanayotgan yoshlarning ilmga qiziqishini oshirish dolzarb vazifalardan biridir. Shu maqsadda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida ushbu olimga bagʻishlangan maxsus ekspozitsiya tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Mazkur koʻrgazma orqali tashrif buyuruvchilar al-Qumriyning noyob qoʻlyozmalari, ilmiy qarashlari, davolash usullari va parhezga oid tavsiyalari bilan yaqindan tanishadilar. Shuningdek, u zamonda shakllangan sogʻliqni saqlash madaniyatining tarixiy ildizlari ham ochib beriladi.
Bu tashabbus ajdodlarimizning boy ilmiy merosini asrab-avaylash, uni zamonaviy tibbiyot bilan uygʻunlashtirib, yosh avlodga ilhom manbai sifatida taqdim etish yoʻlida muhim qadamlardan biridir. Zero, oʻz olimlariga munosib ehtirom koʻrsatgan xalqgina sogʻlom jamiyat va barqaror kelajak sari dadil yoʻl oladi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
