“OSOR UL-BOQIYA”- BERUNIYDAN QOLGAN YODGORLIK
Buyuk qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy (973-1047) qalamiga mansub boʻlgan bu asarda qadimgi xorazmiy, fors, arab, turk, yahudiy, hind, suryoniy va boshqa xalqlarning tarixi, tili, madaniyati, taqvimlari haqida hikoya qilinadi. Shuningdek, bu asar qadimgi dinlar, turli davrlarda yashagan sulolalar, podshohlar haqida ham qimmatli maʼlumot beriladi. Asar milodiy 1000 yilda yaratilgan boʻlib, uning bir qancha nusxalari bizgacha yetib kelgan. Shulardan eng qadimgi 1220 yilda Xorazmshohlar davrida koʻchirilgan.
Abu Rayhon Beruniy jahon fani tarixida qimmatbaho manba hisoblangan “Al-osor al-boqiya an al-qurun al-holiya” (“Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”) dastlabki asarini yozib, uni “Shams al-maoliy” laqabi bilan mashhur boʻlgan hukmdor Qobus ibn Vashmgirga bagʻishlagan. Qobus ibn Vashmgir hukmdorlar orasida ilm-maʼrifatli va adolatparvar inson hisoblangan. Oʻz saroyida boshpana berib, ilmiy ishlar olib borishga imkon yaratgan Jurjon hokimi Shams Maoliy Qobus ibn Vashmgir bagʻishlangan.
Abu Rayhon Beruniy bu asarini yozilishi haqida shunday yozgan: “Adiblardan biri mendan (turli) halqlar haqidagi tarixlar, ularning boshlanishlari va shoxobchalari, yaʼni oylar va yillari ustida u tarix egalarining ixtiloflari va bu ixtiloflar sabablari, mashhur bayramlar, turli vaqtlar va har xil yumushlar uchun belgilangan kunlar, millatlarning baʼzisi amal qilib, baʼzisi amal qilmaydigan boshqa (marosimlar) haqida soʻradi va meni imkon boricha ularni juda ravshan bayon etib, oʻquvchi fahmlaydigan, (turli) kitoblarni axtarish va u kitob egalarini surishtirishga ehtiyoj qoldirmaydigan (bir asar yozishga) daʼvat etdi”.
Beruniyning yozishicha, u “xalqqa adolatli, tangrining dini va xalqiga yordamchi, musulmonlar haramlarini qoʻriqlovchi, ular mulklarini talontarojlardan asrovchi yoʻlboshchi qilib, bandalarini oʻzidan minnatdor etdi”. Beruniy “Al-osor al-boqiya” asarida barcha mazhablarga nisbatan bagʻrikenglik bilan qarash tarafdori boʻlgan. Asar podshohlar va mashhur shaxslar tarixini yorituvchi va oʻsha davrning madaniyatini aks ettiruvchi tarixiy - etnografik asardir. Asarning qimmati shundaki, u islomgacha boʻlgan butun bir davr haqidagi yorqin tasavvurlarni bera olgan.
Mazkur asar Yevropada “Xronologiya” nomi bilan mashhurdir. Bu asarni Jurjonda olim 27 yoshida, yaʼni 1000 yili arab tilida yozib tugallagan. Buyuk allomaning bu asarida Xorazm, Movarounnahr va Oʻrta Osiyoning boshqa mintaqalarda yashagan xalqlar haqida ham muhim tarixiy-etnografik maʼlumotlar bayon etilgan.
Ushbu asarda yunonlar, rumliklar, eroniylar, sugʻdiylar, xorazmliklar, harroniylar, qibtiylar, xristianlar, yahudiylar, islomgacha davrdagi arablar, yil hisoblari bayram va mashhur kunlari, jumladan, Xitoy chegaralarigacha boʻlgan mintaqalarda yashovchi turkiy xalqlar, oʻgʻuz turklari va ularning eʼtiqodlari, urfodatlari hamda bayramlari bayon etilgan. Unda koʻp xalqlarning maʼnaviy hayoti va tarixiga oid maʼlumotlar mavjud.
Beruniyning Sugʻd va Xorazmga oid maʼlumotlari biz uchun ahamiyatlidir, chunki ularda tarix, din, urf-odat, odob-ahloq va anʼanalarning turli xalqlardagi koʻrinishlarini oʻrganb, har bir xalqning insoniyat taraqqiyotida oʻz oʻrnini ilmiy jihatdan isbotlab bergan.
Allomaning yozishicha, sugʻdiylarda, Movsat oyining birinchi kuni Navroʻz hisoblanadi. Muallif Xorazmliklar bayrami haqida alohida toʻxtalib, navsarjiy oyida yil boshi (Navroʻzdir) deb takidlagan.
Beruniy ushbu asarida Zardushtiylar bayram taqvimlari, boshqa turli sayillar hamda urf-odatlar haqida mufassal maʼlumotlar berilganki, bu alohida ilmiy tadqiqotni talab qiladi, albatta.
Oʻz davrida ushbu nodir asarga S.P.Tolstov yuksak baho bergan edi: “Beruniyning dunyo xalqlarining sana hisoblari toʻgʻrisida hikoya qiluvchi “Al Osor al-Boqiya” degan dastlabki asarlaridan biri bizning zamonamizga qadar yetib kelgan. Xorazmlik olimning favqulodda koʻp narsani bilishidan dalolat beruvchi bu asari turli xalqlarning madaniyati, falsafasi, astronomiya va din toʻgʻrisda maʼlumot beruvchi chinakam xazinadir”.
Demakki, jahon sivilizatsiyasi ravnaqiga oʻzining yirik ilmiy kashfiyotlari bilan salmoqli hissa qoʻshgan, Oʻrta Osiyo birinchi Uygʻonish (Renessans) davrining yirik namoyandasi, qomusiy olim Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asaridagi boy etnografik maʼlumotlar oʻzbeklarning tarixi, kelib chiqishi (etnogenezi), etnik tarixi va etnomadaniyatini yanada teranroq oʻrganib, yanada salmoqli va toʻlaqonli ilmiy-tadqiqotlar yaratishda eng qimmatli va noyob manbalardan biri sanaladi.
Durdona Rasulova
P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
