Jahonning oltin fondida saqlanayotgan kitoblarni endi hamma qoʻlga olib oʻqiy oladi
 
  
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining “Birinchi Renessans davri” boʻlimida dunyo kutubxonalarida eksponat sifatida saqlanayotgan noyob kitoblarning nusxalari namoyish etiladi. Eng quvonarlisi, odatda faqat vitrina orqali, ochiq sahifasi orqaligina koʻrish mumkin boʻlgan kitoblarni endilikda qoʻlda ushlab, istalgan betini ochib oʻqish imkoni paydo boʻladi.
Mazkur megaloyiha ekspozitsiyasini yanada boyitish va takomillashtirish maqsadida maxsus ishchi shtab tuzilgan boʻlib, Italiyaning “Magistr Art” kompaniyasi va “Birinchi Renessans davri” boʻlimi ishchi guruhi ekspozitsiya dizayni ustida jadal faoliyat yuritmoqda.
Ayni paytda boʻlimning umumiy dizayni tasdiqlangan, hozirda esa unda namoyish etiladigan eksponatlar saralanmoqda. Bugungi muhokama jarayonida koʻplab muhim masalalar atroflicha koʻrib chiqildi. Jumladan, ekspozitsiyadagi kitoblarni qay tartibda va qay shaklda joylashtirish masalasi ham muhokama etildi. Ular original, faksimile, multimedia hamda vitrina osti koʻrinishida namoyish etilishi rejalashtirilmoqda.
Takliflar orasida, ayni davrga oid jahon oltin fondida saqlanayotgan kitoblarning arzon shakldagi nusxalarini yaratish va ularni koʻrgazmadagi alohida burchakda har kim erkin oʻqib chiqishi mumkin boʻlgan shaklda taqdim etish gʻoyasi ham alohida eʼtirof etildi. Bu esa kitob ixlosmandlari uchun ayni muddao boʻladi.
Shuningdek, ekspozitsiyada Qusam ibn Abbos va Abu Hafs Kabirning qabr toshlarining maketlari ham oʻrin oladi.
Maʼlumot uchun, “Birinchi Renessans davri” boʻlimi tarkibiga “Kashfiyotlar devori”, yettita turli mavzudagi kapsula, arxitektura va tarixiy maketlar kabi yirik ekspozitsion elementlar kiritilgan.
Ko‘p o‘qilgan
 
          Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
 
          Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
 
          Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
 
           
     
     
     
    