"Abushqa" — Navoiy asarlarini anglash kaliti
“Abushqa” Alisher Navoiy asarlari uchun “Turkiy-chigʻatoyi” lugʻati
Sankt-Peterburg, Rossiya Milliy kutubxonasi, Dorn 594
1560, Istanbul.
Alisher Navoiy asarlari uchun lugʻatlar tuzish turli sulolalar davrida amalga oshirilgan. Xususan, safaviylar, ustoniylar, boburiylar va boshqa sulolalar davrida Navoiy asarlarini tushunish uchun koʻplab lugʻatlar tugʻilgan. Usmoniylar davrida 1560 yilda Istanbulda tuzilgan bu lugʻat shartli ravishda “Abushqa” deb nomlanadi. Chunki kitob aynan chigʻatoy turkchasidagi “Abushqa” soʻzini izohlash bilan boshlanadi. Asar muqaddimasi eski oʻzbek tilida yozilgan boʻlsa-da, unda eski oʻzbek tilidagi minglab soʻzlarning usmonli turkchasidagi muqobillari keltirilgan.
Ayni paytda ushbu qoʻlyozma Sankt-Peterburgdagi Rossiya Milliy kutubxonasida, Dorn toʻplamida №594 raqami ostida saqlanadi. Eʼtiborlisi shundaki, mazkur asarning debochasi aynan navoiy uslubida, eski oʻzbek tilida bitilgan.
"Abushqa" — Navoiy asarlarini anglash kaliti
Alisher Navoiy asarlarini chuqur tushunishni istaganlar uchun muhim manba boʻlgan «Abushqa» lugʻati XVI asrda Turkiyada tuzilgan izohli lugʻatlardan biri hisoblanadi. Muallifi nomaʼlum boʻlgan bu asar oʻzbek adabiyoti va tilshunosligida muhim oʻrin tutadi.
Lugʻatning «Abushqa» deb nomlanishi uning aynan shu soʻzdan — yaʼni eski oʻzbek tilidagi “keksa”, “qari”, “nuroniy” maʼnolarini anglatuvchi soʻzdan boshlanishi bilan bogʻliq. Ushbu lugʻatda nafaqat Navoiyning oʻziga xos uslubi, balki u yashagan davrning tili va maʼnaviy muhiti aks etgan.
Qiziqarlisi, lugʻatda Alisher Navoiy asarlari bilan bir qatorda uning zamondoshlari tomonidan yozilgan asarlardan ham misollar keltirilgan. Bu esa “Abushqa”ning faqatgina bir shoir yoki bir tilga emas, balki butun bir davrning adabiy muhitiga xizmat qilganini koʻrsatadi.
“Abushqa”ni tuzishda XV asrda hirotlik Toleʼ Imoniy tomonidan ishlab chiqilgan oʻzbekcha-forscha "Badoyeʼ ul-lugʻat" lugʻatidan keng foydalanilgani ham uning ilmiy asoslarga tayanganligini anglatadi. Bu lugʻat oʻz zamonida Navoiy ijodini fors tilida anglash istagida boʻlganlar uchun koʻp koʻmak bergan.
“Abushqa” ilk bor 1862 yilda Budapeshtda sharqshunos Arminiy Vamberi tomonidan Vengriyada nashr etilgan. Keyinchalik, rus sharqshunosi V. Velyaminov, Zernov uni Rossiyada "Al-lugʻat un-Navoiy val-istishhodot ilchigʻatoiya" — "Chigʻatoy tilidan shohidlik keltiruvchi Navoiy lugʻati" nomi ostida chop etdi. Bu tahrir lugʻatni keng xalqaro ilm-fan maydoniga olib chiqdi.
Hozirgi kunda “Abushqa” lugʻati oʻzbek tilining boyligi, Navoiyning tili va badiiy uslubini anglashda betakror manba sifatida qimmatlidir. U nafaqat tilshunoslar, balki adabiyotshunoslar, tarixchilar va keng kitobxonlar qatlami uchun ham muhim qoʻllanma hisoblanadi.
Durdona Rasulova
P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
