AQShda saqlanayotgan Sharq adabiy merosiga oid noyob manba

Oʻz davrida tarixchilar uchun ilmiy asos boʻlib xizmat qilgan, Eron va Turon hududlari, arab xalifaligi, somoniylar, saljuqiylar va gʻaznaviylar singari davlatlar tarixi chuqur tahlil etilgan sharq adabiy merosining bir nodir qoʻlyozma nusxasi ayni paytda AQShning Los-Anjeles shahridagi Davlat Sanʼat muzeyida saqlanmoqda. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ayni paytda ushbu noyob manbani yurtga qaytarish harakatida...
Bu noyob manba mashhur tarixchi Hofizi Abru (1360–1431) tomonidan yozilgan “Majmaʼ ut-tavorix” asarining qoʻlyozma nusxasidir. Mazkur asarning bir nodir qoʻlyozma nusxasi hozirgi kunda AQShning Los Anjeles shahrida joylashgan Davlat Sanʼat muzeyida, Nasli M. Heeramaneck kolleksiyasida saqlanmoqda. Bu nusxa 1425 yilda, Hirotda yaratilgan boʻlib, oʻsha davrdagi ilmiy va sanʼat darajasini aks ettiradi.
Islom tarixi va Markaziy Osiyo hududidagi davriy voqealarni oʻrganishda muhim manba hisoblangan bu asar taxminan 1414 yili tugallangan. “Majmaʼ ut-tavorix” asari temuriylar davrining ilmiy va maʼnaviy hayotining yorqin namunasi sifatida eʼtirof etiladi.
Hofizi Abru asari toʻrt qismdan iborat boʻlib, uning mazmuni islom olami va mintaqaviy davlatlar tarixi bilan chambarchas bogʻliq. Asarda Eron va Turon hududlari, arab xalifaligi, somoniylar, saljuqiylar va gʻaznaviylar singari davlatlar tarixi chuqur tahlil etilgan. Xususan, Amir Temur va temuriylar sulolasi davridagi muhim voqealarga alohida eʼtibor qaratilgani asarning ahamiyatini yanada oshiradi.
“Majmaʼ ut-tavorix” nafaqat oʻz davridagi, balki keyingi tarixchilar uchun ham ilmiy asos boʻlib xizmat qilgan. Xususan, Abdurazzoq Samarqandiyning “Matlaʼus-saʼdayn” va Mirxondning “Ravzatus-safo” kabi mashhur tarixiy manbalar aynan Hofizi Abru asaridan ilhomlangan holda yaratilgan.
Ushbu asarning bir sahifasi Londonda oʻtkazilgan auksion savdolari orqali Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasiga keltirilishi kutilmoqda.

Hofizi Abroʻ – Temuriylar davrining mashhur tarixchisi va geografi
Hofizi Abru, toʻliq ismi Shahobuddin Abdulloh ibn Lutfilloh ibn Abdurrashid al-Havofiy, 1361/62 yili Hirotda tugʻilib, 1430 yili Zanjonda vafot etgan mashhur tarixchi va geograf hisoblanadi. U Amir Temur va uning oʻgʻli Shohrux saroylarida tarixnavis sifatida faoliyat yuritgan.
Hofizi Abruning asarlari orasida «Zayli Zafarnomai Shomiy», «Zayli Jomiʼ ut-tavorix», «Tarixi Hofizi Abru», «Majmua at-tavorixi sultoniya» va «Zubdat ut-tavorixi Boysunquriy» kabi tarixiy va tarixiy-geografik asarlar bor.
«Zayli Zafarnomai Shomiy» asari Nizomiddin Shomiyning «Zafarnoma»siga ilova sifatida yozilgan boʻlib, 1405 yilgacha boʻlgan tarixiy voqealarni oʻz ichiga oladi. «Zayli Jomiʼ ut-tavorix» esa Rashiduddin Fazlullohning mashhur «Jomiʼ ut-tavorix» asarining davomi boʻlib, Eronning 1304–1370 yillar oraligʻidagi tarixini bayon etadi.
Hofizi Abruning shoh asari
«Tarixi Hofizi Abru» nomli tarixiy-geografik asari dunyoning doira shaklidagi xaritasi bilan ajralib turadi. U yerda gradus toʻri chizilgan boʻlib, geograflar ushbu asarni Hofizi Abruning shoh asari deb hisoblaydilar. Bu asarda yer yuzidagi suvlar, togʻ-toshlar, mamlakatlar va ulardagi shahar-qishloqlar, shuningdek Fors, Kermon, Xurosonning batafsil geografiyasi va tarixi, Movarounnahrning geografik xususiyatlari bayon etilgan. Samarqand, Buxoro, Kesh, Naxshab, Termiz kabi shaharlar hamda Jayhun, Sayhun, Murgʻob va boshqa daryolar, mamlakatlar va viloyatlarning kenglik va uzunliklari koʻrsatilgan, shuningdek, masofalar va maydonlarni izohlovchi farsang, oylik yoʻl va kunlik yoʻl kabi birliklar berilgan.
1423-1427 yillarda yozilgan «Majmua» (yaʼni «Toʻplam») asari Shohrux saltanati tarixini 1417 yilgi voqealar bilan yakunlaydi. Uning toʻrtinchi jildi boʻlgan «Zubdat ut-tavorixi Boysunquriy»da tarixiy voqealar 1417 yilgacha yetkazilgan. Hofizi Abruning asarlarida ijtimoiy-iqtisodiy maʼlumotlar, bizgacha yetib kelmagan boshqa asarlardan parchalar hamda muallifning oʻz davriga oid xabarlari keng joy olgan.
Shuningdek, Hofizi Abruning qoʻlyozma asarlari Sankt-Peterburg, Oksford va Toshkentning yirik kutubxonalarida saqlanadi.
Durdona RASULOVA
P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi